Hollandiya Takilantga tegishli pullarni musodara etmoqchi

Image copyright Getty
Image caption "Pulni qabul qilgan O‘zbek Prezidentining qizi va unga qarashli Takilant bo‘lgan", deydi prokuratura

Hollandiya prokuraturasi Gulnora Karimovaga bogʻliq ekani aytilgan Takilant firmasiga tegishli 300 million yevroni musodara etishni soʻrab mahkamaga murojaat etgan.

Ilgari aytilganidek, 'soxta' Takilant shirkatining Hollandiyadagi hissalari Oʻzbekiston Prezidentining toʻngʻich qizi Gulnora Karimovaga pora sifatida berilgan, deb ishoniladi. Takilant shirkati aynan shu poralarni hisobga oʻtkazish maqsadida tashkil qilingan, deyiladi.

Reyter axborot agentligining xabar berishicha, Amsterdam mahkamasiga murojaat qilgan prokurorlar 300 million yevroni musodara etish bilan birga, shirkatga 5 million yevro jarima solishni ham talab qilganlar.

Bundan tashqari qoralov tomon Takilant shirkati mulki boʻlgan Ucell mobil operatorining 6 foiz hissalarini ham musodara etishga chaqirmoqda.

"Bu pullar Oʻzbekiston mobil aloqa bozoriga kirish evaziga berilgan. Pulni qabul qilgan Oʻzbek Prezidentining qizi va unga qarashli Takilant boʻlgan", deb koʻrsatilgan prokuratura murojaatida.

Hollandiya prokurorlari maʼlumotlari boʻyicha, pullar Amerika va Hollandiya mahkamasida korruptsiyada ayblangan VimpelCom telekommunikatsiya shirkati va ayni paytda tekshiruv ostida boʻlgan Telia shirkati tomonidan toʻlangan.

Shuni qayd etish kerak, prokurorlar shaxsan Karimova xonimni emas, Takilant shirkatini ayblamoqdalar.

VimpelCom va TeliaSonera shirkatlarining Hollandiyada qarorgohlari mavjud. Korruptsiyaga qarshi qonunchilikka binoan, ular masʼuliyatga tortilishlari ehtimoli bor.

Image copyright none
Image caption Gulnora Karimova liboslar namoyishida

Hollandiya prokurorlarining taʼkidlashlaricha, Gulnora Karimova 2007 yildan VimpelCom shirkatining Unitel shoʻʼba korxonasi va Coscom shirkatining Telia boʻlimini 3G mobil litsenziyasi bilan taʼminlash evaziga 385 million dollardan ortiq pulni pora sifatida olgan.

Shveytsariya, Shvetsiya va Amerikadagi mahkamalarda esa Gulnora Karimova 2012 yildayoq shubhalanuvchi deb atalgan. Shveytsariya va Shvetsiyada tekshiruvlar hanuz davom etmoqda.

Chorshanba, 6 iyul kuni boʻlib oʻtgan mahkamada Gulnora Karimova va Takilant shirkati vakili ishtirok etmagan. Reyter agentligiga koʻra, Gulnora Karimova mahkama ayblovlari toʻgʻrisida qachondir izoh berishi ham nomaʼlum. Shunga oʻxshash, Oʻzbekiston hukumati bu mavzuda hech qachon oshkor munosabat bildirmagan.

Image caption Shvetsiya matbuotida Karimov va qizi Gulnora to‘g‘risida maqola bosilgan

2016 yilning fevral oyida VimpelCom shirkati korruptsiya ayblovlari ortidan, Oʻzbekistondagi shaxslarga pora berganini tan olib, 795 million dollar jarima toʻlashga rozi boʻlgandi. Bu mablagʻning 167 million dollari Amerika qimmatbaho qogʻozlar va birjalar boʻyicha komissiyasi, 230 million dollar AQSh Adliya vazirligi, 397,5 million dollar Hollandiya hukumati tomonidan hisoblangan.

Image caption Гулнора Каримова яқин ҳамкори Гаяне Авакян билан.

Gulnora Karimova 2014 yil xalqaro sahnadan gʻoyib boʻlib, uy qamogʻiga oʻtkazilgani toʻgʻrisida xabarlari chiqdi. Oʻzbekiston Prezidenti qizining korruptsiya janjallariga aralashgani haqidagi maʼlumotlar 2012 yilda xorij ommaviy axborot vositalarida paydo boʻldi. 2014 yil shved prokurorlari Gulnoraga aloqador 900 million dollarlik hissalar borligini aytib, uni muzlatishni soʻrashdi. Oʻsha yili Gulnora Karimova qoʻriqchilar bilan tortishib turgan suratlar ijtimoiy tarmoqlarda tarqaldi. Biroq Gulnora Karimova va uning bolalari aynan qayerda ekanligi hozirda noaniq qolmoqda.

Avvalroq Oʻzbekiston hukumati AQShda muzlatilgan pullarni mamlakatga qaytarish boʻyicha muzokaralar olib borayotgani aytilgandi.

Image caption Gulnora Karimova va uning yaqin hamkori bo‘lgan Gayane Avakyan

Gulnora Karimova nomi bilan bogʻlangan bir necha hamkorlari Toshkentda mahkamaga tortilgan. Jumladan, Takilant firmasi nomiga rasmiylashtirilgan Gayane Avakyan, Gulnora Karimovaning fuqaroviy eri boʻlgan, qator hujjatlarda ismi koʻrsatilgan Rustam Madumarovlar moliyaviy jinoyatlarda ayblanib, bir necha yillik qamoq jazolariga hukm etilgan. Qamoq jazolari keyinroq avf asosida qisqartirilgan.

Biroq Oʻzbekistonning mobil aloqa sohasidagi korruptsiya janjallari markazida asosiy figura boʻlgan Gulnora Karimovaning oʻziga nisbatan jazo qoʻllanilmagan.

Faqat ikki-uch yil ilgari bosh vazir oʻrinbosari Rustam Azimov doxil hukumatning qator yuqori mulozimlarini ijtimoiy tarmoqlarda tanqid qilgan Gulnora Karimova internetdan uzib qoʻyilgan, uning hozirda uy qamogʻida ekani toʻgʻrisida xabarlardan boshqa maʼlumot yoʻq.

Ijtimoiy tarmoqlarda oʻz vaqtida Gulnora Karimovaning tadbirlarida faol boʻlgan Oʻzbek shou-biznesining baʼzi vakillari bugun uni eslab, 9 iyul, tugʻilgan kuni bilan tabriklaganlar.

  • BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ - BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon
  • bbcuzbek.comga to‘siq bo‘lsa, uzbekweb.netga kiring

Bu mavzuda batafsilroq