Olmaotada Osiyo Qishki O‘yinlari estafetasi boshlandi

Image caption Osiyo Qishki O‘yinlari 30-yanvarda boshlanadi

Olmaotada Osiyo Qishki O‘yinlari estafetasi chorshanba kuni boshlandi.

Qozog‘istonning ikki yirik shahri - Olmaota va Ostana 30-yanvar kuni boshlanadigan 7 - Qishki o‘yinlarga mezbonlik qiladi.

Bi-bi-si muxbiri Abdujalil Abdurasulovga ko‘ra, estafeta ishtirokchilarini olmaotaliklar bayroqlarni hilpiratib, olqishlar bilan kutib olishgan.

Osiyo Qishki O‘yinlari mash‘alasi Olmaotadan Qozog‘istonning barcha yirik shaharlari bo‘ylab olib o‘tiladi. Mash‘ala oxirida 30 - yanvar kuni ochilish marosimi o‘tadigan poytaxt Ostanaga yetkaziladi.

O‘yinlarda Osiyo qit‘asidan mingdan ortiq sportchi 11 kategoriya bo‘yicha medallar uchun bellashadilar.

Osiyo Qishki O‘yinlari hozirga qadar Qozog‘iston mezbonlik qilayotgan eng yirik sport tadbiridir.

Sharhlovchilar Qishki O‘yinlardan siyosiy maqsadlar ham ko‘zlanganini da‘vo qiladilar.

Mazkur tadbirning nafaqat Qozog‘iston imidji uchun balki mamlakat rahbari Nursulton Nazarboyevni yanada mashhur qilishda ham xizmat qilishi aytiladi.