Turkiya portlashlarida Rossiya izi: haqiqat va to‘qima

Image copyright Reuters

Mustaqil Dogan axborot agentligiga ko‘ra, seshanba kuni Turkiya hukumati 45 insonning o‘limiga sabab bo‘lgan Istanbul aeroportidagi portlashlarda gumonlangan 11 rossiyalikni vaqtinchalik hibsda qoldirgan.

BBCning Istanbuldagi manba‘larining aytishicha, hibsdagilar orasida uch rossiyalik borligi aniq.

Seshanba kuni yana 17 kishi ushlangan. Ulrning hammasiga "qurolli terroristik tashkilotga a‘zolik" ayblovi ilgari surilgan.

Shu tariqa portlashga aloqadorlik bilan hibsga olinganlarning soni 30 taga yetgan.

Yana bir nechta rossiyalik Istanbul, Antaliya, Izmir va boshqa shaharlarda o‘tkazilgan amaliyotlarda qo‘lga olingan. Ammo musulmon faollarining ta‘kidlashlaricha, hibsdagilarning ko‘pchiligi portlashlarga aloqasi yo‘q.

"Mamlakatning asosiy havo darvozasi oldida bu kabi hodisaning sodir etilishini bartaraf eta olmagan Turkiya xavfsizlik kuchlarining xatosini, sustkashligini qandaydir qilib xaspo‘shlash kerak, deydi huquq himoyachisi Salmon Sever BBCga.

Hibsga olinganlar haqida nima ma‘lum?

BBCga aytishlaricha, Istanbuldagi portlashlardan so‘ng, shahardagi kelib chiqishi rossiyalik bo‘lgan musulmonlar yashaydigan joyga xavfsizlik xizmati xodimlari kelishgan.

Portlashning ertasi kuni ufalik muhojir Tohir Minibayev ushlab ketilgan. U Rossiyada taqiqlangan "Hizb ut-Tahrir" guruhining a‘zosi hisoblanadi.

Rossiyalik bir qancha tahlilchilar musulmonlarning radikallashishiga xizmat qilishda ayblasalarda, Hizb ut Tahrir guruhi IDning harakatlarini bir necha bor qoralab chiqqan.

Minibayev Rossiyadagi xavfsizlik xizmatlari ta‘qibidan qochib, bir necha yil oldin Turkiyaga oilasi bilan ko‘chib kelgan. Do‘stlarining aytishicha, endi uni Rossiyaga ekstraditsiya qilishlari mumkin.

Istanbul aeroporti yaqinida yana ikki rossiyalik, taxmin qilinishicha, ikki dog‘istonlik hibs qilingan.

Qo‘lga olingan 13 kishining aksariyati turkiyaliklar.

Istanbuldagi dog‘istonliklar jamoasi yurtdoshlarining qo‘lga olinganini tasdiqlagan, biroq ularning soni aniq emasligini aytishgan. "Turkiyadagi muhojirlar ko‘pchilik. Ular har doim ham bir biri bilan munosabati bo‘lmasligi tayin. IShIDchilar ichida esa turli milliy belgiga qarab ajratilmaydi. Bu g‘oya tarafdorlari ko‘pincha alohida guruh. Shu boisdan mo‘‘tadil diniy qarashdagi jamoa a‘zolari radikal oqimga aloqador yurtdoshlaridan xabarsiz bo‘lishlari mumkin", deb aytadi Turkiyada yashovchi shimoliy qovqozlik Soslanbek Isayev.

Politsiyaning va mahkamaning olib borayotgan faoliyati to‘g‘risida ma‘lumot kamligi bois, vaziyat ham noaniq.

Turkiya aeroportidagi portlashlardan so‘ng fojeani yoritish bo‘yicha vaqtinchalik, biroq qattiq cheklovlar kiritilgan. Natijada, jurnalistlar ko‘pincha anonim manba‘larga tayanib xabar tarqatishlariga to‘g‘ri kelmoqda.

Qo‘lga olish nimaga asoslangan?

Turkiyada hukumat bosimlari ostida vatanini tark etgan ko‘plab rossiyaliklar yashashadi. Rossiyada ularga qarshi ekstremizm va Suriyadagi jangovor harakatlarda qatnashganlik bo‘yicha jinoiy ishlar qo‘zg‘atilgan. Ko‘pchilik musulmonlar bu ayblovlar siyosiyligini ta‘kidlaydilar. Ular Turkiyada ham xavfsiz yashamayotganliklarini aytishadi.

Jinoiy ishlar bo‘yicha ikki tomonlama hamkorlik kelishuviga binoan, Turkiyada doimiy tarzda dindor rossiyaliklar ushlanib, vataniga deportatsiya qilib kelinadi.

"Qo‘lga olish sababi noma‘lum. Ko‘pincha IShIDga umuman aloqasi bo‘lmagan, Erdo‘g‘on siyosatini quvvatlab keladigan musulmonlar ham ushlanadi, deydi "Islom ovozi" saytining muharriri Dmitriy Chernomorenko BBCga.

"Bu yerda xulosa qilish ham mushkul. Hibslar turk xavfsizlik xizmati tomonidan uyushtirilganmi yoki Rossiya FXX tomonidan yuborilgan so‘rov bilanmi, tushunib bo‘lmaydi", deb qayd etadi u.

O‘tgan hafta Turkiya hukumati Istanbuldagi hujumda ishtirok etganlar "Rossiya, O‘zbekiston va Qirg‘iziston fuqarolari" bo‘lganini bildirgandi. Ommaviy axborot vositalari rossiyalik, asli shimoliy qovqozlik bo‘lganini yozgan, biroq bu hozircha tasdiqlanmagan.

Kecha, chorshanba kuni Turkiya Prezidenti Erdo‘g‘on qo‘lga olinganlar Rossiya, Qirg‘iz va Tojikiston fuqarosi ekanini ma‘lum qildi.

Qirgʻiziston va Tojikiston Tashqi Ishlar vazirliklari bu xabar orqasidan tekshiruv oʻtkazayotganlarini maʼlum qilishgan.

Anqaradagi Qirgʻiziston konsulligiga koʻra, Istanbul aeroportida oʻzini portlatgan shaxs haqiqatdan ham Qirgʻiziston fuqarosi boʻlgan yoki yoʻqligi ularga hozircha nomaʼlum.

"Balki unda soxta pasport boʻlgan boʻlishi mumkin, buni tekshiryapmiz", deb aytgan konsullik vakili Ayimxan Kulukeyeva.

Turkiya qurolli kuchlari bosh qarorgohi ma‘lumotlariga ko‘ra, 2015 yilda 913 kishi IShID safiga kirishga urinishda ayblanib qo‘lga olingan. Ularning 99 tasi, ya‘ni har o‘ntasi rossiyalik ekanini aytgan. Ularning barchasi Rossiyaga topshirilgan.

  • BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBCUZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ - BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon
  • bbcuzbek.comga to‘siq bo‘lsa, uzbekweb.netga kiring