Ruslan Chagayevning bashorati to‘g‘ri chiqdi, ammo u jang haqida nima deydi?

Фото муаллифлик ҳуқуқи AFP Getty Image
Image caption Ruslan Chagayev bashorati to‘g‘ri chiqib, Jahonning super chempionligi uchun jangda sobiq raqibi ukrainalik dongdor bokschi Vladimir Klichko g‘olib chiqqanini aytadi

Jahonning super chempionligi uchun Olmoniyaning Gamburg shahrida o‘zbekistonlik dongdor bokschi Ruslan Chagayevning ashaddiy ikki raqibi o‘rtasidagi jang Vladimir Klichko foydasiga hal bo‘ldi. Ruslanning bashorati to‘g‘ri chiqdi.

Britaniyalik bokschi Devid Hey oylar davomida qilgan da‘volariga qaramay, jangda ukrainalik raqibiga munosib qarshilik ko‘rsata olmadi.

Vladimir Klichko ochkolar hisobiga erishgan so‘nggi g‘alabasi ortidan professional boksning IBF, WBO va WBA yo‘nalishlari bo‘yicha chempionlikni qo‘lga kiritgan super chempion, deb topildi.

Devid Hey esa, jang arafasida o‘zi ham aytib o‘tganidek, so‘nggi mag‘lubiyati ortidan "shu paytgacha boksda erishgan barcha yutuqlaridan mosuvo bo‘ldi".

Vladimir Klichkodan professional boksda o‘zining ilk mag‘lubiyatiga uchragan Ruslan Chagayev esa, jang arafasida aynan sobiq raqibining g‘olib chiqishini bashorat qilgandi.

Ruslanning jang ortidan BBC O‘zbek Xizmatiga bergan suhbatida aytishicha, shanba kungi jang xuddi o‘zi o‘ylagandek o‘tgan.

"Men agar Devid Hey uchinchi raundgacha nokaut yoki nokdaun bo‘lmasa, jang oxirigacha davom etadi va Vladimir Klichko ochkolar hisobida g‘olib chiqadi deb kutgandim", deydi Ruslan.

Image caption Ruslan Chagayev shanba kungi jang ortidan yana eng og‘ir vazn toifasida Jahon chempionligi kamarini qaytarib olish uchun ringga tushishi mumkin bo‘ladi

Devid Hey professional boksning eng og‘ir vazn toifasi bo‘yicha Jahon chempionligi uchun kurashda Ruslan Chagayevga qarshi ringga tushishi shart bo‘lgan birinchi raqamli bokschi sanalardi.

Ammo shu yilning mart oyida Devid Hey Ruslan bilan may oyiga rejalangan janggi bekor qilingani, uning o‘rniga Vladimir Klichko bilan ringga tushmoqchi ekanini e‘lon qildi.

Ruslanning aytishicha, o‘zi bilan jang qilishning o‘rniga Vladimir Klichkoni tanlagan Devid Hey so‘nggi jangda raqibiga qarshi hech narsa qilolmadi.

"Devid himoyada yaxshi edi, oyoqda ham yaxshi ishladi. Ammo boks shundayki, agar zarba bermasangiz, birgina bu kabi harakatlaringiz uchun sizga ochko berishmaydi", deydi Ruslan.

O‘zbekistonlik dongdor bokschi, o‘z o‘rnida, Vladimir Klichkoning taktikasi yaxshi ekani, jang oxirigacha raqibi bilan oradagi masofani yaxshi his qilgani uning g‘alabasini ta‘minlaganini ham ta‘kidlaydi.

Ammo Ruslan Devid Hey bilan ringga tushgan taqdirda, boshqacha jang olib borgan bo‘lishi, qanday ekanini gap bilan aytib o‘tirishning o‘rniga, amalda ko‘rsatishni afzal bilishini aytadi.

Ruslanga ko‘ra, Devid Heyning mag‘lubiyatidan mamnun bo‘lmagan.

"Chunki uning Vladimir Klichkoga mag‘lub bo‘lganining o‘ziyoq hayot hamma narsani o‘rni-o‘rniga qo‘yishini ko‘rsatdi", deydi o‘zbekistonlik dongdor bokschi.

Shanba kungi jang ortidan Jahonning super chempioni aniqlanib, endi professional boksning eng og‘ir vazn toifasida Jahon chempionining o‘rni bo‘shadi.

Ruslanning so‘zlaridan ayon bo‘lishicha, tez orada o‘z kamarini qaytarib olish uchun rossiyalik bokschi Aleksandr Povetkin bilan ringga tushishni ko‘zlamoqda.

Ruslan Chagayevning Gamburgdagi jang ortidan bizga bergan suhbatini tinglash uchun pleyyerni o‘ynang:

Мултимедиа ўйнаш бу қурилмада дастакланмайди