Ravshan Ermatov bu gal dunyoning eng zo‘r ikki hakamidan biri deb topildi

Uch karra "Osiyoning eng zo‘r hakami" Ravshan Ermatov bu gal Xalqaro Futbol Tarixi va Statistikasi Uyushmasi tomonidan dunyodagi ikkita zo‘r hakamdan bittasi deb topildi.

Ravshan Ermatov xalqaro tashkilot ro‘yxatida 128 ochko bilan ikkinchi o‘rinni egalladi.

Bundan bor-yo‘g‘i 2 oycha avval Ravshan Osiyo Futbol Konfederatsiyasi tomonidan ketma-ket uchinchi bor "Yilning eng qoyilmaqom" hakami deb topilgandi.

Ravshan Ermatov Janubiy Afrikada bo‘lib o‘tgan so‘nggi Jahon chempionatida ham eng zo‘r hakamlardan biri deb tan olingandi.

2010 yilgi Jahon chempionatining ilk uchrashuvini ochib berish bilan Ravshan tanimaganga ham o‘zini tanitgan, bir birinchilikning o‘zida yarim final doxil besh bellashuvga hakamlik qilish bilan esa, nomi xalqaro rekordchilar ro‘yxatiga ham kirgandi.

Ravshan o‘z hakamlik faoliyati davomida erishgan bu kabi yutuqlari ortidan "O‘zbekiston Iftixori" nishoni bilan ham taqdirlangandi.

Xalqaro uyushmaning bu yilgi ro‘yxatida birinchi o‘rin 189 ochko to‘plashga muvaffaq bo‘lgan angliyalik hakam Hovard Vebbga nasib etdi.

Hovard Vebbning 2010 yilgi Jahon chempionatining final bosqichiga qilgan hakamligi esa, tanqidlar tig‘i ostida qolib ketgandi.

U Ispaniya va Hollandiya uchrashuvida 14 ta sariq va 1 ta qizil kartochka ko‘rsatib, xalqaro futbol tarixida rekord o‘rnatgan hakamlardan biriga aylangandi.

Dunyoning 20 ta eng zo‘r hakami Ovro‘po, Janubiy Amerika, Osiyo va Markaziy Amerikalik 13 mulozim tomonidan tanlab olingan.

2010 yilda "Osiyoning eng zo‘r hakami" tanlovida Ravshan Ermatovning asosiy raqiblaridan biri bo‘lgan yaponiyalik Yuichi Nishimura esa, Osiyodan juda yaxshi natija ko‘rsatgan ikkinchi hakam bo‘lgan. U ispaniyalik Alьberto Udiana bilan 14-15-o‘rinlarni egallagan.

Xalqaro uyushmaning 2009 yilgi ro‘yxatida esa, Ravshan Ermatov angliyalik Martin Atkinson bilan birga xuddi shu o‘rinlarni bo‘lishgandi.

Lekin, shunga qaramay, Ravshan o‘shanda Xalqaro Futbol Tarixi va Statistikasi Uyushmasi ro‘yxatida MDH davlatlarini namoyon etgan yakkayu yagona hakam edi.

Ravshan hozir Qatarda bo‘lib o‘tayotgan Osiyo Kubogi o‘yinlarida o‘z hakamlik mahoratini namoyon etmoqda.

Bi-bi-siga bergan so‘nggi intervьyusida Ravshan Ermatov bu yilgi asosiy niyatlaridan biri 2014 yilda Braziliyada bo‘lib o‘tajak Jahon chempionatiga yo‘llanmani qo‘lga kiritish ekanini aytgandi.