Tojik advokatlari ishida 'ekstremizm alomati' topishdi

Image caption "Islom Uyg‘onish partiyasi" a‘zolarini mahkamada himoya qilmoqchi bo‘lgan advokat Buzurgmehr Yorovning o‘zi ham hibsga olingan

Tojikistondagi bir qancha o‘qituvchi va masjid imomlari hibsdagi ikki himoyachi Buzurgmehr Yorov va Nuriddin Mahkamov faoliyatida "ekstremizm va konstitutsion tuzumni ag‘darishga chaqiriq" belgilarini topib, qoralaganlar.

Tojikistonlik imom va oliy o‘quv yurti o‘qituvchilarining bu kabi ayblovlari mamlakatda aksariyatiga to‘siq qo‘yilgan Fergana.ru, "Ozodi", "Irshod" saytlari va "Nigoh" ro‘znomasida bundan bir necha yil oldin bosilgan yetti maqolani go‘yoki tahlilidan so‘ng bildirilgan. Aytilishicha, maqolalarning nusxalari himoyachi Nuriddin Mahkamovning uyidan topilgan.

Bu yerda gap 2011-2012 yillarda chiqqan "Tojik talabalarining Tojikiston Prezidentiga murojaati", Tojik tadbirkori prezident kuyoviga qarshi. Yetti yil bank bilan kurash", "Imomali Rahmonga iste‘fo!", "Xorug‘ Imomali Rahmon iste‘fosi asosi", "Tojikiston inqilob arafasida" maqolalari haqida ketmoqda.

4 iyulda uch soat davom etgan mahkama ishida qatnashgan "Ozodi" muxbiriga ko‘ra, Buzurgmehr Yorov tergov davomida bu maqolalar muhokama qilinmaganidan noroziligini bildirgan, maqolalar ekspertlarning fikri sifatida taqdim etilganini aytgan u.

Xo‘janddagi masjid imomi Abduhamid G‘aniyev tojik talabalarining murojaatida irqchilik va dinga qarshi fikrlarni topgan.

Buzurgmehr Yorov esa bu murojaatga aloqasi yo‘qligini aytgan mahkamada.

Oliy o‘quv yurtining bir guruh o‘qituvchilari "Imomali Rahmonga iste‘fo" maqolasini "konstitutsion tuzumga chorlash", deb baholaganlar. Yorov o‘z navbatida bu maqolada oddiy fuqaro sifatida o‘z fikrini aytgani, uni tahdid sifatida qabul qilish kerak emasligini bildiradi.

"Tojikiston Prezidenti mamlakat yerini Xitoyga berdi. Bu noqonuniy. Agar prezident shunday yo‘l tutishini bilganimda unga saylovda ovoz bermagan bo‘lardim", degan so‘zlari ommaviy harakatga chaqiriq emas, o‘zining fuqaro sifatidagi fikrlarini ekanini aytadi himoyachi.

Image caption Himoyachi Nuriddin Mahkamov prezident kuyovi Hasan Asadullozodani tanqid qilgani uchun bosimga uchragan

Boshqa himoyachi Nuriddin Mahkamov esa prezident kuyovi Hasan Asadullozoda shirkatga pul to‘lamagani uchun tanqid qilgani, haqiqatni talab etgani sababli bosimga uchrab, hibsga olingan.

Himoyachi tanqid bilan ommaviy chaqiriqning farqi borligini, har bir fuqaro qonunchilikka binoan o‘z fikrini matbuotda bildirishga haqli, deydi.

Buzurgmehr Yorov va Nuriddin Mahkamov o‘zlariga qo‘yilayotgan ayblovlarni tan olmaganlar.

Mahkama jarayoni 7 iyulgacha davom etadi.

"Islom Uyg‘onish partiyasi"ning 11 a‘zosini, hamda partiya rahbari Muhiddin Kabiriyni mahkamada himoya qilmoqchi bo‘lgan taniqli advokat Buzurgmehr Yorovning o‘zi 2015 yil sentyabrda "tovlamachilik va hujjatlarni soxtalashtirish"da ayblanib hibsga olingandi.

O‘tgan yil dekabr oyida esa mahkama himoyachilarga "ekstremistik faoliyatga da‘vat qilish" bo‘yicha ayblovni ilgari surdi.

Huquq faollari va kuzatuvchilar hukumatni, shaxsan Prezident Imomali Rahmonni muxolifatga butunlay toqatsizligini ta‘kidlashadi.

Oxirgi yillarda yuzlab muxolifat faollari hibsga olingan, boshqalari mamlakatni tark etishga majbur bo‘lganlar. Muxojirotda Umarali Quvvatov doxil bir nechta muxolifat yetakchilariga suiqasd uyushtirilgan. Tekshiruvlar natijasida hodisalar ortida Tojik xavfsizlik xizmatlari turgani to‘g‘risida fikrlar yangragan.

Turkiyada shu yilning fevral oyida Umarali Quvvatov o‘limida aybdor deb topilgan Sulaymon Qayumov Istanbul mahkamasi tomonidan umrbod qamoq jazosiga hukm etildi.

  • BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ - BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon
  • bbcuzbek.comga to‘siq bo‘lsa, uzbekweb.netga kiring

Bu mavzuda batafsilroq