Chigirtka sizning ham tinchingizni buzayaptimi?

Oʻzbekiston bilan chegaradosh Qozogʻiston, Qirgʻiziston va Tojikistonda chigirtka koʻpayishi jiddiy vaziyatni yuzaga keltirgan.

Qozogʻistonning Oʻzbekistonga chegaradosh Janubiy Qozogʻiston viloyatining Sariogʻoch tumanida 30 ming gektar maydonda Marokash chigirtkasi degan chigirtka tarqalgan, qovun-tarvuzlarni yeb bitirgani fermerlarga katta miqdorda moliyaviy zarar keltirgan.

Zararkunandalarga qarshi milliardlab tenge mablagʻ ajratilganiga qaramasdan, chigirtka koʻpayishiga yoʻl qoʻygan Sariogʻoch tumanining bir necha davlat mulozimlari lavozimlaridan boʻshatilgan.

Iyun oyida Oʻzbekistonga chegaradosh Qirgʻizistonning Botken viloyatida ham chigirtka koʻpaygani qayd etilganidan rasmiylar xavotir bildirgan.

Tojikiston rasmiylari esa hozirgi paytda chigirtka 90 ming gektar maydonga tarqalgani haqida xabar tarqatmoqdalar.

Janubiy Qozogʻiston viloyatida tarqalgan chigirtka turi Toshkent shahrida ham koʻpaygan.

Toshkent shahrida istiqomat qiladigan kishilar bu chigirtkalarning kattaligi, ochofatligi va quloqni qomatga keltiradigan chirillashidan aziyat chekayotganlarini aytmoqdalar.

"Shu kecha-kunduzda ham chigirtka "yogʻayapti", hovlida uxlab boʻlmaydi", deydi Toshkent yashovchilaridan biri.

Birlashgan Millatlar tashkilotining Oziq-ovqat va dehqonchilik tashkiloti ogohlantirishicha, bu yil Markaziy Osiyodagi 4 million gektar maydonni chigirtka bosish ehtimoli mavjud.

BMT boʻlinmasi shundan 620 ming gektar maydon Oʻzbekistonga toʻgʻri kelishi mumkinligini aytmoqda.

Oʻzbekiston Qishloq va Suv xoʻjaligi vazirligi mulozimining Rossiya matbuotiga aytishicha, bu yil yoz quruq kelgani bois chigirtka koʻpaygan.

Chigirtka bir kunda 100 kilometr masofa bosib oʻtishi mumkin, deb aytgan dehqonchilik vazirligi vakili.

Shu bois Oʻzbekiston va Tojikiston rasmiylari chigirtkaga qarshi birgalikda kurash olib borishga kelishganlar.

Siz oʻzingiz yashab turgan joyda chigirtka muammosiga duch kelayapsizmi?

Chigirtkalar zarar keltirmasligi uchun qanday ishlar amalga oshirilayotganini bilasiz?

  • BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ - BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon
  • bbcuzbek.comga toʻsiq boʻlsa, uzbekweb.netga kiring

Bu mavzuda batafsilroq