Devid Hey Ruslan bilan emas, Vladimir bilan ringga tushmoqchi

Image caption Ruslan Chagayev may oyida Jahon chempionligi kamari uchun britaniyalik bokschi Devid Hey bilan jang olib borishi kutilgandi

Professional boksning WBA tasnifi bo‘yicha eng og‘ir vazn toifasida amaldagi Jahon chempioni Devid Heyning da‘vo qilishicha, o‘zbekistonlik dongdor raqibi Ruslan Chagayev bilan shu yilning may oyiga rejalangan janggi bekor qilingan.

Ruslan Chagayev ayni vazn toifasida jahon chempionligi kamari uchun kurashda Devid Hey ringga tushishi shart bo‘lgan birinchi raqamli bokschi sanaladi.

Shunday ekan, Ruslan Chagayev bu xususda nima deydi? Biz ushbu savol bilan hozir Olmoniyaning Universum Box Promotion klubida shug‘ullanayotgan Ruslanning o‘ziga bog‘landik:

Мултимедиа ўйнаш бу қурилмада дастакланмайди

Xabarlarga ko‘ra, gepatitning "Bi" shakli bilan og‘rigani tufayli Ruslan Chagayev Britaniyada jang olib borish huquqini qo‘lga kiritish uchun muammolarga to‘qnash kelgan.

Devid Heyning vakillari Ruslan Chagayev jamlog‘i bilan bo‘lajak jang haqidagi muzokaralarini o‘tgan oy boshida boshlashgandi.

Buning ortidan Ruslan Chagayevning qon namunalari Britaniya Boks kengashi ixtiyoriga havola etilgandi.

Britaniya Boks kengashining ijobiy xulosasi esa, bo‘lajak jangning taqdirini hal qilishi aytilgandi.

Biroq, Devid Heyning da‘volariga qaramay, kengash bu xususda o‘zining yakuniy xulosasini rasman bayon qilganicha yo‘q.

Ruslan Chagayevning o‘zi esa, BBC bilan suhbatida gepatitning "Bi" shakli bilan og‘riganiga oid xabarlarni rad etgandi.

Devid Heyning so‘zlariga qaralsa, endi WBO va IBF tasnifi bo‘yicha eng vazn toifasida Jahon chempioni bo‘lgan ukrainalik bokschi Vladimir Klichko bilan ringga tushishga umid qilmoqda.

Ruslan bundan ikki yil avval aynan Vladimir Klichkodan mag‘lubiyatga uchrab, chempionlik kamaridan butkul mosuvo bo‘lgandi.

Ammo o‘tgan yil may oyida avstraliyalik raqibi Kali Mianni yengib, yana chempionlik kamariga da‘vogarlik qilish huquqini qo‘lga kiritgandi.

"Undaymi yoki bunday, keyingi janggim iyul oyida bo‘ladi. Va uning Vladimir Klichkoga qarshi bo‘lishiga umidvorman," deb aytgan Devid Hey kuni-kecha BBCga bergan suhbatida.

Bo‘lajak jang tafsilotlari haqida bir to‘xtamga kela olmaganliklari uchun ikkovlon orasidagi muzokaralar o‘tgan dekabr oyida boshi berk ko‘chaga kirib qolgandi.

Devid Heyning umid qilishicha, hozir Vladimir Klichko jamlog‘i bilan deyarli kelishib olishgan va jang 2 iyul kuni bo‘lib o‘tishi mumkin.

Britaniyalik bokschi shu yilning oxiriga qadar Vladimirning ukasi, professional boksning WBC tasnifi bo‘yicha eng og‘ir vazn toifasida Jahon chempioni Vitaliy Klichkoga qarshi ham ringga tushmoqchi ekanini tasdiqlagan.

30 yoshli Devid Hey har ikki raqibini mag‘lub etib, eng og‘ir vazn toifasida barcha tasnifdagi Jahon chempioni unvonlarini birlashtirib, oktyabr oyida iste‘foga chiqish niyatida ekanini ochiqcha aytib keladi.

Kuni-kecha ukrainalik bokschi Vladimir Klichkoning olgan jarohati tufayli britaniyalik raqibi Devid Chisora bilan shu yilning 30 apreliga rejalangan jangini bekor qilishi esa, bu kabi gap-so‘zlarni yanada qizitgan.