'Bunyodkor' Osiyo chempionlar ligasida ilk mag‘lubiyatiga uchradi - bunga Mirjalol Qosimov nima deydi?

Image caption Jamoa bosh murabbiysi Mirjalol Qosimov bu yil ham "Bunyodkor"ning maqsadlari oliy ekanini aytadi

Doimo Osiyo chempioni bo‘lish orzusidagi "Bunyodkor" Osiyo chempionlar ligasi guruh bosqich saralash uchrashuvlarida o‘zining ilk mag‘lubiyatiga uchradi.

Saudiya Arabistonining ikki karra Osiyo chempioni "Al-Ittihod" jamoasi kecha "Bunyodkor"ni Toshkentda, o‘z maydonida 1:0 hisobi bilan mag‘lub etdi.

"Bunyodkor" Osiyo chempionlar ligasidagi "Al-Vahda"ga (Birlashgan Arab Amirliklari) qarshi dastlabki uchrashuvini 2:2 durang hisobi bilan yakunlagandi.

Qaldirg‘ochlar O‘zbekistonning xalqaro futbol olamida nomi yaxshi tanish, eng serxarj va osmono‘par jamoasi hisoblanishardi.

Uch karra O‘zbekiston chempioni olamshumul maqsadlariga yetishish uchun 2009 yilda jahon tasnifidagi braziliyalik dongdor murabbiy Luiz Felippe Skolari ham ishga yollagandi.

Ammo "Bunyodkor"ning Osiyo chempionlar ligasidagi ketma-ket mag‘lubiyati ortidan "dunyoning eng qimmat" murabbiysi o‘tgan yili muddatidan ilgari klubni tark etgandi.

O‘z o‘rnida shuni ham e‘tirof etish kerakki, "Bunyodkor" o‘zining qisqa tarixida Osiyo chempionlar ligasida yaxshigina nom qozonib ulgurgan.

2008 yilda liga o‘yinlarining yarim, o‘tgan yili esa chorak finaliga qadar chiqishga muvaffaq bo‘lgan.

Biroq hozircha O‘zbekiston chempioniga qit‘a g‘olibi bo‘lish nasib etmagan.

Ammo "Bunyodkor" bu yil braziliyalik tajribali futbolchilarisiz ham maydonga tushmoqda.

Shartnomalari miqdori rasman ochiqlanmagan esa-da, klub o‘z vaqtida Rivalьdo va Denilson kabi braziliyalik futbol yulduzlarini ham sotib olgandi.

Rivalьdo “Bunyodkor”ga o‘tgan ikki yil ichida jamoa ikki bor ketma-ket O‘zbekiston chempionligini qo‘lga kiritgan, Osiyo chempionlar ligasining yarim va chorak finallariga chiqishga muvaffaq bo‘lgandi.

38 yoshda ekaniga qaramay, “Bunyodkor” erishayotgan yutuqlar va ko‘zlayotgan olamshumul maqsadlariga erishishida Rivalьdoning o‘rni beqiyos edi.

Tajribali legionerlarining o‘tgan yili "Bunyodkor"ni tark etishlariga esa, klubning asosiy homiylaridan bo‘lgan Zeromax shirkati hisoblarining muzlatilishi vajidan u yuz tutayotgan moliyaviy qiyinchiliklar sabab bo‘lgani aytilgandi.

"Zeromaks" neft va gaz sohasida faol bo‘lib, O‘zbekiston Prezidentining to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimovaga aloqasi bor, deb ishonilardi.

Biz "Bunyodkor" klubining joriy murabbiysi, O‘zbek futboli yulduzi Mirjalol Qosimov bilan bog‘lanib, klubning bu yil qanday maqsadlarni ko‘zlayotgani bilan qiziqdik:

Мултимедиа ўйнаш бу қурилмада дастакланмайди