Endi Samuel Eto'O ham Maxachqal‘aning 'Anji'siga o‘tmoqchi

Xabarlarga ko‘ra, Italiyaning "Inter"(Milan) klubi prezidenti Massimo Moratti "Anji" klubining kamerunlik yulduz hujumchisi Samuel Eto'Oni o‘zlariga sotishga oid taklifini qabul qilgan.

Rossiyaning ko‘plab ommaviy-axborot vositalari janob Morattining Italiyaning "Gadzetto dello sport" gazetasiga bergan suhbatiga tayanib, bu haqda xabar tarqatishgan.

Massimo Morattining o‘z suhbatida aytishicha, "Anji"ning taklifini rad etishlari qiyin bo‘layotir.

Norasmiy ma‘lumotlarga ko‘ra, dog‘istonlik milliarderning klubi Eto'Oga yiliga 20 million yevro bilan uch yillik shartnoma taklif etmoqda.

Samuel Eto'Oning shu yaqin kunlar ichida tibbiy tekshiruvdan o‘tishi ham aytiladi.

"Anji" yaqinda braziliyalik sara futbolchi Roberto Karlos va O‘zbekiston futboli yulduzi Odil Ahmedovlarni ham o‘z saflariga jalb etgandi.

O‘zbekistonlik futbol mas‘ullari shu yil boshida 23 yoshli futbolchining "Anji"ga ijaraga o‘tganini tasdiqlashgan esa-da, transfer miqdorini rasman ochiqlamay, "katta miqdordagi mablag‘," deyish bilan kifoyalanishgandi.

"Anji" Rossiya Oliy ligasiga 1999 yilda chiqishga muvaffaq bo‘lgan. Ammo orada beqaror o‘yin ko‘rsatib, birinchi ligaga qulagan va 2009 yildagina yana Oliy ligaga qaytgan. O‘tgan mavsumni 11-o‘rin bilan yakunlagan.

Hozir esa, 20 ta o‘yindan 33 ochko to‘plab, Rossiya Oliy ligasida 6-o‘rinda bormoqda.

Ammo shu yilning yanvar oyida "Anji"ni asli dog‘istonlik milliarder Suleyman Kerimov sotib olgan.

Ayrim xabarlarga ko‘ra, janob Kerimov murabbiylar, futbolchilarning maoshlari va yangi o‘yinchilarni xarid qilish uchun yiliga 30-50 million dollar mablag‘ sarflash niyatidadir.

"Bunyodkor"ning ushalmagan orzusi

Bundan uch yil burun Toshkentning "Bunyodkor" klubi ham Samuel Eto'O bilan shartnoma imzolashi mumkinligini e‘lon qilgandi.

Toshkentdagi matbuot anjumani chog‘ida o‘sha paytda Ispaniyaning "Barselona"sia to‘p surgan kamerunlik hujumchi ham o‘ziga bunday taklif bo‘lganini tasdiqlagandi.

Ammo "Barselona" klubi bu xabarlarni rad etgandi.

Bu kabi gap-so‘zlar ortidan, kamerunlik futbol yulduzining Toshkentda "Bunyodkor" klubining yosh futbolchilari va O‘zbekiston yoshlar milliy terma jamoasi a‘zolariga "master-klass"dan saboq ham bergani ham bor gap.

Tarixcha o‘rnida

Samuel Eto'O so‘nggi ikki yildan buyon Italiyaning "Inter"ida to‘p surib keladi.

U jahon futbolida eng kuchli hujumchilardan biri sanaladi.

Samuel Eto'O o‘zining futbolchilik karьerasi davomida ko‘plab hal qiluvchi gollarning muallifi bo‘lgan.

Ispaniyada u "Pichchichchi" ya‘ni to‘purar, dega laqabni ham orttirgandi.

Uning o‘yin uslubi ham juda o‘ziga xos, maydonda u nafaqat o‘ziga belgilab qo‘yilgan vazifani bajaradi, balki ta‘bir joiz bo‘lsa, ijod qiladi.

Bir so‘z bilan aytganda, u oliy toifadagi o‘yinchi!