19-bor Angliya chempioni bo‘lgan qizil iblislar rekordsmenga ham aylanishdi

Фото муаллифлик ҳуқуқи BBC World Service

So‘nggi uchrashuvida "Blackburn"ni mag‘lub etolmagan bo‘lsa ham, "Manchester United" muddatidan ilgari Angliya chempioni bo‘ldi.

Qizil iblislar 19-bor Angliya chempionligini qo‘lga kiritish bilan joriy mavsumda boshi tanqidlardan chiqmagan "Liverpool"ning rekordini ham yangilashdi.

18 marta Angliya chempioni bo‘lgan "Liverpool"ning rekordini uzoq yillar davomida hech kim buzishning uddasidan chiqmay kelayotgandi.

Shunday qilib, ser Aleks Fergyuson bergan va‘dasini bajardi: "Liverpool" taxtdan quladi.

Angliya Kubogi esa, Roberto Manchini shogirdlariga nasib etdi.

Uning boyvachcha moviylari final uchrashuvida "Stoke City"ni 1:0 hisobida mag‘lub etib, o‘tgan 35 yil badalida erisholmagan sharafga noyil bo‘lishdi.

G‘alaba to‘pini o‘yinning 74-daqiqasida fil suyagi qirg‘og‘ilik o‘yinchisi Yaya Ture kiritdi.

Klub sohiblari sarflagan shuncha pullar ham besamar ketmadi, o‘tgan hafta o‘rtalarida "Tottenham"ni mag‘lub etgan "Manchester City" joriy mavsum natijalariga muvofiq, chempionlar ligasida o‘ynash huquqini ham qo‘lga kiritdi.

"Tottenham" ham, mavsum oxiriga kelib g‘ayrati jo‘sh urib ketgan "Liverpool" ham mum tishlab qoladigan ko‘rinishadi.

Beqaror o‘yini bilan muxlislarining yuragini o‘ynatib, murabbiysining taqdirini savol ostida qoldirgan "Chelsea" esa, bu yil chempionlikdan quruq qoldi.

Mavsum yakuniga kelib, chempionlik sharafini himoya qilishning qoyilmaqom imkoniyati bo‘lsa-da, hal qiluvchi uchrashuvda aynan qizil iblislarga yutqazib qo‘yishi jamoaning so‘nggi umidlarini ham chippakka chiqardi.

Rossiyalik milliarder Roman Abramovichning moviylari o‘tgan 3 yil badalida kuzatilmagan bir ravishda mavsumni quruq qo‘l bilan yakunlaydigan bo‘lishdi.

Chempionlar ligasi, Angliya Kubogi,.."Chelsea" bu yil hech narsani eplolmadi.

Shartnomasining yana bir yili qolgan bo‘lsa-da, moviylarning bu kabi muvaffaqiyatsizligi Karlo Anchelottining klubdagi taqdiri borasidagi gap-so‘zlarni ham qizitib yubordi.

Karlo Anchelottining aytishicha, taqdiri yana bir haftadan so‘ng, joriy futbol mavsumi nihoyasida hal bo‘ladi.

Harri Rednapp, Mark X'yuz va Porto bosh murabbiysi Andre Villash Boash - uning o‘rniga kim kelishi haqidagi taxminlar ham allaqachon muhokama mavzusiga aylangan.

Dongdor klubning bu kabi muvaffaqiyatsizligi esa, mahalliy matbuotda yana kimning aybdor ekani borasidagi muhokamalarni qizitgan.

Murabbiy futbolchilarini, o‘yinchilari murabbiysini himoya qilgan chiqishlardan umumiy xulosa shuki, jamoa hujumida keskirlik yetishmagan.

"Jamoaga nima kerak - qoyilmaqom hujumchi kerak!" - ana sizga xulosa!