Jahon chempionati: Urugvay O‘zbekistonning orzularini chippakka chiqardi

Meksikada bo‘lib o‘tayotgan o‘smirlar o‘rtasidagi Jahon chempionatining chorak final uchrashuvida O‘zbekiston milliy terma jamoasi urugvaylik raqiblariga 2:0 hisobida mag‘lub bo‘ldi.

Yakshanba kuni Meksikaning Monterrey shahrida bo‘lib o‘tgan o‘yindagi g‘alabasi ortidan Urugvay o‘smirlar milliy terma jamoasi Jahon birinchiligining yarim finaliga chiqqan ilk jamoa bo‘ldi.

O‘zbekistonlik futbol mutaxassislariga ko‘ra, Urugvayga qarshi o‘yinda o‘smirlarimizga toliqqanliklari pand berib qo‘ygan.

Jahon chempionatining final bosqich bellashuvlarida ilk bor ishtirok etgan O‘zbekiston milliy terma jamoasi chorak finalga qadar tarixiy yutuqlarga erishib kelayotgandi.

Ular bunga qadar faqat ilk o‘yinda Yangi Zelandiyalik raqiblariga yutqazib qo‘yishgandi, xolos.

Bundan keyin hujumkor o‘yinda AQSh, Chexiya va Avstraliyani mag‘lub etgan O‘zbekiston o‘smirlar milliy terma jamoasi chorak finalga ketma-ket g‘alaba bilan chiqqandi.

O‘zbekistonlik o‘smir futbolchilarning mahorati Meksikada ko‘plab futbol tanqidchilarining olqishlariga sazovor bo‘lgan va milliy terma jamoa Meksikadagi Jahon chempionatining "topildig‘i" sifatida baholanayotgandi.

Futbol mutaxassislari orasida ularning yangi Jahon chempioni bo‘lishlarini bashorat qilayotganlar ham ozmuncha emasdi.

O‘zbekiston o‘smirlar milliy terma jamoasi ham o‘z tarixida hali bu kabi yutuqlarga erishmagandi.

So‘nggi Osiyo chempionatida esa, futbolchilarimiz final bosqichiga chiqishgan, biroq shimoliy koreyaliklarga yengilib, ikkinchi o‘rin bilan kifoyalanishgandi.

O‘zbekiston kattalar milliy terma jamoasi esa, so‘nggi Osiyo Kubogida ilk bor yarim finalga chiqqan, biroq ular ham avstraliyaliklarga yengilib, pastga qulashgandi.

Agar chorak finalda Urugvayni yenggan taqdirlarida, o‘zbekistonlik futbolchilar Braziliyaga qarshi to‘p surgan bo‘lishardi.

Chunki kecha Osiyoning eng kuchli jamoasi sanalgan Yaponiyani 2:3 hisobida mag‘lub etgan braziliyaliklar ham yarim finalda o‘ynash huquqini qo‘lga kiritishdi.

Endi, esa Jahon chempionatining final bosqichiga chiqish uchun Urugvay 7 iyul kuni Braziliyaga qarshi to‘p suradi.

Urugvayning kattalar milliy terma jamoasi esa, 2010 yilgi Jahon chempionatida ozmuncha shov-shuvga sabab bo‘lmagan, birinj medali uchun kechgan qaqshatqich o‘yinda olmonlarga yutqazib qo‘ygandi.

Chorak finalning qolgan ikki uchrashuvi bugun bo‘lib o‘tadi.

Olmoniya - Angliya, Frantsiya - Meksika uchrashuvida yarim finalda to‘p suruvchi qolgan ikki milliy terma jamoaning taqdiri hal bo‘ladi.

Biz O‘zbekiston o‘smirlar milliy terma jamoasining Meksikadagi o‘yinlarini yaqindan kuzatib kelayotgan faxriy sharhlovchi Axbor Imomxo‘jayev bilan bog‘lanib, futbolchilarning chorak finaldagi mag‘lubiyatlari sababini so‘radik:

Мултимедиа ўйнаш бу қурилмада дастакланмайди