"Litvada hayot barqarorlashib qoldi, lekin hanuz og‘ir..."

Мултимедиа ўйнаш бу қурилмада дастакланмайди

Vadim Leonidov, muhandis, Kaunas shahridan.

Фото муаллифлик ҳуқуқи none

Men 1964 yilda tug‘ilganman. Sovet Ittifoqi qulashi yillari hali 30 ga ham kirmagan, oilali va allaqachon farzandli edim. Loyihalashtirish institutida muhandis bo‘lib ishlardim. Barqarorlik yo‘qoldi, Litvada odamlar mustaqillikni xohlayotgan edilar. Bu kabi g‘oyalar 1989 yildan beri jo‘shib kelayotgandi. Ayniqsa biz yashagan Kaunasda bu g‘oyalar kuchli edi. Men esa o‘z hayotim bilan yashab, bu jarayonlarga arlashamaslikka harakat qilardim. Jarayonlarni kuzatardim, lekin ishtirok etmasdim.

Bundan buyog‘iga hayot qanday kechar ekan endi, degan xavotir bor edi. Bir noaniqlik tomon ketayogandik. O‘sha vaqtgacha barqarorlik bor edi, endi bu barqarorlik yo‘qolayotgandi. Litvaliklarning o‘zlari esa mustaqillik isidan mast bo‘lishgandi. Men esa rusman, lekin shu yerda tug‘ilib o‘sganman, hamma yaqinlarim, qarindosh-urug‘larim shu yerda, hech qayerga ketish rejalarim yo‘q edi. Ko‘p ruslar o‘sha yillari Litvadan ko‘chib ketishdi. Men esa mana hozirgacha Litvada yashayapman.

Hayotimdagi o‘zgarishlarga kelsak, loyihalashtirish institutida qanday ishlagan bo‘lsam, shunday ishlab yuraverdim. Sho‘rolar davrida maoshimiz yomon emasdi. Lekin mustaqillikdan so‘ng loyihalarga buyurtmalar kamayib ketdi. Hayotimiz yomonlashdi. Inflyatsiya ko‘tarilib ketdi, oziq-ovqat yetishmovchiligi boshlandi, pul yetishmasdi. Ikki-uch yil shu alfozda o‘tdi. Keyin boshqa ishga o‘tdim. Mana hozir ichimlik suvi ta‘minoti tizimida muhandis bo‘lib ishlayapman.

Фото муаллифлик ҳуқуқи none
Image caption 80-yillar oxirlarida Kaunasda mustaqillik g‘oyalari o‘ta avjiga chiqqandi.

Albatta tijoratga moyil, oldi-sotdiga usta odamlar bir pasda ishga kirishib ketdilar. Valyuta savdosi bilan shug‘ullandilar, boshqa turli savdolar. Men esa bunday faoliyat bilan shug‘ullana olmasdim. Men hamisha o‘z kasbim va olgan diplomim bo‘yicha o‘z sohamda ishlab, pul topib kelganman. Atrofda esa albatta bir pasda boylar paydo bo‘la boshladi, tezgina pul qila oladiganlar ko‘payib ketdi, jinoyatchilik o‘sdi. Aholining asosiy qismi qiyinchilikda umr kechira boshladi. Ishsizlik ko‘paydi. Lekin sekin -asta bu jarayonlar o‘tib, hozirda yana barqaror hayot kechirmoqdamiz.

Hozir ham hayot oson emas, ko‘plar og‘ir kun kechiradilar. Chunki avallari do‘konlarda oziq-ovqat bo‘lmagan bo‘lsa, keyinchalik keskin ravishda oziq-ovqat mo‘l bo‘lib ketdi. Lekin hammaning ham sotib olishga qurbi yetmasdi. Hozir ham do‘konlar peshtaxtalarida yo‘q narsaning o‘zi yo‘q, lekin hamma ham sotib ololmaydi. Aholi tabaqalandi, lekin o‘rta tabaqa shakllanmadi. Yo boylar bor, yo kunini zo‘rg‘a kechirayotganlar.

Yoshlar albatta xorijga ketishni afzal bilyaptilar. Ish yo‘q. Litva kichik davlat, hammaga ham ish topib bera olmaydi. Britaniyaga ko‘p ketishyapti. Bu yerda oliy o‘quv yurti uchun haq to‘lash qiyin. Bankdan qarz olib to‘lasang, foyda foizlari yuqori, qaytarishga qiynalasan. Sog‘liqni saqlash tizimi ham yomonlashdi. Shifokorga kirish uchun uzundan-uzoq navbat kutish kerak. Chunki shifokorlar ham ketib qolishyapti. Sog‘liqni -saqlash tizimi islohot qilinyapti, lekin bu jarayon og‘ir kechmoqda. Qayta-qayta isloh qilishyapti, 20 yil bo‘ldi, hali ham davom etmoqda.

Korruptsiya bor albatta. Lekin yaxshi maktabga kirish uchun pul emas, bilim kerak. U yerda hech kim sening puling bilan qiziqmaydi. Men buni shaxsan o‘z katta o‘g‘limning misolida ayta olaman. Sog‘liqni saqlash tizimida esa, shifokorga ko‘rinish muammo emas, lekin Sovet davrida bo‘lganidek, kasalxonaga tushib qolsang, yaxshiroq jarroh senga qarashi uchun vahakazo, shunga o‘xshagan narsalar uchun pul to‘lab turiladi, bunisi bor.

Oxirgi yillarda ro‘y bergan va xotiramda qolgan hodisalarga kelsak, sport sohasida Litva basketbol jamoasi 2003 yili Jahon Chempioni unvoniga erishdilar. Mana shu narsa yodimda juda yaxshi qoldi. Bizda sportga katta e‘tibor berishadi. Siyosiy ishlarga aralashmaganim uchun boshqa hodisalar esimda qolmagandir. Qudratga bir partiya keladi, ketidan boshqasi, xullas har yerdagidek jarayonlar ketyapti...