Euro 2016: Olmoniya pastga quladi

Image copyright Getty

Ikkinchi yarim final uchrashuvida amaldagi jahon chempionini 2:0 hisobida mag‘lub etgan mezbon Frantsiya esa, futbol bo‘yicha bu yilgi Ovro‘po chempionatining final bosqichiga chiqqan ikkinchi milliy terma jamoa bo‘ldi.

6 va 7 iyul kunlari bo‘lib o‘tgan yarim final uchrashuvlari ortidan, finalda Frantsiya-Portugaliya bellashadigan bo‘ldi.

1-bo‘limda to‘pga egalik ko‘proq Olmoniya tarafida bo‘lgan esa-da, milliy terma jamoa bu kabi imkoniyatdan samarali foydalana olmadi.

Image copyright AP

O‘yinda hisobni 45+2 daqiqada 11 metrlik jarima to‘pini bexato amalga oshirgan Griyezmann ochdi.

Buning ortidan Frantsiya hisobda oldinga chiqib oldi.

Shvaynstaygerning xatosi o‘yinning o‘zanini o‘zgartirish uchun yetarli bo‘ldi va Olmoniya milliy terma jamoasiga qimmatga tushdi.

Hal qiluvchi o‘yinda hisobni kamida tenglashtirish uchun Olmoniyada qulay imkoniyatlar kam bo‘lmadi.

Image copyright Getty

Ammo bu yarim final bellashuvida amaldagi jahon chempionining omadi chopmadi.

Yana o‘sha Griyezmannning o‘zi olmon darvozabonining xatosidan foydalanib, 72-daqiqada hisobni 2:0 ga yetkazdi va qo‘shaloq to‘pi bilan uchrashuv qahramoniga aylandi.

Bu yil ko‘pchilik Ovro‘po chempioni bo‘lishini bashorat qilayotgan Olmoniyaga esa, yarim finaldan ortga qaytishdan o‘zga chora qolmadi.

Final uchrashuvi 10 iyul kuni Portugaliya - Frantsiya o‘rtasida bo‘lib o‘tadi.

Portugaliya kecha chorshanba kuni Uelsni yengib, o‘z tarixida ikkinchi bor Ovro‘po birinchiligining final bosqichiga chiqqandi.

Image copyright AP

Ta‘kidlash joiz, Frantsiya ikki karra Ovro‘po chempionligini qo‘lga kiritgan milliy terma jamoa bo‘ladi.

Yulduz Krishtianu Ronalduning jamoasiga esa, hozircha, bu kabi sharaf nasib etmagan.

Jahon va Ovro‘po chempionatlariga mezbonlik tajribasini nazarda tutib, final uchrashuvida Frantsiyaning g‘alabasini bashorat qilayotgan o‘zbekistonlik futbol mutaxassislari ham talaygina.

Image copyright EPA

Ovro‘po chempionatidagi tajribasi Portugaliyaniki bilan teng esa-da, Frantsiya uch bor birinchilikning yarim finaliga ko‘tarilgan.

Ammo shuning ikkitasidan maksimum foydalana bilgan va Ovro‘po chempionligini qo‘lga kiritgan.

Milliy terma jamoa 2012 yilgi qit‘a birinchiligining hali chorak finalidanoq pastga qulagandi.

Bu yil g‘oliblikka da‘vogar har ikki milliy terma jamoa ham finalga qadar bo‘lgan bosqichda biror marta mag‘lubiyat alamini tatishmagan.

Image copyright AFP

Amaldagi Ovro‘po chempioni Ispaniya esa, bu yil hatto chorak finalga chiqa olmagan.

Ovro‘poning boshqa bir nahangi Italiya chorak finaldan ortga qaytgan bo‘lsa, yana bir zabardasti Olmoniya bugungi uchrashuv ortidan bu ikkovlonning safiga qo‘shildi.

Portugaliya-Frantsiya o‘rtasidagi final uchrashuvi yakshanba - 10 iyul kuni britan vaqti bilan kech soat 20:00 da boshlanadi.

  • BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ - BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon
  • bbcuzbek.comga to‘siq bo‘lsa, uzbekweb.netga kiring