Muhojirlar qochqinlik maqomi olishlari qiyinlashgan

Markaziy osiyolik muhojirlarning qochqinlik murojaatlari tobora ko‘proq rad qilinyapti, deydi Markaziy Osiyoda inson haqlari Assotsiatsiyasi prezidenti Nadejda Atayeva BBCga.

BBC Rus xizmati muxbiri Anora Sarkorova huquq faoli bilan suhbatlashgan.

"Markaziy Osiyoda inson haqlari" Assotsiatsiyasi oxirgi uch yilda BMT Qochqinlar ishi bo‘yicha Oliy komissarliga qochqin maqomini olishga harakat qilgan markaziy osiyolik arzdorlarning huquqiy yordam so‘rab qilgan murojaatlarining qariyb 20 foizini qaytargan.

Aksariyat inkorlar ariza topshirganlar va ularning yaqinlarining zo‘ravonlik va korruptsiya hodisalariga aloqadorligi ehtimoli bilan bog‘liq, deb aytadi tashkilot rahbari Nadejda Atayeva.

Uning so‘zlariga ko‘ra, agar 2007 yildan 2013 yilgacha 910 arizadan 12 tasi rad qilingan bo‘lsa, keyingi uch yilda huquq himoyachilari 62 murojaatni qaytarishlariga to‘g‘ri kelgan.

"Arzdorlar orasida jangarilarning xotini va bolalari bo‘lib, ular ko‘p hollarda yaqinlarining jangovor harakatlarda ishtirokini yoqlashadi. Shuningdek, vatanida oilasida zo‘ravonlik va o‘g‘irlik uchun hukm qilinganlarni keltirish mumkin. Bundan tashqari bizga korruptsiyaga aralashgan kuch ishlatar tizimlarning sobiq xodimlari ham murojaat qiladilar. Ularning ish faoliyati yillarida mahbus va mahkumlarga nisbatan qiynoq va majburlashlar qo‘llaganlari mumkinligi to‘g‘risida to‘la asoslarimiz bor. Bu odamlar "qochoq" tushunchasiga nisbatan to‘g‘ri kelmaydilar", deb qayd etadi Atayeva.

Huquq faollari bu insonlar qochqinlik maqomi olmoqchi bo‘lgan davlatning xavfsizligi yoki mamlakat iqtisodiga tahdid tug‘dirishlari ehtimolidan xavotirlanishadi. Bundan tashqari shunday holatlar ham bo‘lganki, murojaat qiluvchilar huquqni himoya etish idoralariga muhojirlik sabablari to‘g‘risida yolg‘on ma‘lumot berganlar.

Faollarga binoan, Ovro‘po va AQShda sodir etilgan portlashlar sababli qochqinlarning arizalarini ko‘rib chiqish tartibi yanada murakkablashgan.

Yuzlab arizalar

Oxirgi yillarda markaziy osiyo respublikalarini majburan tark etayotganlar soni o‘sha mamlakatlardagi siyosiy muhit, bosimlar sababli oshgan.

BMT Qochqinlar bo‘yicha komissarligida ko‘rib chiqilishi kerak shu mazmundagi yuzlab arizalar bor.

Hukumatlar dindor odam zo‘ravonlikdan uzoq, butunlay tinch fuqaro bo‘lishi mumkinligiga ishonmaydilar.

Tojikistonlik qochqin

"Tojikistonda mening partiyamni taqiqlashgandan so‘ng men hibsga olishlaridan qo‘rqib, darhol mamlakatni tark etdim. Men tashkilotning oddiy a‘zosi bo‘lib, o‘z odatiy hayotim bilan band edim. Hech bir qonunbuzarlik sodir etmaganman. Biroq vatanimda adolat qilinishidan umid yo‘q", deydi qochqinlikka ariza topshirgan dushanbelik Ne‘mat.

O‘tgan yil dindorlarni ommaviy qamash to‘lqini manzarasida "Islom Uyg‘onish partiyasi"ning yuzlab tarafdorlari singari u ham mamlakatdan chiqib ketishga majbur bo‘lgan.

Tojikistonda partiya yopilgan va mahkama tomonidan terroristik tashkilot deb tan olingan.

"Tojikistonda siz muntazam ravishda namozni ado etsangiz, soqol qo‘yib, ro‘mol o‘ralsa maxsus xizmatlarning e‘tiboriga tushdim deyavering. Shuning o‘zi sizni ishonchsizga aylantiradi. Hukumat dindor odam butunlay tinch, zo‘ravonlikdan uzoq odam bo‘lishiga ishonmaydi. Mening oilam Tojikistonda qolgan. Oilamni so‘roq qilishgan, ular kuchli bosim ostidalar", deydi ismini oshkor qilishni istamagan "Islom Uyg‘onish partiyasi" a‘zosi.

Ikkala dindor ham mamlakatdan bir necha oy oldin chiqib ketishgan va hozirda Rossiya hamda Turkiyada BMTning qochqinlik maqomi berilishini kutib turishibdi.

Qochqinlarning turli to‘lqini

Huquq faollari Islomiy partiyaning qator a‘zolariga qarshi jinoiy ishlar siyosiy mazmunda, deb hisoblashadi. Rasmiy Dushanbe esa buni inkor qiladi.

"Markaziy Osiyodan qochqinlar to‘lqini ularning vatanida favqulodda hodisa ro‘y berganda yoki ommaviy siyosiy qatag‘onlar boshlanganda kuzatiladi. Bu holatlarda siyosiy mahbuslar soni oshadi va mustaqil himoyachilar ham tazyiq, kuzatuv ostiga olinadi. "O‘sh voqealari" dan so‘ng "o‘shlik qochqinlar", Andijon qirg‘inidan so‘ng "andijonlik qochqinlar" to‘lqini paydo bo‘ldi, tushuntiradi Nadejda Atayeva.

So‘nggi yillarda esa qochqinlik so‘raganlar orasida O‘zbekistonda Gulnora Karimovaning "Forum" tashkilotida ishlagan xodimlar ham bor.

"Odatda bunday arzdorlar o‘zlarining korruptsiyaga aloqadorligini inkor etadi. Ularga ko‘ra, O‘zbekistonda boshqacha ishlash mumkin emas. Mamlakatda qonun amal qilmas ekan, biznesning kafolati yuqori lavozimli homiy hisoblanadi. Shuningdek, xizmat vazifasini suiste‘mol qilishni ham bu bilan oqlashadi. Endi O‘zbek jamiyatida alohida imtiyozlardan foydalanishga imkon bergan maqomdan mahrum bo‘lganlar qochqinlik maqomga ega bo‘lib, uni qayta tiklashga urinishlari albatta e‘tiqodi, fikrlari uchun ta‘qib tushunchasidan yiroqdir", qayd etadi huquqbon.

Xorijda qochqinlik maqomi olishni istagan Markaziy Osiyoning aksariyat fuqarolari Tojikiston va O‘zbekistondandir. Ular Polsha, Norvegiya, Shvetsiya kabi davlatlarga tushishga harakat qiladilar.

  • BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ - BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon
  • bbcuzbek.comga to‘siq bo‘lsa, uzbekweb.netga kiring