Alisher Usmonov "Arsenal" klubidagi hissasini yana oshirdi

Image caption Amerikalik tadbirkor Sten Kronke "Arsenal" klubini butkul sotib olish niyatida

Asli o‘zbekistonlik milliarder Alisher Usmonov Londonning "Arsenal" futbol klubidagi hissalari miqdorini yana ko‘paytirgan. Endi u 29% hissaga ega.

Aprel oyida rossiyalik tadbirkor Usmonov "Arsenal"ning yana bir hissadori, amerikalik Sten Kronkening 100% aktsiyalarni sotib olish harakatlariga qaramay, o‘z hissasini sotish niyati yo‘qligini bildirgandi.

"Red & White bugunda "Arsenal" klubining 29% aktsiyasiga ega ekanini e‘lon qiladi", deyiladi Usmonov boshqaruvchi Red & White Holdings sarmoya shirkatining rasmiy bayonotida.

56 yoshli Usmonov - Toshkentlik sobiq prokurorning o‘g‘li, Rossiyadagi MGIMO oliygohi bitiruvchisi, va bugunda taniqli tadbirkor, metallurgiya va matbuot shirkatlari hissalari egasi, filantrop va san‘at asarlari kollektsioneri.

Image caption Alisher Usmonov "Arsenal"ni sevishini va hissador bo‘lib qolishni istashini bir necha bor bildirgan

Forbes jurnali uning boyligini 1,6 milliard dollarga teng deya baholagan.

U 2007 yilda "Arsenal" raisining muovini Devid Dinning 14 foizlik hissalarini 75 million funtga sotib olib, klub hissadoriga aylangandi.

2009 yil dekabrida esa u o‘z hissalari miqdorini 26%ga oshirgan.

Amerikalik raqib

Hozirda janob Kronke "Arsenal"ning eng yirik aktsiyalar paketiga egalik qiladi. Bu paket 62,89% hissani tashkil qiladi.

U aprel oyida Denni Fishmandan 16,1% va Ledi Nina Breysuell-Smitdan 15,9% hissalarni 234 million funtga sotib olgandi.

29 foizlik chiziqdan o‘tgach, Kronke qolgan barcha aktsiyalarni bozor narxida sotib olish huquqiga ega bo‘ldi.

"Arsenal" klubining umumiy qiymati - 731 million funt (tahminan 1,2 milliard dollar).

Ammo, Kronkening klubni sotib olishi yo‘lidagi kelishuvlarni nihoyasiga yetkazishi uchun zarur bo‘lgan aktsiyalarning aksariyati Usmonovning qo‘lida.

Usmonov janoblari, Kronkedan farqli o‘laroq, klub direktorlari kengashi tarkibiga kirmasa-da, o‘z hissalaridan ajralishni istamayapti.