"Turkmanistonda ko‘p narsa o‘zgarmadi. O‘zgargan bo‘lsa ham yomon tomonga o‘zgardi."

Мултимедиа ўйнаш бу қурилмада дастакланмайди

Annasulton (haqiqiy ismi emas), Turkmaniston masalalarini yorituvchi jurnalist

Фото муаллифлик ҳуқуқи ashgabat

1991 yili Sovet Ittifoqi qulagan vaqti men o‘ttizga yaqinlashib qolgandim. Xorijiy matbuot vositalaridan birida Turkmaniston masalalarini yoritib kelardim. Ittifoq qulashidan avval va dastlabki yillarida ham Turkmanistonga tez-tez safar qilib, vaziyatni va jarayonlarni o‘rganib, maqolalar yozish imkoniga ega edim.

Hech qachon mustaqil turkman davlatiga ega bo‘lmagan turkmanlar uchun bu hodisalar o‘ta muhim edi. Turkmanlar o‘zlari mustaqil yashaganlar, lekin ularda davlat bo‘lmagan. Ular hamisha yirikroq va kattaroq bir kuchning ta‘siri ostida bo‘lganlar, Fors imperiyasi deysizmi, o‘zbek xonlarimi va keyinchalik Rossiya va Sovet Ittifoqi. Sovet Ittifoqining qulashi men uchun anchadan beri kutgan hodisam edi. Ko‘plar uchun bu xabar o‘ta ko‘tarinki ruh va umidlar bag‘ishlagandi.

Mustaqillikdan keyini men Turkmaniston endi o‘z mustaqil yo‘lidan rivojlanadi, deb umid qilgandim. Ungacha Turkmanistondagi har bir soha nazardan chetda qoldirilgandi. Gaz zaxirlari qazib chiqarilib, mamlakatning boshqa qismlariga yuborilardi. Ziyolilar, ta‘lim -tarbiyaga yaxshi e‘tibor berilmasdi. Turkmanlar asl turkman bo‘la olishmasdi, yaxshi ishga joylashish uchun rus tilini o‘rganish va yoki hatto rus millatiga mansublar bilan turmush qurishga to‘g‘ri kelardi. Mustaqillikni turkmanlar anchadan beri o‘zlari xohlagan hayot tarzini kechirishga imkon tug‘diruvchi omil sifatida ko‘rdilar.

Afsuski, bu umidlar ro‘yobga chiqmadi. Avvallari men Turkmanistonga borib- kelib yurish imkoniga ega bo‘lgan bo‘lsam, 1993 yildan beri bu imkon ham yo‘qoldi. Mamlakat tashqi dunyo uchun eshiklarini yopib oldi. Turkmanlarning har bir qadami qattiq nazorat ostiga olinib, xorij bilan aloqalar uzildi, mamlakat ihotalanib qoldi. Ijobiy o‘zgarishlardan faqatgina kirill alifbosidan lotin alifbosiga o‘tish va turkman tiliga bir qadar ko‘proq e‘tibor berila boshlagani bo‘ldi, deb o‘ylayman xolos.

Yashash sharoitlariga kelsak, bular yaxshilanmadi. Ittifoq qulashi bilan hayot darajasi tushib ketdi. Mamlakatda yirik gaz va neft zaxirlari bo‘lishiga qaramay oddiy aholi bundan ko‘p naf ko‘rmayapti. Ish topish hanuz muammo. Faqatgina Ashxabod rivojlanmoqda, va butun mamlakatdan odamlar poytaxtga kelib, ish topishga harakat qiladilar. Mamlakatning boshqa qismlariga esa e‘tibor qaratilmayapti, hanuz qashshoq holda qolgan. Gaz va neftdan tushadigan daromadlarni hukumat mutlaq nazorat qiladi va aksar pullar poytaxtdagi yirik qurilish loyihalariga safrlanmoqda. Oddiy aholi hayotini yaxshilashi mumkin bo‘lgan deyarli hech nima qurilmayapti. Ba‘zi shifoxona va maktablar qurilgan, lekin ular quruq bino, ichida na uskunasi va na mutaxassisi bor.

Fikrimcha Turkmaniston mustaqillikdan 20 yil o‘tgan bo‘lsa ham hanuz o‘tish davrida turibdi. Chunki sovet davrida rahbar vazifalarda bo‘lgan shaxslar hamon o‘z o‘rnida, hamon boshqaruvda. Sovet davridan qolgan dunyoqarash saqlanib qolgan. Iqtisodiy, siyosiy va ijtimoiiy masalalarga yondoshuv ham o‘shandayligicha. Shuning uchun ko‘p narsa o‘zgarmagan. O‘zgargan bo‘lsa ham yomon tomonga o‘zgargan. Odamlar hanuz yangi avlod kelib, ijobiy o‘zgarishlarga qo‘l urumikan degan umid bilan yashamoqdalar. Shaxsan men bu umid qayerdan kelayotganini bilmamayman. Chunki bu bir hayolotga o‘xshaydi, real umid emas. Mamlakat sho‘rolar davrida qanday bo‘lsa shundayligicha qolmoqda.