Futbolchilarining 'O‘lim' guruhidan chiqishi O‘zbekistonda qanday aks-sado bermoqda?

Qatarning "Al-G‘arafa" stadionida bo‘lib o‘tgan hayot-mamot uchrashuvida Xitoy bilan 2:2 durang natijaga erishgan O‘zbekiston Osiyo Kubogi o‘yinlarining "O‘lim" guruhidan nimchorak finaliga chiqqan birinchi jamoa bo‘ldi.

Shunday ekan, ushbu natija qanchalik kutilgan ediyu, futbolchilarining 'O‘lim' guruhidan chiqishi O‘zbekistonda qanday aks-sado bermoqda? Bu xususda o‘zbekistonlik taniqli futbol sharhlovchisi Abror Imomxo‘jayev bilan suhbatimizni tinglang:

Мултимедиа ўйнаш бу қурилмада дастакланмайди

O‘zbekiston milliy terma jamoasining guruh bosqich uchrashuvlaridan chiqishi aynan ana shu uchrashuvga bog‘liq edi.

O‘zbekiston mag‘lubiyatga uchrab, Xitoy va Quvaytga qarshi yakuniy o‘yinida mezbon Qatarning g‘olib chiqishi, "A"guruhidan nimchorak finaliga chiquvchi ikki milliy terma jamoaning taqdirini faqat to‘plar orasidagi farqqa qoldirgan bo‘lardi.

Bu esa, O‘zbekistonning Osiyo Kubogi o‘yinlarining nimchorak finaliga chiqishi uchun Xitoyga qarshi o‘yinda kamida durang natijaga erishishini taqozo etardi.

O‘zbekiston bundan avval ham ikki bor Osiyo Kubogi o‘yinlarining nimchorak finaliga chiqishga muvaffaq bo‘lgan.

Ammo mezbon Qatar, Quvayt va Xitoy kabi kuch jihatdan bir-biridan qolishmaydigan jamoalar bilan bir guruhga tushgani bois bu gal ushbu sharafning ulardan qay biriga nasib etishi yakshanba kungi uchrashuvga qadar mavhum qolayotgandi.

Ayni shu bois ham guruh bu yilgi Osiyo Kubogi o‘yinlarining "O‘lim" guruhi deb atalgandi.

O‘zbekiston bir qadar ishonchsiz bashoratlarga qaramay, guruh bosqich saralash uchrashuvlarini ketma-ket g‘alaba bilan boshlagandi.

Ammo dastlabki uchrashuvida Quvayt milliy terma jamoasini ishonchli natija bilan mag‘lub etgan Xitoyning kutilmaganda mezbon Qatarga yengilishi so‘nggiga kelib "O‘lim" guruhidagi vaziyatni birmuncha chigallashtirib qo‘ygandi.

Qatarning Xitoy milliy terma jamoasi ortidan yakuniy uchrashuvda quvaytlik raqiblarini undan ham yirik - 3:0 hisobida mag‘lub etishi esa, guruhdagi vaziyatga butkul oydinlik kiritdi.

Shunday qilib, O‘zbekiston va Qatar 2011 yilgi Osiyo Kubogi o‘yinlarining nimchorak finaliga yo‘llanmani qo‘lga kiritgan dastlabki ikki jamoa bo‘lishdi.

Xo‘sh, o‘yin qanday kechdi?

Avvalboshdan bashorat qilinganidek, Xitoyga qarshi o‘yin juda shiddatli boshlandi.

Uchrashuvning ikkinchi daqiqasidayoq o‘zbekistonlik futbolchilarda hisobni ochish imkoniyati bo‘ldi. Ammo Server Jepparov boshlagan hujumni Maksim Shatskix muvaffaqiyatli nihoyasiga yetkaza olmadi.

Xitoy ham qarshi hujumga zo‘r berdi. Va oradan to‘rt daqiqa o‘tib, burchakdan to‘p tepish imkoniyatidan oqilona foydalandi. O‘yinda hisobni xitoyliklar ochishdi.

O‘zbekiston ham qarshi hujumda xitoyliklardan qolishmadi. Birinchi qism o‘rtalarida O‘zbekiston milliy terma jamoasi sardori Server Jepparovda hisobni tenglashtirish imkoni bo‘ldi. Ammo Server mohirlik bilan tepgan jarima to‘pini raqib darvozaboni zo‘rg‘a bo‘lsa-da, qaytarishga muvaffaq bo‘ldi.

Har ikki tomon yana hujumga zo‘r berishdi. O‘zbekiston milliy terma jamoasi darvozaboni Ignatiy Nesterovning mahoratigina o‘zbekistonliklar darvozasini bir necha bor aniq to‘pdan himoya qilib qoldi.

Ammo o‘zbekistonliklar ham bo‘sh kelishmadi. Server Jepparov, Maksim Shatskix va Aleksandr Geynrix raqiblari darvozasini ketma-ket nishonga olishdi.

Ikkinchi qismning dastlabki daqiqalarida ana shunday hujumlaridan biri ish berdi. Aleksandr Geynrix o‘z jamoadoshlarini oldinga olib chiqdi.

Ammo o‘yinning 56-daqiqasida o‘zbekistonliklar darvozasiga belgilangan jarima to‘pi yana hisobni tenglashtirdi. Xao Jun Minь o‘z jamoasiga pand bermadi.

Xitoyliklar bir daqiqa bo‘lsin hujumni bo‘shashtirishmadi. O‘zbekiston milliy terma jamoasiga bir necha bor mahoratli darvozaboni Ignatiy Nesterov qo‘l keldi.

Uchrashuv tugashiga 4 daqiqa qolgan paytda o‘zbekistonliklarda hisobda oldinga chiqib olishning yana bir oliymaqom imkoniyati bo‘ldi. Ammo Stanislav Andreyev tomonidan uzoqdan turib bo‘lsa-da, zarb bilan tepilgan to‘pni xitoyliklar darvozaboni qaytarishga muvaffaq bo‘ldi.

Shunday qilib, har ikki tomonning hayot-mamotini hal qiluvchi yakuniy uchrashuv durang hisobi bilan yakun topdi.

Qatarga qarshi so‘nggi uchrashuvida ketma-ket uchinchi bor mag‘lubiyat alamini tatigan Quvayt va Xitoy 2011 yilgi Osiyo kubogi o‘yinlarining hali guruh bosqichidanoq pastga qulashdi.

O‘zbekiston va Qatar milliy terma jamoalarining nimchorak finalidagi raqiblari 17 yanvar, ya‘ni bugun aniq bo‘ladi.

O‘zbekiston "B" guruhida ikkinchi natija ko‘rsatgan milliy terma jamoa bilan maydonga tushadi.

O‘zbekistonlik futbolchilarning bo‘lajak raqiblari Yaponiya, Iordaniya yoki Suriyadan biri bo‘ladi.

O‘zbekiston ishtirokidagi nimchorak uchrashuvi 21 yanvarga rejalangan. O‘yin "Xalifa" stadionida Qatar vaqti bilan 19:25 ga rejalangan.