Ruslan Chagayev 28 avgust kuni Jahon chempionligi uchun yana ringga tushmoqchi

Image caption O‘zbekistonlik dongdor bokschi Ruslan Chagayev 2007 yilda ilk bor professional boksda eng og‘ir vazn toifasida Jahon chempionligini qo‘lga kiritgan

O‘zbekistonlik dongdor bokschi, professional boksning "Oq Tayson"i Ruslan Chagayev WBA yo‘nalishi bo‘yicha eng og‘ir vazn toifasida Jahon chempionligi kamarini qaytarib olish uchun shu yilning 28 avgust kuni rossiyalik bokschi Aleksandr Povetkinga qarshi ringga tushmoqchi.

Ruslan Chagayevning BBC O‘zbek Xizmati bilan suhbatida aytishicha, bo‘lajak jang masalasida har ikki tomon deyarli kelishib bo‘lishgan.

"Bu xususda faqat rasman shartnomaga imzo chekish qolgan, xolos", deydi Ruslan.

Unga ko‘ra, bu ish ham shu haftalarda bitadi.

Bo‘lajak jangning Olmoniyaning Erfurt shahrida bo‘lib o‘tishi kutilmoqda.

Ruslan ayni shu omilni nazarda tutib, rossiyalik raqibi bilan janggining amalga oshishiga hech bir to‘siq bo‘lmasligiga umid qilayotganini aytadi.

O‘zbekistonlik dongdor bokschi esa, bir necha yildan buyon Olmoniyaning Universum Box-Promotion klubida shug‘ullanib keladi.

Tarixcha o‘rnida

Image caption Ruslan aslida shu yilning may oyida britaniyalik bokschi Devid Heyga qarshi ringga tushishi lozim edi. Ammo Ruslanning o‘rniga Vladimir Klichko bilan jang olib borgan Devidning mag‘lubiyatini tan olishdan boshqa chorasi qolmadi

Ruslan bundan ikki yil avval ukrainalik bokschi Vladimir Klichkodan mag‘lubiyatga uchrab, eng og‘ir vazn toifasida chempionlik kamaridan butkul mosuvo bo‘lgandi.

Ammo o‘tgan yil may oyida avstraliyalik raqibi Kali Mianni yengib, yana chempionlik kamariga da‘vogarlik qilish huquqini qo‘lga kiritgandi.

O‘sha yilning noyabr oyida Olmoniyaning Hamburg shahrida bo‘lib o‘tgan so‘nggi jangida amerikalik raqibi Trevis Uokerni ham mag‘lub etib, bundan keyingi janggi albatta Jahon chempionligi kamari uchun bo‘lishini aytgandi.

Ruslan shu yilning may oyida britaniyalik bokschi Devid Hey bilan ringga tushishi kutilgandi.

Ammo jangga sanoqli oylar qolgan bir paytda Devid Hey Vladimir Klichko bilan jang olib borish niyatida ekanini e‘lon qilgandi.

Shu yilning 2 iyul kuni professional boksda Jahonning super chempionligi uchun olib borilgan jangda Devid Hey raqibiga yengilib, unga chempionlik kamarini oldirib qo‘ydi.

Jahonning super chempionini aniqlab bergan ana shu jang ortidan esa, professional boksning eng og‘ir vazn toifasida Jahon chempionligi vakantsiyasi bo‘shagan.

Ruslan Chagayev 2007 yilning 14 aprel kuni rossiyalik raqibi Nikolay Valuyevni yengib, ilk bor professional boksning WBA yo‘nalishi bo‘yicha eng og‘ir vazn toifasida Jahon chempioni bo‘lgandi.

Bo‘lajak raqib

Фото муаллифлик ҳуқуқи AFP
Image caption Amalga oshsa, bu - Aleksandr Povetkinning professional boksda Jahon chempionligi uchun olib boradigan ilk janggi bo‘ladi

Aleksandr Povetkin 2005 yilda professional boksga o‘tgan.

Olmoniyadagi taniqli Sauerland Event promouterlik shirkati homiyligi ostida ringga tushadi.

Professional boksda 19 ta jang o‘tkazgan bo‘lsa, ularning hammasida g‘olib chiqqan.

Havaskor boksda bir necha bor Rossiya, Ovro‘po chempioni. Jahon va Olimpiada O‘yinlarining oltin medalini ham qo‘lga kiritgan.

Ammo ayrim boks mutaxassislari uning himoyada aniq harakat qilolmasligi va raqibini nokaut qilish darajasida kuchli zarbaga ega emasligiga ham e‘tibor qaratishadi.

WBA reytingida Ruslan Chagayevdan keyin 2-o‘rinni egallab turibdi.

2009 yildan boshlab amerikalik murabbiy Teddi Atlas qo‘l ostida shug‘ullanib keladi.

Ammo shu yil boshida mashg‘ulotlarni qayerda olib borish masalasida kelisha olmay, vaqtinchalik murabbiysiz qolgani ham aytiladi.

Amalga oshsa, bu - Aleksandr Povetkinning professional boksda Jahon chempionligi uchun olib boradigan ilk janggi bo‘ladi.

Havaskor boksda bir necha bor Osiyo va Jahon chempionlari bo‘lgan Ruslan Chagayev esa, eng og‘ir vazn toifasida dunyodagi eng kuchli bokschilardan biri sanaladi.

O‘zbekistonlik taniqli bokschi professional boksda bundan avval o‘tkazgan 26 ta jangining 24 tasida g‘alaba qozongan, bittasida mag‘lub bo‘lgan va yana bittasini durang hisobi bilan yakunlagan.

Ruslan Chagayev kubalik afsonaviy bokschi Feliks Savonni ikki bor mag‘lub eta olgan yagona xorijlik bokschi sifatida ham butun jahonga mashhur.

O‘zbekistonlik dongdor bokschi bo‘lajak raqibining yaxshi sportchi ekani, biroq undan zarracha cho‘chimasligi, hamma narsa ringda hal bo‘lishini aytadi.