O‘zbek fermerining holi yana "voy"

Image copyright BBCUZBEK.COM

O‘zbekistonlik sotsiolog-tadqiqotchilar o‘tkazgan so‘rov natijasi hukumatning fermerlikni qayta tashkillashtirish va rivojlantirish tashabbusi "boshi berk" ko‘chaga kirib qolganligini ko‘rsatgan.

Tadqiqotchilarning aytishlaricha, hatto "Yoshlik" telekanali bu tashabbus o‘z maqsadiga erishmaganligi haqida ko‘rsatuv bergan.

Dastlab, tadqiqotchilarning asosiy xulosalari:

1. Tashabbus kiritilganidan so‘ng sal o‘tmay, hatto birinchi hosilni ham kutmay, yer berilgan yosh fermerlar ommaviy ravishda o‘z xo‘jaliklarini tashlab yana mehnat muhojirligiga keta boshladilar.

2. Hukumat yoshlarni "erga qaytarish" maqsadiga erisha olmadi.

3. Fermerlikni ma‘muriy buyruqbozlik yo‘li bilan boshqarish tizimi saqlanib qoldi.

4. Fermerlikni rivojlantirish uchun kredit va qarzlar ajratish usuli samarsiz bo‘lib, aksincha, minglab suiiste‘mol hollari va jinoiy ishlarning ochilishiga olib keldi.

BBC O‘zbek xizmati bu xuloslarni tadqiq qilib, savol ostiga oldi. Yosh fermerlar ommaviy ravishda o‘z xo‘jaliklarini tashlab, yana mehnat muhojirligiga keta boshlaganliklarining qanday dalillari bor?

Fermerlikdan yoppasiga voz kechish

Tadqiqotchilarning aytishlaricha, 2015-2016 yillari fermerlik xo‘jaliklarni vaziyatini o‘rganish maqsadida qishloq yoshlari orasida so‘rov o‘tkazganlar.

Savollar orasida, "O‘z qishlog‘ingizda fermerlik bilan shug‘ullanish imkoni bormidi? Agarda bunday imkon mavjud bo‘lgan bo‘lsa, nima uchun kirishmadingiz" degan bilvosita savol ham bor edi.

Javoblardan shunday manzara ayon bo‘lganki, Qarshi, Buxoro, Xorazm viloyatlaridan xorijga mehnat muhojirligiga ketayotgan 100 kishidan 46-52 nafari, ya‘ni yarmi, yer olib fermerlik qilishga uringan. Ularning uchdan biri birinchi yiliyoq "erni tashlagan". Ikkinchi yilga kelib, fermerlikdan voz kechganlar foizi 65 ga yetgan.

Yana bir misol, Xanqa, Qorako‘l va Qiziltepa tumanlarida 2015 yili yangi tashkil etilgan 125 fermer xo‘jaligidan bu yilga kelib 88 tasi "egasiz" qolgan. Bu deyarli 70 foiz xo‘jalik tashlab ketilganini anglatadi.

Yana bir raqam, birgina Qashqadaryo, Jizzax va Xorazm viloyatlarining o‘zida Prokuratura organlari tomonidan bu sohada 12 mingdan 15 mingga qadar jinoiy ish ochilgan.

Ana shu statistik ma‘lumotlarning o‘zidan hukumat yoshlarni "erga qaytara" olmagani va bu jarayon "ommaviy tus" olgani xulosasi kelib chiqadi, albatta.

Kredit tizimi noqis

Endi ularning "erdan voz kechishga" majburlagan sabablarga to‘xtalsak.

Tadqiqotchilarga ayon bo‘lishicha, buning qator sabablari bor. Lekin ular orasida monopol banklardan kredit va qarzlar olish eng muhimlaridan biridir. So‘rovnomada qatnashganlarning aksariyatiga ko‘ra, aynan qarz olish jarayoni fermerlikni qayta tiklash tashabbusining natijasiz tugaganiga asosiy omildir.

Tadqiqot mualliflariga ko‘ra, ba‘zi hollarda bu kabi kredit olish imkoning o‘zi dastlab yoshlarni fermerlikka "jalb" qilgan omillardan bo‘lgan.

Odatda kredit miqyosi fermerning o‘z ustiga olgan mas‘uliyatlari va yetishtirajak mahsulotiga qarab, 18-20 million so‘m atrofida bo‘lgan.

Tadqiqochilarga ko‘ra, kredit rasmiylashtirish jarayoni tanish-bilishchilik, tovlamachilik kabi qonunbuzarliklar va korruptsiyaga to‘la jarayon bo‘lib qolmoqda.

Fermerlik va qishloq xo‘jaligidan uzoq bo‘lgan shaxslarga ham bu "qobiq" ostida pul ajratilgan holatlari ma‘lum.

Istehzoli yeri shuki, pora va turli "otkat" sxemalari tufayli fermer "kasodga uchrab, kreditni qaytarmaslik"dan ko‘proq manfaatdor bo‘lmoqda.

Banklar qarz bergan "mijozlarini" topa olmay Prokuraturaga murojaat qilishmoqda. Qidiruv va jinoiy ishlar ochilmoqda.

Ish bermagan tashabbus

Image copyright m

Kredit muammolaridan tashqari tashabbus samarasizligining boshqa sabalari fermerlarning o‘z mahsulotlarini sotishda erkin emasliklari, ular o‘zlarini haqiqiy yer egasi sifatida his qilmasliklari va mahalliy ma‘muriyatga to‘liq qaram ekanliklaridir.

Yana bir savol umuman yoshlarni "erga qaytarish" urinishlarining hozirgi zamonda ne qadar maqsadga muvofiqligi haqidadir.

Internet va yuqori texnologiyalar davrida ularni yerga bog‘lab turish bir qadar "hayoliy" maqsad emasmikan?

Mualliflarga ko‘ra, ishlab chiqarish rivojlanmagan va yangi ish joylarini yaratish muammo bo‘lgan agrar mamlakatda yana boshqa qanday yo‘l bor?

"Bundan tashqari yaqin-yaqingacha minglab o‘zbekistonliklar uchun ish imkoni mavjud bo‘lgan Rossiya va Qozig‘istonda iqtisod o‘sishi sustlashgani nazarda tutilsa, hukumatning yoshlarni qishloqqa har qachongidek huquqiy emas, buyruqbozlik yo‘li bilan "qaytarish" urinishlarini tushunsa bo‘ladi".

Bunga ilovan, mamlakat uchun strategik jihatdan muhim va valyuta manbai ko‘rilgan paxta, oziq-ovqat barqarorligi uchun dolzarb g‘alla hosilining tushishi ham xavotirlarni uyg‘otmoqda.

"O‘zbekiston bugunda qishloq xo‘jaligini zudlik bilan haqiqiy isloh qilishi ehtiyoji o‘ngida turibdi. Aks holda tashqi va ichki migratsiya, shuningdek aholining yirik shaharlarga oqib kelishi beqarorliklarga yetaklovchi omil bo‘lishi mumkin", degan xulosaga kelishgan tadqiqot mualliflari.

  • BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ - BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon
  • bbcuzbek.comga to‘siq bo‘lsa, uzbekweb.netga kiring