"Tuleshov rangli inqilob amalga oshirmoqchi bo‘lgan"

Image caption Qozog‘istonlik katta biznesmen To‘xtar To‘lashev davlat to‘ntarishiga urinishda ayblanmoqda

Qozog‘istonda davlat to‘ntarishiga urinishda ayblanib hibsga olingan biznesmen To‘xtar Tuleshovning "inqilob qilish rejasi" bo‘lgan, deb xabar beradi Qozog‘iston Milliy xavfsizlik xizmati jurnalistlar uchun o‘tkazgan matbuot anjumanida.

Unda aytilishicha, To‘xtar Tuleshov bunda 2005 va 2010 yilgi Qirg‘iz inqilobi stsenariysi shaklidan foydalanib, prezident Nursulton Nazarboyevni hokimiyatdan ag‘darishni planlashtirgan.

Qozoq xavfsizlik xizmati vakili Ruslan Karasayevga ko‘ra, Tuleshov hokimiyatni bosib olish uchun avvalo mamlakatdagi vaziyatni beqarorlashtirishni xohlagan va ikki qirg‘iz inqilobi hodisalarini sinchiklab o‘rgangan, unga doir ma‘lumotlarni yiqqan. Bundan tashqari, Qirg‘izistonga bir necha marta borib kelgan.

Janob Karasayevning so‘zlariga qaraganda, Tuleshov mamlakat g‘arbida aholini noroziliklarga boshlash yo‘li orqali o‘z maqsadiga yetish, hokimiyatni almashtirishni ko‘zlagani xavfsizlik xizmatlari tekshiruvlar natijasida aniqlangan. Qozog‘iston g‘arbida ijtimoiy-moliyaviy va boshqa muammolarni sabab qilib norozi guruhlarni qo‘zg‘ash oldindan o‘ylangan, deydi Karasayev.

Bundan tashqari Tuleshov noroziliklar manzarasida hukumatga shart qo‘yib, vitse-prezidentlik lavozimini olishni, undan so‘ng hokimiyatni egallashni rejalashtirgan, deyiladi xavfsizlik xizmati bergan matbuot anjumanida.

Qozoq rasmiylariga ko‘ra, tartibsizliklarni uyushtirish rejasi o‘tgan yil boshlangan. Tuleshov o‘z odamlari orqali Atirau va Olmaotada ruxsat berilmagan aktsiyalarni tashkillashtirgan.

Hibsdaligi paytida ham Tuleshov rejasidan qaytmagan, janubiy Sariog‘och viloyatida kamida besh ming kishi ishtirokida ularga pul berish evaziga ommaviy namoyishlar uyushtirishga harakat qilgan, degan ayblovlar aytilmoqda Qozoq rasmiylari tomonidan biznesmenga qarshi.

Tuleshov va yordamchilarining kompyuterlari tekshirilganda u yerda ham qonunchilikka o‘zgartirish kiritish bo‘yicha hujjatlar topilgan, degan vajlar keltiriladi.

Xavfsizlik xizmati Tuleshovning ma‘lum shaxslar bilan telefon suhbatlari vaziyatga yanada oydinlik kiritganini aytadi.

Biznesmen To‘xtar Tuleshov 2016 yil 30 yanvarda qozoq xavfsizlik xizmati maxsus amaliyoti natijasida Chimkentda qo‘lga olingan.

U bilan birga yana uch hamkori ushlangan, ular yonidan qurol, giyohvand moddalar topilgani xabar qilingandi.

Qozog‘iston milliy xavfsizlik xizmati bildirishicha, To‘xtar Tuleshov Qozog‘iston, O‘zbekiston, Rossiya, Qirg‘iziston va Tojikistonda mulklari bo‘lgan.

Ular qatorida "Shobit" mehmonxonasi, "Lazzat" konditer fabrikasi, "Chimkentpivo" zavodi, "Darxan" shirkati tilga olingan. Tuleshov "O‘zpromstroy bank"ning hissadorlaridan biri bo‘lgani aytilgan.

Ijtimoiy tarmoqlarda Tuleshovga qo‘yilayotgan ayblovlar borasida turli fikrlar bildirilmoqda. Qozog‘istonliklar Tuleshovning davlat to‘ntarishi qilishi haqiqatdan yiroqligi, xorijliklarga yerni sotish va ijaraga berish qarori ortidan boshlangan noroziliklar keyinchalik hukumatning o‘zida qo‘rquv paydo qilgani va Tuleshov kabi puldor odamlarning aholiga ta‘sir ko‘rsatishi mumkinligi to‘g‘risida farazlarni aytganlar.

Boshqa fikrlarga binoan, "Qirg‘izistonning sobiq rahbarlari muxolifatni yo‘qotib, barcha milliy boyliklarni bir oila qo‘liga to‘plamoqchi bo‘lgani xalqqa yoqmagan edi". Ular odamlar bilan ehtiyot bo‘lib, o‘ylab ish qilish kerakligini yozishgan. Lekin shu bilan birga, "qirg‘iz stsenariysi" Qozog‘istonda o‘tmasligini qayd etishgan.

Ijtimoiy tarmoq faollari norozilik namoyishlarining sababini Tuleshov kabi puldorlardan emas, hozirgi hukumatning o‘zidan qidirish kerakligini maslahat berganlar.

  • BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ - BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon
  • bbcuzbek.comga to‘siq bo‘lsa, uzbekweb.netga kiring