Didьe Drogba o‘z ona Vatanida bu gal ham tinchlik o‘rnata oladimi?

Fil Suyagi qirg‘og‘i milliy terma jamoasi sardori va Londonning "Chelsi" klubi hujumchisi Didьe Drogbaning aytishicha, o‘z mamlakatida siyosiy barqarorlikni qaror toptirish uchun vatandoshlari bilan birga qo‘llaridan kelgancha harakat qilishmoqda.

Afrika Ittifoqi Fil Suyagi qirg‘og‘ida vujudga kelgan siyosiy inqirozga barham berish uchun Alassane Ouattara boshchiligida milliy birdamlik hukumatini tashkil etishni taklif etgandi.

Chunki jahon hamjamiyati janob Ouattarani o‘tgan yilgi ziddiyatli prezidentlik saylovlarida g‘olib chiqqan nomzod sifatida tan oladi.

Ammo prezidentlik kursisini topshirishni xayoliga ham keltirmayotgan Loren Gbagboning namoyandalari Afrika Ittifoqining taklifini rad etishmoqda.

O‘tmishda o‘z vatani bo‘lgan Fil Suyagi qirg‘og‘ida tinchlik o‘rnatilishi uchun ochiqchasiga kampaniya olib borgan dunyoning eng ko‘zga ko‘ringan futbolchilaridan biri Didьe Drogba Bi-bi-si bilan suhbatda o‘z tashvishlari bilan o‘rtoqlashgan:

Didьe Drogba: Men Fil Suyagi qirg‘og‘ida vaziyatning tinchlanishiga umid qilaman. Chunki undan barcha birdek azob chekmoqda. Faqatgina u yerda kasalxona qurayotgan jamg‘armam emas, mamlakat aholisi, kattayu kichik birdek jabr ko‘rmoqda. Bu men uchun nihoyatda qiyin va og‘riqli holatdir.

Bi-bi-si: Bundan bir necha yil muqaddam siz mamlakatning isyonkorlar qo‘lida bo‘lgan shimoliy Buake shahriga futbolchi sifatida milliy birdamlik istab borgandingiz. Hozir esa, barcha sa‘y-harakatlaringizning chippakka chiqqaniga guvoh bo‘lib turibsiz. O‘zingizni qanday his etayapsiz?

Didьe Drogba: Albatta, xafa bo‘lasan kishi. Lekin shu bilan bir paytning o‘zida g‘urur tuyg‘usini ham tuyasan. Chunki bugungi siyosiy inqiroz o‘sha paytda yuz bermaganiga, balki, bizning qilgan shuncha urinishlarimizning ham samarasi bo‘lgandir. Agar hozir ham qandaydir imkoniyat bo‘lsa, biz, so‘zsiz, undan ham foydalangan bo‘lardik.

Bi-bi-si: 2005 yilda siz yerga cho‘k tushib, ikki raqib tomonni qurollarini qo‘ldan qo‘yib, sulhu madoraga borishga undagan edingiz. Endi, bu gal nima qilmoqchisiz?

Didьe Drogba: Menimcha, hozir mamlakat siyosatida muhim o‘rin tutgan asosiy o‘yinchilarning gali. Chunki biz o‘z tomonimizdan qo‘limizdan kelgan barcha ishni qildik. Endi, ular eng avvalo xalqni o‘ylab, jiddiy qarorlarga borishlari kerak. Chunki ular bizning davlatimizni namoyon etishadi. Shuning uchun ham ana shu insonlar xalqimizning tinchini o‘ylab, siyosiy inqirozga barham berishlari lozim.

Bi-bi-si: O‘tgan yili Fil Suyagi qirg‘og‘i davlati prezidentiga boshqa vatandosh futbolchilar bilan yo‘llagan maktubingizda vaziyatni o‘nglash uchun saylovlar o‘tkazishni so‘ragandingiz. Mana, saylovlar ham bo‘lib o‘tdi. Ammo bitta prezidentning o‘rniga ikkitasi siyosiy sahnaga kelmadimi?

Didьe Drogba: Ha, xuddi shunday vaziyat yuzaga keldi. Lekin mavjud holat o‘zgaradi, biz muammoning yechimini topamiz va mamlakatimiz uchun xatarli bo‘lgan qon to‘kilish hollariga barham bera olamiz, deb o‘ylayman.

Bi-bi-si: Shu oy oxirida milliy terma jamoangiz Abujada Beninga qarshi Afrika Davlatlari Kubogining saralash bosqich uchrashuvini o‘tkazadi. Bu safar ham ushbu uchrashuv avvalgilaridek davlatingizdagi vaziyatni o‘nglashga yordam berishi mumkinmi?

Didьe Drogba: Biz bu gal ham futbolning kuchiga ishonamiz. Og‘ir kunlarni boshidan kechirayotgan bir paytda o‘z o‘yinimiz bilan xalqimiz ko‘ngliga ozgina bo‘lsa ham shodlik ulasha olishimizga umid qilamiz.