Messi va otasi qamoq jazosiga hukm qilindi

Image copyright Getty
Image caption Qoralov tomoniga ko‘ra, Messi va otasi 4,1 million yevro miqdorida soliqni to‘lamaganlar

Ispaniya mahkamasi Ispaniyaning "Barselona" jamoasi futbolchisi Lionel Messini soliq to‘lashdan bo‘yin tovlash, soliq firibgarligida aybdor topib, 21 oy qamoq jazosiga hukm qilgan.

Shu bilan birga, bu ish bo‘yicha mahkamaga tortilgan Messining otasiga ham shuncha muddat tayinlangan.

Bundan tashqari futbolchi 2 million yevro (2,2 mln dollar) miqdorda, uning otasi esa 1,5 million yevro jarima to‘lashi kerak bo‘ladi.

Ikkala sudlanuvchi ham uch holat bo‘yicha soliq to‘lamaganlikda aybdor deb topilganlar.

Avvalroq yulduz futbolchi o‘zi va otasi "hech qachon hech qanday qallobliklarga qo‘l urishmagani, soliqlarni doimo o‘z vaqtida to‘lab kelishgani"ni ta‘kidlagandi.

Biroq Messi va uning otasi belgilangan muddatni qamoqda o‘tkazmasalar kerak. Ispaniya qonunchiligiga binoan, ikki yildan kam muddat odatda shartli o‘taladi, deb xabar beradi Reyter axborot agentligi.

Image caption Messi va otasi ayblovlarni inkor etishgan

Shuningdek, Messi va otasida hukm ustidan Ispaniya Oliy mahkamasiga arz qilish huquqi bor. Ular albatta bu huquqlaridan foydalanishlari kutilmoqda.

Futbolchi Messi va uning otasiga nisbatan ayblov 2013 yil yozida ilgari surilgan, mahkama shu yil iyun oyida boshlangandi. Majlis davomida mahkama futbolchining Danone, Adidas, Pepsi-Cola va boshqa shirkatlar bilan tuzgan reklama shartnomalarini ko‘rib chiqqan.

Messining suratini bosish huquqidan tushgan daromad "Banco Sabadell", "Danone", "Adidas", "Pepsi-Cola", "Proctor and Gamble" va Quvayt Oziq-ovqat shirkati bilan imzolangan shartnomalar bilan bog‘liq.

Qoralov tomoniga ko‘ra, Messi va otasi 4,1 million yevro miqdorida soliqni to‘lamaganlar. Buning uchun ular ofshor yo‘llardan foydalanganlar, deb hisoblaydi prokurorlar.

Mahkama yig‘ilishida Messi o‘z daromadlari bilan bog‘liq ishlar bilan shug‘ullanmagani, futbol bilan band bo‘lganini bildirgan.

Argentinalik Lionel Messi futbol tarixidagi eng kuchli o‘yinchilardan sanaladi. U dunyodagi eng yaxshi futbolchiga beriladigan FIFAning "Oltin to‘pi"ni besh marta qo‘lga kiritgan.

Image copyright Reuters
Image caption Messi xalqaro futbolda o‘ynamasligini e‘lon qildi

Joriy yilning iyun oyida 29 yoshli futbolchi Argentina terma jamoasi uchun o‘ynashni nihoyasiga yetkazganligini e‘lon qildi.

Uning bu murojaati Argentina jamoasi Amerika Kubogi finalida Chili jamoasidan mag‘lubiyatga uchrashi orqasidan yangradi.

Bu o‘yinda Messi jarima to‘pini raqib darvozasiga kirita olmadi.

"Men uchun milliy jamoa uchun chiqish yakuniga yetdi. Men qo‘limdan kelgan hammasini qildim, lekin chespionlikka yetishmaslik juda og‘riqli", degan u jurnalistlarga o‘yindan so‘ng.

Lionel Messi dunyoning eng ko‘p maosh oluvchi sportchilaridan biri sanaladi.

Uning "Barselona"dagi yillik sof daromadi 15 milliondan ortiqligi aytiladi.

Lionel Messi futboldan tashqari homiylik qilish bilan shug‘ullanuvchi dunyoning ko‘plab shirkatlari bilan bir necha million dollarlik shartnomalar ham imzolagan.

  • BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ - BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon
  • bbcuzbek.comga to‘siq bo‘lsa, uzbekweb.netga kiring

Bu mavzuda batafsilroq