Iroq urushi "noto‘g‘ri ma‘lumotlar"ga asoslangan

Image copyright EPA

Britaniya Saddam Husaynni qurolsizlantirishning barcha tinch yo‘llarini ishga solmay turib Iroqqa urush ochgan, deyiladi uzoq kutilgan tekshiruvning hisobotida.

Tekshiruvning raisi Ser Jon Chilkotning aytishicha, 2003 yilgi Iroq ishg‘oli noto‘g‘ri xavfsizlik ma‘lumotlariga asoslangan va ular savol ostiga olinmagan.

Toni Bleyr esa, "aniq ogohlantirishlar"ga qaramay, urushning Iroq va mintaqaga qanday ta‘sir qilishi mumkinligini to‘g‘ri baholay olmagan, deyiladi tekshiruv xulosasida.

Britaniyaning sobiq bosh vaziri Toni Bleyr Iroq urushiga muxolif faollar, hamda 2003 va 2009 yillar orasida Iroqda halok bo‘lgan 179 britan askarlari va fuqarolarining oilalaridan kechirim so‘rash borasida yana bosim ostida qolishi kutiladi.

Yetti yil davom etgan tekshiruvning xulosasi nihoyat "Iraq Inquiry" web saytida chop qilindi.

Iroq urushi o‘zi nima?

2003 yil martida ishg‘olga yetakchilik qilgan AQSh mazkur urushda 4487 harbiysidan ayrilgan. Iroqliklar o‘limi borasidagi ko‘rsatkichlar 90 mingdan 600 minggacha.

Olti haftacha davom etgan urush Saddam Husaynning Iroqdagi 25 yillik rejimiga yakun yasadi, ammo undan keyin yuzaga kelgan mazhablar aro zo‘ravonliklar hali ham minglab odamlarni nobud qilmoqda.

Eng ko‘p talafotli hujumni o‘tgan dam olish kunida o‘zini Islomiy Davlat deb atovchi jangari guruh amalga oshirdi. Uning hudkushlik hujumlari Iroq poytaxti Bag‘dodda 250dan oshiq odamni o‘ldirdi.

Hisobotning asosiy jihatlari

2,6 million so‘zdan iborat hisobot janob Bleyr yoki boshqa vazirlar xalqaro qonunlarni buzgan yo buzmaganligi borasida qaror chiqarmaydi.

Ammo, o‘zi ham sobiq hukumat rasmiysi bo‘lgan Ser Jon urushgacha va urushdan keyin yuzaga kelgan vaziyatni qattiq tanqid ostiga olgan.

Uning aytishicha, Iroq urushi qattiq izdan chiqqan va uning oqibatlari bugungacha sezilmoqda.

U o‘z qudrati haqida "o‘ta optimistik baholashlar" qilgan harbiy qo‘mondonlarni ham qattiq tanqid qildi.

Ammo, hisobotning taqdimot marosimida qilgan nutqida Ser Jon avvalo janob Bleyr va uning vazirlari urushning nega zarurligi haqida deutatlarga qanday ma‘lumot taqdim qilishganini qoraladi.

"Iroqning ommaviy qirg‘in qurollaridan keladigan yirik tahdid borasidagi ishonch asossiz bo‘lib chiqdi. Aniq ogohlantirishlarga qaramay, ishg‘olning oqibatlari yetarlicha baholanmagan", - dedi Chilkot.

Bleyr va Bush muloqoti

AQShda 2001 yil 11 sentyabrida 3000dan oshiq odamni nobud qilgan hujumlar ortidan Vashingtonda Saddam Husaynga qarshi urush ochish rejalari yetila boshlagan.

Hisobotning xulosasiga ko‘ra, janob Bleyr o‘zining AQShdagi Iroq bo‘yicha qarorlarga ta‘sir qilish qobiliyatiga ortiqcha baho bergan.

Chilkot janoblariga ko‘ra, Bleyr Iroq ishg‘olidan deyarli bir yil avval AQSh Prezidenti Jorj Bushga Britaniya "nima bo‘lsa ham" unga hamroh bo‘lishini va‘da qilgan. Uning bu va‘dasi Bleyr va Bush o‘rtasida bo‘lgan 29ta muloqot yozishmalari bilan birga hisobotga ilova ravishda chop qilindi.

Muloqotlardan ayon bo‘lishicha, Bleyr va Bush hatto 2001 yilda Saddam Husaynni qulatishni muhokama qilganlar. 2001 yil dekabrida qilingan memoga ko‘ra, Bleyr Bushga Afg‘onistondagi harbiy amaliyotlar odamlar orasida Iroq urushi zarurati bo‘yicha ijobiy qarashlarni paydo qilishini aytgan.

Britaniya 2003 yil martida Iroq ishg‘oliga ruxsat beruvchi BMT xavfsizlik kengashi rezolyutsiyasiga erisha olmaganida, janob Bleyr va uning tashqi ishlar vaziri Jak Stro Frantsiyani BMTni boshi berk ko‘chaga kiritib qo‘yishda ayblashgan, hamda Britaniya xalqaro hamjamiyat nomidan amal qilayotganini aytishgan.

Ammo, Ser Jon xulosasida buning aksi bo‘lgani aytiladi. "Harbiy amaliyotni ko‘pchilik qo‘llab-quvvatlamagan bir holda, aslida, Britaniya Xavfsizlik Kengashi nufuziga putur yetkazgan", - dedi u.

Xavfsizlik xizmatlar xatolari

Urushdan bir kun avval parlamentda chiqish qilgan janob Bleyr deputatlarga yuzlanib, Iroqdagi ommaviy qirg‘in qurollarining terror guruhlari qo‘liga tushib qolishi xavfi Britaniya uchun katta tahdid ekanini aytgandi.

2002 yilda esa Bleyr Saddam Husaynning biologik va kimyoviy qurollar arsenali Britaniyaga qarshi 45 daqiqa ichida amalga oshiriligi mumkinligini aytgan.

Ser Jon Chilkot bu kabi ishonch asossiz bo‘lganini aytdi.

"Janob Bleyr harbiy amaliyot Al-Qoidaning Britaniyaga tahdidini oshirishi haqida ogohlantirilgan. U, shuningdek, Iroq ishg‘oli u yerdagi qurollarning terrorchilar qo‘liga o‘tib qolishiga yetaklashi mumkinligi haqida ham ogohlantirilgan", - dedi Ser Jon.

Urushning qonuniyligi

Ishg‘oldan avval Britaniya bosh prokurori Lord Goldsmit Bleyrga BMT ruxsatini olishni maslahat bergan, ammo diplomatik urinishlar ish bermaganida, bosh prokuror unga Iroq ishg‘oli avvalgi BMT rezolyutsiyalari asosida qonuniy ekanini aytgan.

Ser Jonning aytishicha, uning hisoboti urushning qonuniy yo qonuniy bo‘lmagani borasida qaror bermaydi, chunki unda ko‘rsatma berganlar ont ichmaganlar, hisobot xulosasi esa qonuniy kuchga ega emas.

Lekin, uning qo‘shimcha qilishicha: "Britaniyaning harbiy amaliyot uchun qonuniy asosi bor deya qaror qilinishi atrofidagi vaziyat umuman qoniqarli bo‘lmagan".

  • BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ - BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon
  • bbcuzbek.comga to‘siq bo‘lsa, uzbekweb.netga kiring