O‘zbekiston hal qiluvchi uchrashuvda bu gal Quvaytni mag‘lub etdi

Image caption O‘zbekistonlik taniqli futbol sharhlovchisi Abror Imomxo‘jayev har ikki milliy terma jamoaning imkoniyatlarini teng deb baholasa-da, o‘zbekistonlik futbolchilar kuchliroq degan fikrda edi

Qatarning "Al-G‘arafa" stadionida bo‘lib o‘tgan har ikki tomon uchun hal qiluvchi uchrashuvda O‘zbekiston milliy terma jamoasi Quvaytni 2:1 hisobida mag‘lub etdi.

Uchrashuvning 40-daqiqasida Maksim Shatskix tomonidan raqib darvozasini aniq nishonga olgan jarima to‘pi o‘zbekistonliklarni oldinga olib chiqdi.

O‘yinning birinchi qismi O‘zbekiston milliy terma jamoasining ustunligi ostida kechdi.

Quvaytlik futbolchilar qarshilik ko‘rsatishga urinishsa-da, o‘zbekistonlik futbolchilar ketma-ket hujumlari bilan ularni shoshirib qo‘yishdi.

Maydonda to‘pga egalik ham asosan O‘zbekiston milliy terma jamoasi tomonida bo‘ldi.

Ammo o‘yinning qaqshatqich kechgan ikkinchi qismida O‘zbekiston milliy terma jamoasi darvozasiga belgilangan 11 metrlik jarima to‘pi o‘yinda hisobni tenglashtirdi.

Ikkinchi taym o‘rtalarida jamoa sardori Server Jepparov tomonidan urilgan ikkinchi to‘p uchrashuvning taqdirini hal qildi.

Quvayt milliy terma jamoasi ham hujumkor o‘yin ko‘rsatsa-da, guruh bosqich uchrashuvlaridan pastga qulash xavfi ostida qoldi.

Bu - "O‘lim" guruhida bo‘lib o‘tayotgan saralash bosqich uchrashuvlarining ikkinchisi edi.

Ushbu uchrashuvda g‘alaba qozonish - har ikki milliy terma jamoa uchun ham hayot-mamot masalasi deb ko‘rilgandi.

Agar ushbu o‘yinda O‘zbekiston milliy terma jamoasi g‘alaba qozonsa, muddatidan ilgari nimchorak bosqich bellashuvlariga yo‘llanmani qo‘lga kiritishi aytilgandi.

Quvayt milliy terma jamoasi o‘z mintaqasida erishgan balandparvoz yutuqlariga qaramay, 2007 yilda ham hali guruh bosqich uchrashuvlaridanoq pastga qulagandi.

Shu sababdan ham, O‘zbekistonga qarshi o‘yinda g‘alaba qozonib, uch ochkoni qo‘lga kiritish ular uchun guruhda qolishning eng so‘nggi imkoniyati edi.

O‘zbekistonlik futbolchilar esa, bundan avval ham ketma-ket ikki bor Osiyo Kubogi O‘yinlarining nimchorak finaligacha chiqishga muvaffaq bo‘lishgan.

Lekin "A" guruhida to‘p surayotgan barcha milliy terma jamoalarning imkoniyatlari deyarli bir xil baholanayotgani uchun guruh "O‘lim" guruhi deb atalmoqda.

"O‘lim" guruhida O‘zbekiston va Quvaytdan tashqari yana Osiyodagi eng kuchli jamoalardan biri Xitoy va mezbon Qatar milliy terma jamoalari to‘p surishadi.

Guruh bosqich saralash bellashuvlarining birinchi bosqichida O‘zbekiston va Xitoy milliy terma jamoalarining qo‘llari baland kelgan.

O‘zbekistonlik futbolchilar qatarlik, xitoylik o‘yinchilar esa, quvaytlik raqiblarini bir xil - 2:0 hisobida mag‘lub etishgandi.

Ammo O‘zbekiston va Quvayt milliy terma jamoalari Osiyo Kubogi o‘yinlari doirasida shu paytgacha bir-birlariga qarshi maydonga tushishmagandi.

2006 yilgi Jahon chempionatining saralash bosqich bellashuvlarida bo‘lib o‘tgan ikkita uchrashuvlari esa, bir g‘alaba va bir mag‘lubiyat bilan yakunlangan.

O‘zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiysi Vadim Abramov bu gal eng kamida chorak finalgacha chiqish ahdida qat‘iy ekanliklarini aytmoqda.

Vadim Abramovga ko‘ra, o‘yinchilari 2011 Osiyo Kubogi o‘yinlarida g‘alaba qozonishlari ham mumkin.

"O‘lim" guruhida hozircha hisobidagi 6 ochko bilan O‘zbekiston milliy terma jamoasi peshqadamlik qilmoqda.

Xitoy va Qatar milliy terma jamoalari ham bugun O‘zbekiston va Quvayt uchrashuvi ortidan maydonga tushishadi.

Quvaytga qarshi o‘yinda O‘zbekistonga tezkor hujumi qo‘l kelishi aytilgan bo‘lsa, xitoylik futbolchilarning uyushqoqligi qatarliklarni ancha qiynab qo‘yishi bashorat qilinmoqda.

O‘zbekistonlik taniqli futbol sharhlovchisi Abror Imomxo‘jayev Quvaytga qarshi o‘yinda O‘zbekistonning imkoniyatlarini quyidagicha baholagandi:

Мултимедиа ўйнаш бу қурилмада дастакланмайди