O‘zbekistonlik majburiy mehnat qurboni Jahon banki ustidan shikoyat qildi

Image copyright uznews.net

O‘zbekistonda majburiy mehnat qurboniga aylanganini aytgan shaxs va inson huquqlari himoyachilari Xalqaro Moliya korporatsiyasi(XMK) ustidan shikoyat qilganlar.

Xalqaro inson huquqlarini himoya qilish Human Rights Watch tashkiloti xabar tarqatishicha, nomi oshkor etilmayotgan majburiy mehnat qurboni, o‘zbekistonlik inson huquqlari himoyachilari Yelena Urlayeva va Dmitriy Tixonovlar Jahon Banki tarkibidagi tuzilma - Xalqaro Moliya korporatsiyasi ustidan Jahon bankining Inson huquqlari bo‘yicha vakiliga shikoyat bilan murojaat etganlar.

Bu shikoyatda O‘zbekistondagi Indorama Kokand Textile shirkatiga Xalqaro Moliya korporatsiyasi bergan 40 million dollarlik kredit yuzasidan tekshiruv o‘tkazish talab qilinadi.

Shikoyatchilarga ko‘ra, Indorama Kokand Textile O‘zbekistonda majburiy mehnatdan foydalanib terilgan paxtadan foyda ko‘rmoqda.

Shikoyatchilar o‘zlarining ushbu da‘volarini isbotlovchi dalillarni Inson huquqlari bo‘yicha vakilga taqdim etganlari haqida xabar qiladi Human Rights Watch.

"Xalqaro Moliya korporatsiyasi O‘zbekistonda hukumatning paxta ishlab chiqarishdagi majburiy mehnat tizimini saqlashga xizmat qiladigan loyihalarni emas, dehqonchilikning barqaror taraqqiyotiga ko‘maklashishi lozim. Inson huquqlari bo‘yicha vakil Xalqaro Moliya korporatsiyasining Indoramaga bergan kreditini o‘rganib chiqishi lozim, biz Indorama xalqaro huquq hamda (XMK)ning majburiy mehnatni taqiqlash bo‘yicha siyosatini buzayapti, deb hisoblaymiz", deb aytgan O‘zbekistonni tark etishga majbur bo‘lgan faol Dmitriy Tixonov.

O‘zbekistonlik va xalqaro inson huquqlari tashkilotlari Jahon Bankini O‘zbekiston hukumatiga ko‘mak bermaslikka chaqirib keladilar, Jahon Bankining moliyaviy yordamlari O‘zbekiston hukumati tomonidan o‘z xalqini qul qilib ishlatishga yo‘naltiriladi, deya ogohlantirib keladilar.

Xalqaro Mehnat tashkiloti O‘zbekistonda majburiy mehnat muammosining mavjudligini tasdiqlagani, AQSh hukumati "paxta sektorida majburiy mehnat mavjudligi sababli" kredit ajratilishiga qarshi chiqqaniga qaramasdan, 2015 yil dekabrida Jahon Banki O‘zbekiston hukumatiga kredit berish qarorini ma‘qullagan.

Human Rights Watch o‘tgan hafta AQSh hukumati Odam Savdosi haqidagi yangi hisobotida O‘zbekistonning darajasini eng quyi darajaga tushirganini eslatadi, buning sababi esa shunday izohlangan: "yillik paxta yig‘im-terimi paytida katta odamlarning davlat tomonidan majburiy mehnatga jalb etilishi keng tarqalganicha qolmoqda".

Xalqaro tanqidchilar O‘zbekiston hukumatining paxta yetishtirishni erkinlashtirishni istamayotgani bilan birga har yili 1 milliondan ortiq insonni paxta terishga majburlashdan voz kechishni xohlamayotganini tanqid qilib keladilar.

O‘tgan yili paxta dalalaridagi majburiy mehnat holatlarini monitoring qilmoqchi bo‘lgan faollarga shafqatsiz, tahqiromuz munosabatlar qilingani xabarlari tarqalgan.

O‘zbekiston matbuoti xabar qilishicha, Indorama Kokand Textile 2011 yili faoliyatini boshlagan Singapur shirkatidir.

U Singapurning Indorama Industry va O‘zbekiston Milliy banki bilan hamkorlikda tashkil etilgan, paxta tolasidan yigirilgan ip ishlab chiqarishga ixtisoslashgan.

  • BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ - BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon
  • bbcuzbek.comga to‘siq bo‘lsa, uzbekweb.netga kiring

Bu mavzuda batafsilroq

Aloqador internet sahifalari

BBC tashqi internet sahifalar uchun mas'ul emas