BBC navigation

Олти кун ўтиб: Ҳалиям ёрдам етиб бормаган минглаб жабрдийдалар бор

Сўнгги янгиланиш 30 апрел 2014 - 08:25 GMT
  • O‘tgan payshanba tungi halokatli suv toshqinlaridan jiddiy jabr ko‘rgan qo‘shni Afg‘oniston shimolidan olingan xabarlarga ko‘ra, haliyam umuman yordam yetib bormagan minglab jabrdiydalar bor.

  • Kutilmagan tabiiy ofat Afg‘onistonning O‘zbekistonga qo‘shni o‘zbeklar zich yashovchi shimoli va shimoli g‘arbini o‘z zabtiga olgan hamda jiddiy talofatlarga sabab bo‘lgandi.

  • Jalayu do‘l bilan birga yopirilgan suv toshqinlaridan Afg‘onistonning, ayniqsa, O‘zbekistonning shundoq biqinidagi shimoliy Jauzjon, Saripul va Faryob viloyatlari eng ko‘p ziyon chekishgan.

  • Halokatli suv toshqinlari bu to‘rt viloyatda jiddiy insoniy talofatlarga sabab bo‘lishdan tashqari, minglab uylarni ham butkul vayron qilgan.

  • Tabiiy ofat sabab o‘n minglab odamlar boshpanasiz, bor-budlaridan mosuvo qolishgan.

  • Tabiiy ofat elektr ta‘minotini izdan chiqargan, sellar yuzlab chaqirim yo‘llarni yuvib ketgan.

  • Suv toshqinlari minglab uylarni ham yuvib ketgan, bog‘-rog‘, ekinzorlarni butkul vayron qilgan, chorva mollarini nobud qilgan va katta sondagi odamlar hech narsasiz qolishgan.

  • Agar, o‘zi ham saripullik bo‘lgan Afg‘oniston parlamenti vakili Sayid Anvar Saodatning so‘zlariga tayanilsa, yo‘llarni suv butkul yuvib ketgani bois, oradan shuncha kun o‘tib ham, qator jabrdiyda tumanlarga deyarli yordam yetkazilmagan.

  • Faryob Viloyat kengashi kotibi Hoji Abdul Boqiyning biz bilan suhbatida aytishicha, markaziy hukumat va xalqaro tashkilotlar tomonidan yetkazilayotgan yordam birlamchi va haminqadar ekani bois, qator qo‘shni mintaqa davlatlariga ko‘mak so‘rab murojaat qilishgan.

  • Ayrim suhbatdoshlarimizga ko‘ra, bahor mavsumida Afg‘onistonning shimoliy va shimoliy sharqiy mintaqalari tez-tez suv toshqinlariga sahna bo‘lib tursa ham, ularning yo‘lini to‘sish yo‘lida hukumat tomonidan biror bir jiddiy amaliy choraga qo‘l urilmagan.

  • O‘z o‘rnida eslatib o‘tish joiz, Afg‘oniston Prezidenti Homid Karzay shanba kuni barcha mas‘ul idoralardan tabiiy ofat jabrdiydalariga zudlik bilan yordam berishlarini so‘ragan va vaziyatni yaqindan o‘rganish uchun mintaqaga o‘z muovinini ham yuborgandi. So‘nggi tabiiy ofat natijasida yetkazilgan moddiy talofatning miqdori esa, o‘n millionlab afg‘oniy ekani taxmin etilmoqda.

  • Tabiiy ofatdan eng ko‘p jabr ko‘rgan shimoliy Jauzjon viloyatida esa, hanuz minglab odamlar dalayu dashtda bir parcha chodir ostida qolishmoqda.

  • Hozir ayrim mahalliy xayriya jamg‘armalari tomonidan ularga ikki mahal issiq ovqat tayyorlab, tarqatilayotgani, turli ko‘rinishdagi birlamchi yordamlar yetkazilayotgani aytiladi.

  • Jabrdiyda viloyatlar mas‘ullariga ko‘ra, butkul vayron bo‘lgan uylarni qayta tiklash oylarga cho‘zilishi va buning uchun katta miqdorda mablag‘ lozim bo‘lishi tayin.

Ушбу мавзуга оид кўпроқ материаллар

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.