Mirjalol Qosimov: 'O‘zbekiston ertaga tezkor qarshi hujum ko‘rsatishi lozim'

Мултимедиа ўйнаш бу қурилмада дастакланмайди

imov

O‘zbekiston milliy terma jamoasi ertaga Osiyo Kubogi o‘yinlarining navbatdagi guruh bosqich saralash bellashuvlarida quvaytlik raqiblariga qarshi maydonga tushadi.

Quvayt o‘zbekistonlik futbolchilar tushgan "O‘lim" guruhidagi eng kuchli jamoalardan biridir.

Quvaytlik futbolchilar joriy paytda G‘arbiy Osiyo chempionati g‘olibi va Fors Ko‘rfazi kubogi sohibidirlar.

Ammo jamoa Xitoyga qarshi ilk uchrashuvini 2:0 hisobida boy bergan.

O‘zbekiston milliy terma jamoasi esa, mezbon Qatarni xuddi shunday hisob bilan mag‘lub etgan.

Quvaytlik futbolchilar Osiyo Kubogi o‘yinlarida 1972 yildan buyon ishtirok etib kelishadi.

Bir marta Osiyo Kubogi o‘yinlarida g‘olib chiqishgan va bitta kumush hamda bitta birinj medalini qo‘lga kiritishgan.

Lekin o‘tgan galgi o‘yinlarning final bosqich bellashuvlariga chiqa olishmagan.

O‘zbekistonlik futbolchilar esa, so‘nggi ikki bor Osiyo Kubogi o‘yinlarining nimchorak finaligacha chiqishga muvaffaq bo‘lishgan.

2011 yilgi Osiyo Kubogi o‘yinlarining final bosqich bellashuvlariga ham muddatidan oldin yo‘llanmani qo‘lga kiritishgan.

Quvayt milliy terma jamoasiga 2009 yildan boshlab serbiyalik taniqli murabbiy Goran Tufegjich bosh murabbiylik qilib keladi.

Quveytlik futbolchilar so‘nggi xalqaro musobaqalardagi yutuqlariga aynan u boshchiligida erishishgan.

Futbol mutaxassislariga ko‘ra, jamoaning yana bir ustun jihati - mintaqa futbolining past-balandini yaxshi bilishlaridir.

Ammo milliy chempionatining saviyasi yuqori bo‘lmagani - ojiz jihatlaridan biri sifatida ko‘riladi.

O‘zbekiston va Quvayt bundan avval 2006 yilgi Jahon chempionatining saralash bosqich uchrashuvlarida ikki bor uchrashishgan.

Har ikki tomon o‘z maydonlarida g‘olib, raqib maydonida esa, mag‘lub bo‘lishgan.

Qatarda bo‘lib o‘tayotgan 2011 yilgi Osiyo Kubogi o‘yinlarida qit‘aning 16 jamoasi ishtirok etmoqda.

O‘zbekiston milliy terma jamoasining sobiq bosh murabbiysi Mirjalol Qosimovning aytishicha, Quvaytga qarshi o‘yinda g‘olib chiqish uchun o‘zbekistonlik futbolchilar tezkor qarshi hujumga zo‘r berishlari kerak.

O‘zbekistonlik futbolchilar aynan Mirjalol Qosimov boshchiligi ostida 2011 yilgi Osiyo Kubogi o‘yinlarining final bosqich uchrashuvlariga chiqishga muvaffaq bo‘lishgandi.

Taniqli murabbiyga ko‘ra, o‘zbekistonlik futbolchilar ilk uchrashuvda mezbon Qatarni mag‘lub etish bilan, o‘yinlarga ham ruhiy va ham jismoniy jihatdan hozir ekanliklarini namoyon etishgan.

Mirjalol Qosimovning umid qilishicha, jamoa saflarida to‘p surayotgan futbolchilarning tajribasi va malakasi ham bu gal ularga qo‘l kelishi mumkin.