Bugun Suriyaga "qush uchsa, qanoti kuyadi"

Image copyright BBC World Service

Turkiyaning atrof-muhitni asrash bo‘yicha rasmiylari yo‘qolib ketish xavfi ostida bo‘lgan qush turlarining Suriyaga uchib o‘tishlarini to‘xtatishga qaror qilishgan.

Chunki, xabarlarga ko‘ra, yaqin yillar Suriya tomon uchgan qushlar ortga qaytishmayapti.

O‘rmon va suv loyihalari vazirligi 200dan ortiq shimol ibisini (issiq mamlakatlarda yashaydigan, laylakka o‘xshash uzun oyoq qush) qafasda saqlashni rejalamoqda.

Maqsad Suriyadagi ichki urushlar manzarasida janub tomon parvoz qiladigan ushbu qushlar xavfsizligini ta‘minlashdir. Bu haqda Turkiyada chop etiluvchi "Hurriyat" gazetasi yozgan.

Qushlar hozirda Suriya yaqinida joylashgan Birecik shaharchasi maxsus markazida saqlanadi.

Maqolada so‘nggi 4 yilda qo‘shni o‘lkaga uchgan qushlar ortga qaytishmagani qayd etilgan.

Qish oylari shimol ibislari Efiopiyagacha uchib borishlari mumkin.

O‘tmishda ayni noyob qushlar masalasi kechgan muloqotlar Turkiya va Suriya o‘rtasidagi munosabatlar iliyotgani belgisi sifatida ko‘rilgan.

2010 yil Turkiya o‘z qo‘shnisiga 6 dona ibisni hadya qilgandi. Maqsad ushbu qushlar sonini orttirish bo‘lgan. Biroq, alal-oqibat, ularning soni 4 taga tushib qolgan. Ichki urushlar boshlanib ketishi bilan esa, ibislar taqdiridan xavotirlarni yanada oshirdi.

Image copyright ISTOCK

Marokash yovvoyi ibislar eng ko‘p yashaydigan mamlakatdir. Ammo, Marokash ibislari o‘zga yurtga uchishmaydi.

O‘tgan mart oyi "Anadolu" axborot agentligiga gapirgan rasmiy migratsiya qiluvchi qushlar turli xatarlarga duch kelishlari, jumladan, ovchilar changaliga tushib qolishlari ehtimoli yo‘q emasligi haqida aytgandi. Ammo, bugunda mintaqadagi qarama-qarshiliklar ham qushlar hayotiga xavf sifatida ko‘rilmoqda.

"Yaqin Sharqqa osoyishtalik qaytsagina, biz qushlarning xavfsizligiga ishonchimiz komil bo‘ladi va kelajakda ularni yana erkin qo‘yib yuborishimiz mumkin", deydi Tabiatni asrash idorasidan Isrofil Erdo‘g‘on.

  • BBC O'zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog'lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek va @BBCUzbekBot
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ - BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon
  • bbcuzbek.comga to'siq bo'lsa, uzbekweb.netga kiring