Jahon chempionati: O‘zbekiston milliy terma jamoasi chorak finalda!

Фото муаллифлик ҳуқуқи Getty Images

Meksikada bo‘lib o‘tayotgan o‘smirlar orasidagi Jahon chempionatining play-off bosqichida Avstraliya milliy terma jamoasini yirik 4:0 hisobi bilan mag‘lub etgan o‘zbekistonlik futbolchilar chorak finalga yo‘llanmani qo‘lga kiritishdi.

Bu O‘zbekiston yoshlar milliy terma jamoasi Jahon chempionatida qayd etgan yana bir tarixiy yutuqdir.

Chunki o‘zbekistonlik o‘smirlarga shu paytga qadar Jahon birinchiligining chorak finaliga chiqish nasib etmagan.

O‘zbekistonlik yosh futbolchilar Meksikada ketma-ket tarixiy natijalarga erishishmoqda.

Ular guruh bosqich uchrashuvlarida amerikalik raqiblarini yengib, o‘z tarixlarida ilk g‘alabalarini qo‘lga kiritishgandi.

Buning ortidan, kimsan chexlarni mag‘lub etib, o‘zlari to‘p surayotgan "D" guruhida birinchi o‘rinni egallab, play-off bosqichiga chiqishdi.

Play-off bellashuvlarida esa, Osiyoning eng ko‘zga ko‘ringan jamoalaridan biri - Avstraliyani yirik hisob bilan yengishga muvaffaq bo‘lishdi.

Ular erishgan g‘alabaning yana bir muhim jihati shundaki, O‘zbekiston kattalar milliy terma jamoasi aynan avstraliyaliklarga yirik hisob bilan yutqazib, so‘nggi Osiyo Kubogining yarim finalidan pastga qulagandi.

O‘zbekistonlik yosh futbolchilar avstraliyalik raqiblari bilan bundan avval 2010 yilgi Osiyo chempionatining yarim finalida uchrashishgandi.

Toshkentda bo‘lib o‘tgan o‘yinda ham O‘zbekiston milliy terma jamoasi ularni 2:1 hisobida mag‘lub etgandi.

Ammo finalda shimoliy koreyaliklarga yutqazib qo‘ygan futbolchilarimiz Osiyo chempionatining kumush medali bilan kifoyalanishga majbur bo‘lishgandi.

Torreonda bo‘lib o‘tgan play-off uchrashuvida yana Abbosbek Maxstaliyev, Timur Hakimov va Davlatbek Yorbekovlar o‘zlarini ko‘rsatishdi. Hujumning ustiga hujum uyushtirishdi.

Avstraliya milliy terma jamoasi esa, o‘zbekistonliklar darvozaboni G‘anisher Xolmurodovning darvozasiga biror bir jiddiyroq tahdid solishning ham uddasidan chiqishmadi.

Endi esa, O‘zbekiston o‘smirlar milliy terma jamoasining chorak finaldagi raqibi Urugvay bo‘ladi.

Ikkovlon orasida uchrashuv 3 iyul kuni Meksikaning Monterrey shahrida bo‘lib o‘tadi.

O‘zbekistonlik futbolchilar o‘zlarining qoyilmaqom o‘yinlari bilan Meksikada katta shov-shuvlarga sabab bo‘lishmoqda.

Biz o‘zbekistonlik faxriy futbol sharhlovchisi Axbor Imomxo‘jayevni suhbatga chorlab, Avstraliya ustidan g‘alaba o‘zlari uchun qanchalik kutilmagan bo‘lganini so‘radik:

Мултимедиа ўйнаш бу қурилмада дастакланмайди