Tojikistonda ichki ishlar xodimlariga cheklovlar

Image copyright RIA Novosti

Tojikistonda Ichki Ishlar vazirligi xodimlariga zargarlik taqinchoqlari taqish, badaniga tatuirofka qildirish va shuningdek, qarindoshlarini ishga olishlari taqiqlanadi.

Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar qilgan.

IIV ishlab chiqqan loyihaga ko‘ra, militsiya xodimining o‘zini tutishi ko‘rib chiqiladi.

Yangi tartibga binoan, militsiya xodimi nikoh uzugidan boshqa taqinchoq taqishi mumkin bo‘lmaydi.

Bundan tashqari militsiyachi sochi kalta qirqilgan va soqoli olingan bo‘lishi lozimligi qayd etilgan. Ular ish vaqtida jargon so‘zlarni ishlatishlari tartibga zid ekanligi eslatiladi.

Image copyright AP

Ichki ishlar xizmatlari xodimi hibsga olingan kishining huquqlarini ta‘minlashi, zarur bo‘lganda tibbiy yordam ko‘rsatishi kerak.

Bular qatorida militsiya xodimining qarindoshi rahbarlik lavozimiga tayinlanadigan bo‘lsa, u ishdan iste‘fo berishga majbur. Yuqori lavozimli shaxs qarindoshini ishga olishi ham taqiqlanadi.

Odatdagidek, davlat matbuoti va televideniyesida hukumat qarorlari to‘g‘risida o‘z fikrini ochiq aytishga qo‘rqadigan tojikistonliklar ijtimoiy tarmoqda ba‘zi fikrlarini yozib qoldirishgan, yangi tartibga munosabat bildirganlar.

Ba‘zi izoh mualliflarining yozishicha, yangi qonun tojik prezidentining o‘ziga va oilasiga tegishli emas.

"Axir u (tojik prezidenti) mamlakat fuqarosi emas, balki hamma uchun sevimli "millat otasi", unga mumkin" deyishgan izohlovchilar.

Tojik muxolifati mamlakatda hokimiyat bitta shaxs va uning oilasi qo‘lida to‘planib borayotganidan xavotirlarini izhor etishadi.

Image copyright httpwww.president.tj

Imomali Rahmon Markaziy Osiyo respublikalari va MDH rahbarlari orasida eng serfarzandi bo‘lib, yetti qizi va ikki o‘g‘li bor. Uning katta o‘g‘li Rustam avval Soliq qo‘mitasining boshlig‘i etib tayinlangan. Hozir Tojikiston korruptsiyaga qarshi qo‘mitasini boshqaradi.

Tashqi ishlar vazirining birinchi muovini bo‘lib kelgan qizi Ozoda Rahmon ayni damda prezident ma‘muriyati rahbaridir.

Ozoda Rahmon Tojikistonda xalqaro munosabatlar mutaxassisligi bo‘yicha universitetni tamomlagan. U, shuningdek, AQShning Jorjtaun Universitetida tahsil olgan.

Ozoda Rahmonning turmush o‘rtog‘i Jamoliddin Nuraliyev Tojikiston Moliya vazirining o‘rinbosari lavozimini egallagan.

Prezident Rahmonning kuyovi Ashraf Gulov Tojikistonning Rossiyadagi elchixonasining Konsullik xizmati rahbari etib tayinlagan.

Prezidentning boshqa kuyovlari Shamsulla Sohibov, hozirgi paytda Tojikistonning Londondagi attashesi. Boshqasi, Muhammadzohir Sohibov mamlakatning chet el bilan savdo aloqalariga javob beradi.

Tojikiston IIV jinoiy qidiruv bo‘limi rais o‘rinbosari qilib Rustam Rahmonning bungacha huquqni muhofaza qilish idoralarida umuman ishlamagan yaqin do‘sti Shohruh Saidov tayinlangan.

Image copyright httpwww.president.tj

Shu yil 22 mayda o‘tgan referendum natijalariga binoan, Imomali Rahmon cheklanmagan muddat o‘z nomzodini prezidentlikka ilgari surishi mumkin. Bundan tashqari, Millat peshvosi sifatida unga va oilasiga daxlsizlik kafolatlanadi- uni hibsga olish, mol-mulkini tintuv qilish mumkin emas, umrining oxirigacha davlat himoyasida bo‘ladi. O‘g‘li esa prezidentlikka nomzodlar yoshini 35 yoshdan 30 yoshgacha tushirilishi ma‘qullanishi ortidan 2020 yilda otasi hokimiyatdan ketishni istasa, o‘z nomzodini prezidentlikka qo‘ya oladi. Kuzatuvchilar konstitutsiyaga o‘zgartirish aynan Rustam Rahmonni kelajakda prezidentlikka qo‘yish uchun qilinganini aytadilar.

Shuningdek, Imomali Rahmonning katta qizi Ozoda Rahmon ham Tojikiston prezidentligiga vorislardan biri deb ko‘riladi.

63 yoshli prezidentning o‘zi mamlakatni 1992 yildan beri boshqarib keladi. Tojikiston muxolifatiga ko‘ra, qonun prezident oilasiga nisbatan qo‘llanilmaydi.

  • BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ - BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon
  • bbcuzbek.comga to‘siq bo‘lsa, uzbekweb.netga kiring