Mirjalol Qosimov: 'Iordaniyani shak-shubhasiz mag‘lub etamiz'

Yana sanoqli soatlardan so‘ng Qatarda bo‘lib o‘tayotgan Osiyo Kubogi o‘yinlarining ikkinchi chorak final uchrashuvida O‘zbekiston Iordaniyaga qarshi maydonga tushadi.

Ikkovlon bundan avval o‘yinlarning chorak finalida hech qachon bir-birlariga qarshi to‘p surishmagan.

Qay bir jamoa g‘olib chiqsa ham, bu ularning o‘z tarixlarida ilk bor Osiyo Kubogi o‘yinlarining yarim finaliga chiqishlari bo‘ladi.

Bugun bo‘lib o‘tgan dastlabki chorak final bellashuvida mezbon Qatarni 3:2 hisobi bilan mag‘lub etgan Yaponiya esa, yarim finalga chiqqan birinchi jamoa bo‘ldi.

O‘zbekiston milliy terma jamoasi sobiq bosh murabbiysi va o‘z vaqtida yulduz futbolchisi bo‘lgan Mirjalol Qosimovning Bi-bi-si bilan suhbatida aytishicha, bugungi uchrashuvda iordaniyaliklarni mag‘lub bo‘lishlari tayin:

Мултимедиа ўйнаш бу қурилмада дастакланмайди

O‘zbekiston ham, Iordaniya ham bu yilgi Osiyo Kubogi o‘yinlarining guruh bosqich bellashuvlarida deyarli bir xil natija ko‘rsatishgan.

O‘zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiysi Vadim Abramov bugungi uchrashuvda shogirdlari tarix yaratishlarini aytmoqda.

O‘zbekiston Osiyo Kubogi o‘yinlarida o‘z ishtirokini boshlagan 1996 yildan buyon hech qachon chorak finalidan uyog‘iga o‘tolmagan.

Vadim Abramovga ko‘ra, bugun ushbu ko‘rsatkichni o‘zgartirishning payti yetdi.

Boshqa arab milliy terma jamoalari bilan solishtirganda, O‘zbekiston va Iordaniya bir-birlariga yaxshi sinashta jamoalar emas.

Ikkovlon orasida yanvar oyi boshlarida bo‘lib o‘tgan o‘rtoqlik uchrashuvi esa, 2:2 durang hisobi bilan yakunlangan.

Ammo bugungi uchrashuvda iordaniyaliklarning o‘zbekistonlik futbolchilarga yaxshigina boshog‘rig‘i bo‘lgan sara hujumchisi O‘day as-Sayfiyning olgan jarohati tufayli maydonga tushmasligi kutilmoqda.

Bundan tashqari, Iordaniya milliy terma jamoasi sardori va yarim himoyachisi Hotam Oqilning ham bugungi uchrashuvdagi ishtiroki savol ostida qolmoqda.

Ammo O‘zbekiston milliy terma jamoasi bugungi o‘yinda ham tajribali o‘yinchilari Server Jepparov, Maksim Shatskix, Odil Ahmedov va Aleksandr Geynrixlarga orqa qilmoqda.

O‘zbekistonlik futbolchilar guruh bosqichlarida o‘tkazgan uchta uchrashuvning barchasida hujumkor o‘yin ko‘rsatib, o‘zlarini nimalarga qodirliklarini yaxshigina ko‘rsatib qo‘yishgan.