O‘zbekiston ilk bor Jahon chempionatida ishtirok etadi, qanday qilib deysizmi?

Фото муаллифлик ҳуқуқи BBC World Service
Image caption Surat O‘FF veb sahifasidan olindi

Futbol bo‘yicha O‘zbekiston qizlar milliy terma jamoasi mezbon davlat o‘laroq o‘z tarixida ilk bor Jahon chempionatida ishtirok etadi.

Kuni-kecha 2012 yilgi Jahon chempionatiga mezbonlik huquqini qo‘lga kiritishda O‘zbekiston kimsan Yangi Zelandiyani ortda qoldirgandi.

Shunday qilib, 20 yoshgacha bo‘lgan xotin-qizlar orasidagi navbatdagi Jahon chempionati kelasi yili O‘zbekistonda bo‘ladi.

O‘zbekiston shu paytgacha bu kabi Jahon miqyosidagi futbol turniriga mezbonlik qilmagan.

Jahon chempionatida dunyoning eng old 16 milliy terma jamoasi ishtirok etishi kutilmoqda.

Ularning orasida sobiq Jahon chempionlari AQSh, Olmoniya va Janubiy Koreya ham bor.

2012 yilgi Jahon chempionati bellashuvlarining Toshkent, Buxoro, Samarqand va Qarshi shaharlarida bo‘lib o‘tishi rejalanayotgani aytiladi.

O‘zbekiston bundan avval Osiyo miqyosida bo‘lib o‘tgan turli futbol bellashuvlarga mezbonlik qilgan.

Xabarlarga ko‘ra, 2012 yilgi Jahon chempionatiga mezbonlik avvaliga Vьetnamga berilgan.

Ammo FIFA so‘nggiga kelib, Vьetnam bu kabi yirik futbol tadbiriga mezbonlik qilishga hozir emas, degan qarorga kelgan.

Xalqaro tashkilot O‘zbekistonda xotin-qizlar futbolining shiddat bilan rivojlanayotgani ham yakuniy to‘xtamga kelishlarida O‘zbekiston foydasiga xizmat qilganini aytadi.

Agar o‘tgan yilgi ma‘lumotlarga qaralsa, futbol bo‘yicha O‘zbekiston xotin-qizlar milliy terma jamoasi FIFAning reytingida 48-o‘rinni egallagan.

Bu Markaziy Osiyo davlatlari orasidagi eng zo‘r, sobiq MDH mamlakatlari o‘rtasida esa, Rossiya, Ukraina va Belarusdan keyingi to‘rtinchi yaxshi ko‘rsatkichdir.

Futbol bo‘yicha xotin-qizlar orasida bir necha bor O‘zbekiston chempioni bo‘lmish Qarshining “Sevinch” jamoasi ko‘plab xalqaro musobaqalarning sovrindori sanaladi.

Mini-futbol bo‘yicha O‘zbekiston xotin-qizlar milliy terma jamoasi ham qit‘a va xalqaro miqyosdagi qator xalqaro turnirlarda nufuzli o‘rinlarni egallagan.

Ammo so‘nggi yillarda hukumat miqyosida futbolni rivojlantirish sa‘y-harakatlariga qaramay, O‘zbekistondagi ko‘plab stadionlarning bugungi ahvoli futbolchilar va ishqibozlarning tanqidlari ostida qolib kelayotgani ham bor gap.

20 yoshgacha bo‘lgan xotin-qizlar o‘rtasidagi 2012 yilgi Jahon chempionatini esa, oktyabrь oyida o‘tkazish rejalashtirilmoqda.

Qo‘shni Qozog‘iston esa, yaqinda mintaqa davlatlari orasida birinchi bo‘lib Qishki Osiyo O‘yinlari kabi nufuzli xalqaro tadbirga mezbonlik qilgan va 2022 yilgi Qishki Olimpiada O‘yinlarini ham o‘zlarida o‘tkazish da‘vosida ekanini yashirayotgani yo‘q.

Turkmaniston ham qit‘a va jahon miqyosidagi yirik xalqaro turnirlarga mezbonlik qilish uchun Markaziy Osiyodagi eng katta Olimpiya majmuasini qurishga kirishgan. 2016 yilda poyoniga yetishi kutilayotgan yangi loyihaning naq 5 milliard dollarga tushishi aytiladi.

Biz o‘zbekistonlik taniqli futbol sharhlovchisi Abror Imomxo‘jayev bilan bog‘lanib, avvaliga so‘nggi xushxabar O‘zbekistonda qanday qarshi olingani bilan qiziqdik:

Мултимедиа ўйнаш бу қурилмада дастакланмайди