Dallasda politsiyachilarni merganlar nishonga olganlar

Image copyright AP

AQShda ikki qora tanli insonning politsiya tomonidan o‘ldirilishi mamlakat bo‘ylab yana noroziliklarni keltirib chiqardi, rasmiylarga ko‘ra, Dallasdagi norozilik politsiya xodimlarini snayperlar tomonidan nishonga olinishi va undan keyingi otishmalarga aylanib ketgan.

7 iyuldan 8 iyulga o‘tar tunida Dallas shahrida merganlarning politsiyachilarga qarata o‘t ochishi oqibatida 5 politsiya xodimi halok bo‘lgan, 6 nafari yaralangan.

Politsiyachilarni otishda gumon qilinib uch kishi hibsga olingan.

Dallas politsiyasi rahbari Devid Braun so‘zlariga ko‘ra, snayperlar politsiyachilarni otib o‘ldirishga kelishib olib ish tutganlar.

Politsiyaga ko‘ra, Dallas shahrida o‘tayotgan norozilik namoyishi xavfsizligini ta‘minlash uchun jalb etilgan politsiyachilar nishonga olinganlar.

Dallas va boshqa joylardagi noroziliklar politsiyachilarning zo‘ravonligiga qarshi tashkillashtirildi.

Bunga ikki qora tanli insonning AQShning ikki shtatida politsiya xodimlari tomonidan otib o‘ldirilgani tasvirga olingan videolarning Internetda tarqalib ketgani sabab bo‘ldi.

Birinchi video Luiziana shtatida 5 iyul kuni tasvirga olingan.

Baton-Ruj shahridagi videoda ikki oq tanli politsiyachi yerda yotgan qora tanliga qarata o‘q uzgani va buning oqibatida u o‘lgani tasvirlangan.

Ikkinchi video 7 iyul tunida tarqalib ketdi.

Minnesota shtatida ro‘y bergan hodisada Filando Kastile avtomobilda o‘tirib, cho‘ntagidan hujjatlarini olish uchun qo‘lini tushirgan payti politsiyachi o‘q uzgan.

Filando Kastilening yonida o‘tirgan xushtori o‘q otilganidan keyingi daqiqalarni mobil telefoni orqali Internetda tarqatdi.

Prezident Barak Obama AQShda politsiya xodimlari tomonidan qora tanlilarning o‘ldirilishi holatlari ko‘paygani mamlakat uchun muammo ekanini aytgan.

Amerika Qo‘shma Shtatlarida har yili politsiya xodimlari uzgan o‘qdan bir necha yuz kishi halok bo‘ladi.

Statistik ma‘lumotlarga ko‘ra, politsiyachilar o‘ldirgan insonlarning aksarini afroamerikaliklar tashkil etadi.

  • BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ - BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon
  • bbcuzbek.comga to‘siq bo‘lsa, uzbekweb.netga kiring