"Toshkent rasman davlat ichida davlatga aylandi"

Image caption Yangi yo‘riqnoma Toshkent shahri va viloyatiga vaqtinchalik propiska qo‘yish tartibini yanada qiyinlashtirishi aytilmoqda

Propiska bo‘yicha yangi tartibga ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari mana shunday ta‘rif berishmoqda. Yangi yo‘riqnomada Toshkent shahri va viloyatiga 5 kundan ortiq muddatga kelgan viloyatliklar Ichki ishlar idoralarida ro‘yxatdan o‘tishi belgilab qo‘yilgan.

16 may kuni Ichki ishlar vaziri Adham Ahmadboyev tomonidan imzolangan hujjat matni 4 iyul kuni internet nashrlarida chop qilindi.

Yangi yo‘riqnoma Toshkent shahri va viloyatda ro‘yxatdan o‘tish tartibini mahalliy uchastka nozirlari zimmasidan olib yana xorijga chiqish, kelish va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘limlariga yuklanadi.

2012 yil sobiq Ichki ishlar vaziri Bahodir Matlyubov tomonidan imzolangan yo‘riqnoma Toshentda propiska tartibini osonlashtirishi ko‘zda tutilgandi. Ammo ushbu tartib ko‘p amal qilmadi.

2015 yilga kelib rasmiylar Toshkentga vaqtinchalik propiska qilishni deyarli to‘xtatib qo‘yishdi va bunga biror rasmiy izoh berishgani yo‘q.

Yangi yo‘riqnoma Toshkent shahri va viloyatiga vaqtinchalik propiska qo‘yish tartibini yanada qiyinlashtirishi aytilmoqda.

Yo‘riqnomada eskisida bo‘lgani kabi viloyatlardan Toshkent shahri va viloyatiga 5 kundan ortiq muddatga kelgan beshikdagi go‘dakdan tortib qariyalargacha belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tish talab qilinadi.

Masalan, Toshkentga bir haftaga 2 oylik chaqalog‘i bilan kelgan viloyatlik 7 kun yashash huquqiga ega bo‘lish uchun bolasini suratga tushirishi, pasportidan nusxa olishi, ariza yozishi, uy egasining notarial tasdiqdan o‘tgan roziligi, turar joy hujjatlari nusxasi, davlat boji to‘lashi, agar uy egasi yaqin qarindoshi, masalan akasi bo‘ladigan bo‘lsa, ushbu qarindoshlikni tasdiqlaydigan hujjatlarni taqdim qilishi kerak.

Yo‘riqnomadagi talab qilinadigan hujjatlar ro‘yxatiga notarial tasdiqlangan qog‘ozlarning ham qo‘shilishi shusiz ham har kuni turnaqator navbat hosil qiluvchi notarial idoralarda odamlar sonining ko‘payishiga olib kelishi taxmin qilinmoqda.

Biroq ushbu hujjatlarning to‘planishi viloyatlik O‘zbekiston fuqarosining Toshkentda vaqtincha propiskadan o‘tishini kafolatlamaydi.

Chunki 2012 yilda qabul qilingan yo‘riqnomada ko‘rsatilgan hujjatlarni to‘plagan fuqarolar ikkinchi 6 oylikka propiskaga qo‘yishda jiddiy to‘sqinliklarga duch kelishgan.

Yangi yo‘riqnomada ham eskisida bo‘lgani kabi 6 oydan keyin yana propiskaga qo‘yishni istovchi fuqarolarga qanday tartib amal qilishi ko‘rsatilmagan.

Eski tartib bo‘yicha, xususiy tadbirkor va firmalar viloyatdan ishchilarni vaqtinchalik propiskadan o‘tkazishi cheklangan edi.

Yangi tartibda ham shunday bo‘lishi kutilmoqda.

Kuzatuvchilar hukumatning bu kabi qarorlari O‘zbekiston fuqarolarining konstitutsiyada belgilab qo‘yilgan erkin harakatlanish huquqlarini qo‘pol ravishda buzishini ta‘kidlashadi.

Ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari propiska to‘g‘risidagi yo‘riqnomani o‘ziga xos kinoya va g‘azab bilan qarshi olishgan.

"Toshkent rasman ichimizdagi "chet elga" aylandi. Birinchidan ro‘yxatdan o‘tish pullik va bir dunyo hujjat", - deydi Twitter foydalanuvchilaridan biri.

Internetdagi ayrim foydalanuvchilar ushbu tartib hukumatning har narsadan hadiksirab qolganini anglatishini aytgan.

  • BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ - BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon
  • bbcuzbek.comga to‘siq bo‘lsa, uzbekweb.netga kiring

Bu mavzuda batafsilroq