O‘zbek matbuotida nima gap?

O‘tgan haftada milliy matbuot "O‘zbekiston mustaqilligiga 25 yil" esdalik nishoni ta‘sis etilishi haqidagi farmonni yoritish bilan o‘z ishini boshladi. Bundan tashqari, mustaqillikning 25 yilligi oldidan matbuotda "Chorak asrda misli ko‘rilmagan muvaffaqiyatlarga erishildi" va "Istiqlol bunyodkorlik va farovonlik omili" kabi sarlavhalar ostida istiqlol yillarida erishilgan marralar haqida so‘zlovchi maqolalar chop etildi. Siyosiy partiyalar o‘z nashrlarida parlament quyi palatasi deputatlari joylarda elektorat vakillari bilan yuzma-yuz muloqotda bo‘lganlarini xabar qilishgan. Prezident Karimov Ramazon Hayiti munosabati bilan turli mamlakatlar rahbarlari hamda rasmiylaridan "samimiy qutlovlar" olayotgani matbuotda yoritilgan.

"Mustaqil vatanimiz va yorug‘ kelajagimiz timsoli" (Xalq so‘zi, 5 iyul)

Image copyright none

"O‘zbekiston mustaqilligiga 25 yil" esdalik nishoni haqidagi farmonni Prezidenti Islom Karimov imzolagani xabar qilinadi ro‘znomada. "... nishonda aks ettirilgan Baxtiyor ona haykalini barcha yurtdoshlarimiz mustaqil Vatanimiz, yorug‘ kelajagimiz timsoli sifatida qabul qiladi va shunday nishonga ega bo‘lishni o‘zi uchun yuksak sharaf deb biladi," deyiladi O‘zbekiston Milliy agentligi tomonidan chop qilingan maqolada.

Istiqlol yillaridagi yutuqlar maqtalib quyidagi qo‘shimcha qilinadi: "Bir so‘z bilan aytganda, "O‘zbekiston mustaqilligiga 25 yil" esdalik nishoni jahondagi rivojlangan, demokratik davlatlar qatoridan munosib o‘rin egallash yo‘lida qat‘iyat bilan ilgarilab borayotgan bugungi O‘zbekistonning ramzi sifatida ming-minglab yurtdoshlarimizning ko‘ksida yaraqlab, ularni yangi yutuq va marralarga ilhomlantiradigan yuksak ishonch va e‘tibor ifodasi bo‘lib qolishiga shubha yo‘q".

"Huvaydo momoning havasli umri" (Qishloq Hayoti, 5 iyul)

"Yuzdan oshgan tabarruklar" turkumidan berilayotgan xabarlarda Farg‘ona viloyatida istiqomat qiluvchi 121 yoshli Huvaydo momo Umarova haqida axborot berilgan. Momoning keksalik gashtini surib kelayotgani aytilib, "onaxonning yoshlik yillarida kuylagan o‘lan va laparlarni hali ham maromiga yetkazib ijro etishi tahsinga sazovor" ekanligi ta‘kidlanadi.

Maqola muallifi Fotima O‘ktamova aytishicha, "Huvaydo momo bu tinch va farovon kunlarga shukrona keltirib yashash lozimligini jigargo‘shalariga hamisha uqtirib keladi".

"Nimaga avtobuslar yong‘in ostida qolmoqda?" (Darakchi, 7 iyul)

Ushbu ruschada chop etilgan itervyuda Toshkent shahar hokimining o‘rinbosari, "Toshshahartransxizmat" AK boshqaruvi raisi Otabek Sodiqov 'Darakchi' savollariga javob beradi. Poytaxtda an‘anaga aylangan Mersedes-Benz rusumli avtobuslarda yuzaga kelayotgan yong‘inlar sabablari haqida to‘xtalib, Sodiqov bu kabi avtobular 10 yildan beri ishlatilayotgani bois nosozliklar vujudga kelayotgani hamda mamlakatdagi iqlimning bunday avtobuslarga ta‘siri borligini aytadi.

Otabek Sodiqov avtobuslarning motor qismida kelib chiqayotgan bunday kamchiliklar tufayli Mersedes-Benz conecto low floor rusumidagi transport vositalari iste‘moldan sekin-asta chiqarilayotganini ta‘kidlaydi. Yo‘lovchi tashuvchi avtobuslarga konditsionerlar qo‘yiladimi degan savolga Sodiqov bunday qilishga qo‘shimcha to‘lovlar tufayli reja yo‘qligini aytadi.

"Ko‘pxotinlikning ayanchli yakuni" (Huquq, 7 iyul)

Qarshi shahar prokurorining o‘rinbosari Sanjar Nurmatov qo‘shxotinlik tufayli bir shaxsning olti yilga qamalgani haqida xabar beradi. Muallifga ko‘ra ushbu shaxs birincha ayolidan bola bo‘lmagani bois ikkinchi xotinga uylangan va bu xotindan ikki farzand ko‘rgan.

Ikkala xotinini bir uyda yashashga ko‘ndirgan er keyinchalik ikki farzand onasini tahqirlashga o‘tadi. Natijada ayol xo‘rlashga bardosh bera olmay maktab zalida o‘zini osib o‘ldiradi. Muallif mamlakat qonunlari ko‘pxotinlikka qarshi ekanini ta‘kidlaydi hamda "shar‘iy nikoh" asosida uylangan mahkumning hatti-xarakatlarini qoralaydi.

"Britaniyani ayollar boshqaradimi?" (Jamiyat, 8 iyul)

Maqolada Britaniyadagi siyosiy o‘zgarishlarga sharh beriladi. Xususan, ichki ishlar vaziri Tereza Meyning muvaffaqiyatlari tahlil qilinadi. Konservatorlar partiyasida yetakchilik qilayotgan rasmiyning bosh vazir kursisini egallashi taxmin qilinadi.

"Mey bosh vazirlik lavozimiga erishgandan so‘ng Buyuk Britaniyani barcha uchun ochiq mamlakatga aylantirishni maqsad qilgan"i aytiladi. Deputatlardan 165 nafari Mey uchun ovoz bergach, u chiqish qilib YeIdan chiqmaslik tarafdori bo‘lganiga qaramasdan ushbu jarayonni muvaffaqiyatli yakunlashga ishontirgani ta‘kidlanadi.

Saylovlar

Image copyright none

"O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining kengaytirilgan yig‘ilishi to‘g‘risida" (Ishonch, 9 iyul)

Joriy yilning may-iyun oylarida mamlakatda o‘tkazilgan fuqarolar yig‘inlari raislari va ularning maslahatchilari saylovlari yakun topgan. Shu munosabat bilan, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashi 8 iyulda saylov natijalarini muhokama qilish uchun yig‘ilish o‘tkazdi.

Xabarga ko‘ra, saylov jarayonlarida 9764 nafar fuqarolar yig‘inlari raislari va ularning 105 mingdan ortiq maslahatchilari saylangan. "Yangi saylangan raislarning 73,6 foizi oliy ma‘lumotli, 82,4 foizi davlat organlari, nodavlat notijorat tashkilotlar tizimida va tadbirkorlik sohasida boshqaruv ish tajribasiga ega, 67 foizi ushbu lavozimga birinchi marta saylandi. Raislarning 865 nafari ayollardir.

"Shuningdek, saylangan fuqarolar yig‘inlari raislari maslahatchilarining 51,1 foizi oliy ma‘lumotga ega bo‘lsa, 25,4 foizini ayollar tashkil qiladi. Ularning 53,3 foizi ushbu vazifaga birinchi marta saylandi," deyiladi xabarda.

"Kelin bo‘lmish kollejda o‘qiganmi?" (Toshkent haqiqati, 9 iyul)

Image copyright olam.uz

"Bugun sovchilarni mana shu savol qiziqtirishi kerak," deydi ro‘znoma muxbiri Sayyora Rixsiyeva, o‘zining O‘zbekistonda keyingi yillarda davom etib kelayotgan qizlarni yosh vaqtida erga bermaslik borasidagi tashviqot ishlari zamirida chop etilgan maqolasida.

Muallif ota-onalar, mahalla-ko‘y, hatto o‘qituvchilarni maktab bitiruvchilarini keyingi ta‘lim bosqichidan, ya‘ni kollejlarga kirmasdan qolib ketishlarini oldini olishga undaydi. Rixsiyeva ta‘lim tizimidagi "qulayliklar"ni maqtaydi va o‘zga davlatlardagi notinchlikka O‘zbekistondagi "farovon turmush"ni taqqoslaydi.

Muallif bilan suhbatda shifokor Mavluda Abdullayeva "qizlarini tezroq uzatib, ortiqcha tashvishdan qutilmoqchi" bo‘lgan ota-onalarni tanqid qilib, "17-18 yoshli qizlar hali onalikka, uy bekaligiga tayyor bo‘lolmaydi" deb qo‘shimcha qiladi.

  • BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ - BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon
  • bbcuzbek.comga to‘siq bo‘lsa, uzbekweb.netga kiring

Bu mavzuda batafsilroq