Toshkent avtobuslari mamlakat ahvolining inʼikosimi?

Toshkent shahrida yana bir yoʻlovchi avtobusi alanga olgani yana Internet ijtimoiy tarmoqlarida keng muhokamaga sabab boʻlmoqda, bu narsa mamlakatning haqiqiy ahvoli qandayligini yaqqol koʻrsatuvchi misol degan fikrlar bildirilmoqda.

Soʻnggi 3 haftaning ichida Oʻzbekiston poytaxtida 2 avtobus yonib ketgan.

Guvohlarga koʻra, birinchisi 21 iyun kuni "Oltin tepa" koʻchasida olov olgan.

Avtobus yonganining video tasvirlari Internetda ham tarqalib ketgan.

Kadrlarda avtobusning Mercedes Benz Conecto rusumidagi ulov ekani, uning Toshkentdagi 2-avtobus saroyiga tegishli ekanini koʻrish mumkin.

Olov avtobusning butun salonini chulgʻab olgan, hodisa joyiga oʻt oʻchirish xizmati xodimlari yetib kelganlar.

Qurbonlar yoki jarohatlanganlar haqida maʼlumot berilmagan.

"Ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari soʻnggi vaqtlarda avtobuslarning yonib ketishi bilan bogʻliq bunday holatlar juda koʻp uchrayotganini taʼkidlab, “Toshshahartransxizmat” aktsiyadorlik jamiyati fuqarolarning xavfsizligi masalasini oʻylagan holda, talabga javob bermaydigan jamoat transportlarini qatnovda olib tashlashi kerakligini yozib qoldirishmoqda", deb yozadi qalampir.uz web-sayti.

Ikkinchi avtobusning yonib ketishi 7 iyul kuni yuz bergan.

Toshkentliklar bu hodisaning ham videolarini Internetda eʼlon qilib ulgurdilar, yashil rangdagi avtobus Sirgʻalining "Oʻzgarish" koʻchasida toʻsatdan alanga olib ketganini aytganlar.

Internetda Toshkent avtobuslarining yonib ketishi deyarli har oy, baʼzan bir oy ichida bir necha marta yuz berishi haqida yozmoqdalar.

"Bunday hodisalarning har biri sotsial tarmoqlarda qizgʻin muhokamaga sabab boʻladi. Yuz bergan hodisa sabablarini sanab oʻtishar ekan, odamlar transport xoʻjaligining barbod boʻlib borayotgani, hokimiyatning palapartishligidan gʻazablanadilar va bu narsa mamlakat umumiy ahvolining yaqqol misoli, deb hisoblaydilar", deb yozadi asiaterra.info web-sayti.

"Hokimiyat yaqinda sababini tushuntirmasdan turib ekologik toza transport turlari(tramvay va trolleybuslar)ni yoʻq qilganidan keyin yoʻlovchilarni tashish boʻyicha asosiy ogʻirlik avtobus parklarining zimmasiga tushdi. U yerda esa savodli mutaxassislar ham, sifatli ehtiyot qismlar ham, yonilgʻi-moylash mahsulotlari ham yetishmaydi. Avtobuslar nega tez-tez yonayotgani, yoʻnalishga esa tobora kam chiqayotganining asosiy sababi shu", deya xulosa qiladi asiaterra.info mustaqil web-sayti.

  • BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ - BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon
  • bbcuzbek.comga toʻsiq boʻlsa, uzbekweb.netga kiring

Bu mavzuda batafsilroq