Shou- biznesda Gulnora Karimovani "sogʻinishgan"

Oʻzbekiston Prezidentining toʻngʻich qizi Gulnora Karimovaning 8 iyul tugʻilgan kuni munosabati bilan ijtimoiy tarmoqlarda Oʻzbek shou- bizneschilar uning fotosuratlarini joylab, eslashgan, tabrik soʻzlarini bitishgan.

Jumladan bir necha yil oldin Gulnora Karimova tomonidan tashkil qilingan "Zoʻr-zoʻr" tanlovida qatnashgan qoʻshiqchi Shahlo Ahmedova "Hurmatli va sevimli Gulnora Karimova tugʻilgan kuningiz bilan! Alloh sizni asrasin!" deya tilak qoldiradi Instagramda.

"Happy birthday Coogosha!", "Biz sizni sogʻindik Googosha!" deyishadi uning tabrigiga izoh qoldirgan foydalanuvchilar ham.

Xonanda Kaniza Ahmedova Gulnora Karimovani shunday taʼriflaydi:

"21 asr qirolichasi va millionlab yoshlarga imkoniyat yaratib bergan va oʻz izini qoldira olgan Oʻzbekistonni dunyoga tanitishga oʻz hissasini qoʻsha olgan Gulnora Karimova tavallud ayyom muborak!" "Biz unutmadik va unutmaymiz!", deb qayd etadi u.

Ushbu tabrikka qoʻshilgan instagram faollari Gulnora Karimovaning qayerdaligi bilan qiziqishgan. Koʻrinmay qolganini aytishgan. Baʼzilari uning uy qamogʻida ekani rostmi, deya soʻrashgan.

"Gulnora qatdasiz? Qayting Oʻzbekistonga. Hurmat qilaman", yozadi "atmosferaxia".

alikhanofficial "bugun sanʼat olamiga ancha hissalarini qoʻshgan bir insonni tugʻilgan kunlari. Tabriklayman", deydi Gulnora Karimovaning surati ostiga.

"Hamma paxtakorlar ansambliyu bu yerda" kinoya qiladi Sher nikli foydalanuvchi izohlar orasida.

Gulnora Karimovani tabriklagani uchun "xushomadgoʻy"likda tanqid qilingan olimxuja azimov "oshnalar, gap "paxta"da emas, koʻngilda. Inson yaxshi koʻrgan odamlariga dil izhori aylaydi. Ushbu inson bilan shunchaki suhbat qilgan odamni dunyoqarashi oʻzgaradi. Qilgan yaxshiliklarini esa gapirishni hojati yoʻq-oʻzlariga savob boʻlsin", degan fikrda.

olimxuja azimov bundan oldinroq Gulnora Karimovani quvvatlab, murojaat bilan ham chiqqan.

ziyodsheyh esa "Sogindim# Gulnora Karimova." der ekan, yigʻlayotgan belgisini qo'shib qo'yadi.

Image copyright Getty

Bir qancha xorij banklarida Gulnora Karimova aloqador mablagʻlar "pora evaziga kelgan"i aytilib, muzlatilgach, Oʻzbekistonda ham uning biznesi tugatilgan, u tashkil qilgan idoralar yopilgan, yaqin sheriklari esa mahkamaga tortilib, jazolangan. Gulnora Karimovaning oʻzi ham omma koʻzidan gʻoyib boʻlib, hozirda uy qamogʻida ekani taxmin qilinadi. Biroq rasman hech bir maʼlumot berilmagan. Oldinroq Gulnora Karimovaning qoʻriqchilar bilan tortishib turgan surati tarqagan edi.

Faqat 2014 yil sentyabrida Oʻzbekiston Bosh prokuraturasi tarqatgan bayonotda Gulnora Karimovaning ismi ochiq aytilmagan, biroq gap u haqda ketayotganini anglashilgan. Prokuratura Prezidentning toʻngʻich qizi va sheriklariga nisbatan jinoyat ishi yuzasidan xalqaro hamkorlik qilayotganini tasdiqlagan, ammo Oʻzbekistondagi tergovning Ovroʻpo davlatlarida olib borilayotgan tekshiruvga aloqasi yoʻqligini bildirgandi.

Ayrim tahlilchilar oʻzbek huquq-tartibot idoralarining tergovidan maqsad Ovroʻpodagi Gulnora Karimova hamda sheriklariga tegishli ekani taxmin qilinayotgan yirik mablagʻlarni Oʻzbekiston gʻaznasiga qaytarish boʻlishi mumkin, degan farazlarni ilgari surishgan.

  • Bi-bi-si Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz:+44 78-58-86-00-02
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon
  • bbcuzbek.comga toʻsiq boʻlsa, uzbekweb.netga kiring.

Bu mavzuda batafsilroq