Euro 2016: Ovro‘po chempioni kim bo‘ladi?

Image copyright AFP

Fransiyaga qarshi to‘p surib ko‘rgan o‘zbekistonlik futbolchi Sardor Sobirxo‘jayevga ko‘ra, mezbon milliy terma jamoada bu kabi imkoniyat katta.

"Bu yil Fransiya va Portugaliyaning finalga chiqishi hamma uchun kutilmagan bo‘ldi, deb o‘ylayman. Chunki ko‘pchilik Ispaniya, Germaniya va Italiyani favorit, deb o‘ylagan. Shu bois bu - haqiqiy sensatsiya bo‘ldi, degan fikrdaman", - deydi Toshkentdan Sardor.

Ammo, suhbatdoshimizga ko‘ra, Fransiya milliy terma jamoasiga mezbonligi, ya’ni mahalliy ishqibozlarining qo‘llab-quvvatlovi qo‘l kelgan bo‘lsa, Portugaliyaning joniga yulduzi Krishtianu Ronaldu oro kirgan.

Image copyright AFP

O‘zbekiston yoshlar milliy terma jamoasi 2010 yilgi jahon chempionati chorak finalida aynan bugungi yulduzi Pol Pogba sardorlik qilgan fransiyalik raqiblariga qarshi maydonga tushgan.

Ammo ulardan 0:4 hisobida mag‘lub bo‘lgandi.

"O‘shanda Fransiya yoshlar milliy terma jamoasining o‘yini nafaqat menda, balki butun jamoamizda judayam katta taassurot qoldirgan. Mana, hozir o‘sha tarkibdan ikkita-uchta o‘yinchisi milliy terma jamoa tarkibida o‘ynayapti... Menda, ayniqsa, Pogbaning o‘yini juda katta taassurot qoldirgan. Pogba jamoa sardori edi o‘sha payt. Bizlarga penaltidan gol urgan...", - deydi suhbatdoshimiz o‘sha chorak final uchrashuvini xotirlarkan.

"Menimcha, Fransiya-Portugaliya milliy terma jamoalarining bugungi final uchrashuvida g‘alaba qozonish imkoniyatlari 70-30 bo‘lsa kerak. Fransiyaning imkoniyati yuqoriroq, deb o‘ylayman. Chunki Ronaldu qanaqa o‘ynasa, qanday kayfiyatda bo‘lsa, Portugaliya ham shunaqa o‘ynaydi. Fransiyada esa, ko‘proq jamoaviy o‘yin. Grizzman, Payet, Sissokolar o‘ynaydi. Shuning uchun ham Fransiyaning imkoniyati yuqori...".

Sardorning aytishicha, bugungi final uchrashuvida ham, sobiq raqiblariga ekaniga qaramay, aynan Fransiya milliy terma jamoasiga muxlislik qilmoqchi:

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi

Final uchrashuviga mezbonlik qiluvchi Parijdan o‘zbekistonlik suhbatdoshimiz To‘rabekning aytishicha esa, yulduz Krishtianu Ronalduning Portugaliyasiga ishqibozlik qilayotganlar soni ham ozmuncha emas...Fransiya poytaxtining o‘zi esa, butunlay hal qiluvchi yakuniy o‘yinoldi kayfiyatida:

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi

"Kayfiyat ko‘tarinki darajada, a’lo darajada. Chunki Fransiya futbol muxlislarining qariyb yarmi finalga qadar kela olishlariga ishonishmagan edi. Bu narsa kutilmagan voqea bo‘ldi, deb ayta olishimiz mumkin. Agar, 2014 yil Braziliyada bo‘lgan jahon chempionatini eslaydigan bo‘lsak, aynan Olmoniya bilan o‘yinda Fransiya 0:1 hisobida yutqazib qo‘yib, orqaga qaytishga majbur bo‘lgandi. Shu sababli, hozir kayfiyat juda ko‘tarinki. Juda ko‘pchilik a’lo kayfiyat bilan final uchrashuvini kutishmoqda", - deydi suhbatdoshimiz.

Krishtianu Ronaldu

Krishtianu Ronaldu jahonning nomi qolib, o‘zi ham O‘zbekiston futbol ahliga qindan tanish eng mashhur o‘yinchilaridan biri bo‘ladi.

Yulduz futbolchi 2009 yilda poytaxt Toshkentga ham tashrif buyurgan.

Image copyright EPA

O‘sha yili Fond Forum Samuel Eto'O qatorida Krishtianu Ronaldu bilan ham hamkorlikka oid memorandumlar imzolashga muvaffaq bo‘lganini e’lon qilgan.

O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimovning to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimova Vasiylik kengashi raisi hisoblangan jamg‘arma buni O‘zbekistondagi yosh sportchilarning mahoratlarini oshirish maqsadida qilganini aytgandi.

Krishtianu Ronaldu to‘p suruvchi “Real”(Madrid) Ispaniyaning nomdor “Barselona”si qatorida katta sondagi o‘zbekistonlik futbol ishqibozlari jon kuydirib muxlislik qiladigan sanoqli xorijiy klublardan bo‘ladi.

Euro 2016: Portugaliya-Fransiya

Image copyright Getty

Bu ikki raqib milliy terma jamoa o‘rtasidagi final uchrashuvi esa, britan vaqti bilan bugun kech soat 20:00 da boshlanadi.

Amaldagi Ovro‘po chempioni Ispaniya, jahon chempioni Olmoniya, dunyoning eng kuchli ikkita milliy terma jamoasidan bittasi bo‘lgan Belgiya va Ovro‘poning yana bir zabardasti Italiya bu yil finalga yetmay pastga qulashgan.

Aksariyat futbol ekspertlari va muxlislarining birdek e’tirof etishlaricha esa, bu ikki milliy terma jamoaning finalga chiqishi o‘zlari uchun kutilmagan bir ish bo‘lgan.

2012 yilgi so‘nggi Ovro‘po chempionatida Fransiya milliy terma jamoasi chorak finaldanoq birinchilik bilan xayrlashgan.

Image copyright AFP

Portugaliya esa, penaltilar seriyasida Ispaniyaga yengilib, yarim finaldan ortga qaytishga majbur bo‘lgan.

Ammo Fransiya ikki karra Ovro‘po chempionligini qo‘lga kiritgan milliy terma jamoa sanaladi.

O‘z tarixida besh marta yarim finalga chiqqaniga qaramay, Portugaliyaga halicha Ovro‘po chempioni bo‘lish nasib qilmagan.

Bugungi finalchilar shu paytgacha bir-birlariga qarshi 24 bor maydonga tushishgan.

Shundan 18 tasida Fransiya milliy terma jamoasining qo‘li baland kelgan.

Image copyright AFP

Ikkovlon bir marta durang natija qayd etishgan.

Qolgan besh uchrashuvda esa, Portugaliya g‘alaba nashidasini surgan.

“Stad de Frans”

Image copyright AFP

Yangi Ovro‘po chempionini aniqlab berajak yakuniy va hal qiluvchi o‘yin Parijning mashhur “Stad de Frans” stadionida bo‘lib o‘tadi.

“Stad de Frans” Fransiyadagi bu yilgi Ovro‘po chempionatiga mezbonlik qilayotgan eng yirik va biror bir ta’mirga ehtiyoj sezmagan bittayu bitta stadioni bo‘ladi.

Bu stadionda birinchilikning bitta chorak finali va finali doxil ja’mi yetti uchrashuvi bo‘lib o‘tishi ko‘zda tutilgan.

“Stad de Frans” - Fransiya mezbonlik qilgan futbol bo‘yicha 1998 yilgi jahon chempionati uchun xosan qurilgan bittayu bitta yangi stadion bo‘ladi.

Stadion o‘sha yili chempionatning 9 uchrashuviga mezbonlik qilgan.

Mezbon Fransiya Braziliyani 3:0 hisobida mag‘lub etgan final uchrashuvi ham xuddi shu stadionda bo‘lib o‘tgan.

Image copyright Reuters

Ammo, eslatib o‘tish joiz, o‘tgan yil noyabr oyida uchta xudkush hujumchi tashqarisida o‘z portlovchi moddalarini portlatib yuborgan stadion ham aynan “Stad de Frans” bo‘ladi.

Fransiyadan olingan eng so‘nggi xabarlarga ko‘ra, final uchrashuvi chog‘ida poytaxt Parij xavfsizligini ta’minlash uchun 3500 ga yaqin politsiyachi va harbiylar safarbar etilishadi.

Ulardan bir yarim mingga yaqini faqat "“Stad de Frans" stadionini qo‘riqlash ishlari bilan band bo‘lishadi.

Image copyright AFP

Yana shuncha sondagisi Eyfel minorasi atrofi va Yelisey dalalarida minglab futbol ishqibozlari uchun tashkil qilingan maxsus sathlarni nazorat qilishlari aytilmoqda.

Bu yilgi futbol bo‘yicha Ovro‘po chempionati shundoq ham xavfsizlik, yomon ob-havo va ommaviy ish tashlashlash bilan bog‘liq jiddiy xavotirlar manzarasida ochilgan.

Ovro‘polik futbol mas’ullari biror bir yirik sport tadbiri shu paytgacha Fransiyadagi qit’a chempionati kabi jiddiy tahdid ostida emasligini shaxsan o‘zlari e’tirof etish darajasigacha borishgandi.

  • Би-би-си Ўзбек хизмати билан Whatsapp, Telegram ва Viber орқали боғланишни истасангиз, телефонимиз:+44 78-58-86-00-02
  • ТЕЛЕГРАМДА ЭСА каналимиз - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon
  • bbcuzbek.comга тўсиқ бўлса, uzbekweb.netга киринг.