"Anji"ning jahon futboli yulduzlarini o‘ziga tortayotgan ohanrabosi nimada?

Image caption "Anji"da O‘zbekiston futboli yulduzi Odil Ahmedov ham to‘p suradi. Klub yaqinda Odil Ahmedov bilan to‘rt yilga shartnoma imzolagandi

"Anji" navbatdagi uchrashuviga hozirlik ko‘rarkan, Maxachqal‘ada jangovar bir ruh hukmron.

Stadion atrofida avtomatlar bilan qurollangan politsiya xodimlari ko‘zga tashlanishadi.

Janubiy Dog‘iston respublikasi Rossiyaning eng beqaror mintaqalaridan biri.

Bu yerda deyarli har kuni jangarilarning hujumi sodir etiladi.

Ammo, hattoki, ana shu holat ham dunyoning manaman, degan futbolchilarini "Anji" bilan shartnoma imzolashlaridan qaytara olmadi.

Sho‘rolar davridan qolgan va to‘kilibgina turgan stadionni to‘ldirib, suxandon qiz klubning eng sara yulduzi – 99-raqamli Samuel Eto’Oning nomini e‘lon qiladi.

Kamerun va jahon futboli yulduzi Qofqoz tog‘laridek ulkan mablaqqa teng shartnoma bilan shu yil yoz oyida "Anji"ga o‘tgandi.

Samuel Eto’O bu yerda haftasiga 350.000 AQSh dollariga teng oladi.

Hali dunyodagi biror bir futbolchi bu kabi yirik maoshga loyiq deb topilmagan.

"Oltin" tarkib

Фото муаллифлик ҳуқуқи BBC World Service
Image caption Samuel "Anji" qisqa vaqt ichida qo‘lga kiritishga muvaffaq bo‘lgan birgina yulduz o‘yinchi emas.

Klub yana "Anderlext"dan marokashlik Mbark Bussufa, Londonning "Chelsi"sidan Yuriy Jirkov va Madridning "Real"idan braziliyalik Roberto Karlos, O‘zbekistondan "Paxtakor" sardori Odil Ahmedovlarni ham sotib olgan.

Bu kabi manaman, degan futbolchilarga "Anji" shuncha pulni qayerdan topadi:

Klubning dog‘istonlik milliarder sohibi Suleyman Kerimov o‘z boyligini oltin va kaliyning orqasidan orttirgan.

Endi esa, topgan pulini "Anji"ni moliyalash va nomdor futbolchilarni xarid qilishga sarflamoqda.

Men bilan suhbatida Samuel Eto’O Shimoliy Qofqozga kelishdan zarracha cho‘chimaganligini aytadi.

"Men siyosat bilan shug‘ullanmayman, faqat futbol o‘ynayman. Har gal Maxachqal‘aga kelar ekanman, bu yerda odamlarning o‘z hayotlaridan mamnun ekanliklarini anglayman. Men o‘z ko‘zlari bilan ko‘rib, ishonch hosil qilishlari uchun bu yerga hammani taklif etgan bo‘lardim. Chunki London, Parij yoki Jenevada turib, Dog‘iston yoki Qofqozda kechayotgan voqealarni tanqid qilish oson", deydi u menga.

Lekin, baribir, Dog‘iston boshqa ko‘plab shaharlar bilan solishtirganda, anchayin xavfli.

Misol uchun, shu yilning sentyabr oyida "Anji"ning stadioni yaqinida ikkita mashina portlatildi.

Bir politsiya xodimi hayotdan ko‘z yumdi, oltmishdan ortiq kishi esa, tan jarohati oldi.

Uydan yiroqda

Image caption Dog‘iston hanuz Rossiyaning eng beqaror mintaqalaridan biri sanaladi

Ammo, shuni ham tan olish kerakki, "Anji"ning o‘yinchilari Dog‘istonga faqat o‘z maydonlaridagi uchrashuvlarni o‘tkazish uchungina kelishadi, xolos.

Boshqa paytlarda esa, poytaxt Moskvadan 20 chaqirim uzoqlikda yashab, mashg‘ulotlarini ham shu yerda o‘tkazishadi.

"Anji"ning sobiq Jahon chempioni bo‘lgan braziliyalik o‘yinchi va murabbiysi Roberto Karlosga bu biroz erish tuyuladi.

"Jamoaning hanuz Maxachqal‘ada, o‘z shahrida emasligi, so‘zsiz, afsuslanarli holat. Ammo klubning biz mashg‘ulotlar o‘tkazuvchi Podmoskovedagi tayyorgarlik markazidagi shart-sharoitlarga gap yo‘q. Har dam olish kunlari uchrashuvga samolyotda boramiz. Ikki yarim soat, uch soatcha uchamiz. Ammo odam asta-sekinlik bilan bunga ko‘nikib ham ketarkan", deydi Roberto Karlos.

Bularning barchasiga qaramay, sevimli jamoalarining o‘yinini tomosha qilish uchun har gal stadionga 15 ming chog‘li ishqiboz yig‘iladi.

Stadion tribunalari ularning qo‘llaridagi bayroqlaru, bo‘ynilaridagi sharflardan sariq-yashil rangga bejalib ketadi.

Rossiyaning ishsizlik va kundalik zo‘ravonliklardan azob chekib kelayotgan ushbu mintaqasida futbol odamlarga barcha muammolarini unutishga imkon beradi.

"Anji"ning futbol yulduzlari bilan shartnoma imzolashdan tashqari, boshqa g‘oyalari ham bor.

Фото муаллифлик ҳуқуқи AP
Image caption "Anji"ga dog‘istonlik milliarder Suleyman Kerimov sohiblik qiladi

"Futbol jamoasi – bu ulkan loyihaning bir qismi, xolos" - deydi. "Anji"ning Bosh direktori German Chistyakov, - "Bu yerda yana yangi stadion barpo etiladi, klub uchun butunlay boshqacha infratuzilma tashkil etiladi, yangi tayyorgarlik jamlog‘i va bolalar futbol akademiyasi ham ochiladi. Ya‘ni, Dog‘istonni ijtimoiy jihatdan ko‘taradigan bir loyiha bo‘ladi. Respublika aholisining hayotini o‘zgartirib yuboradigan bir ish bo‘ladi".

Eto'O uchun SMS

So‘nggi paytlarda "Anji"ga xorijlik mashhur murabbiylardan biri ishga o‘tarmish, degan gap-so‘zlar kuchaygan.

Samuel Eto'O esa, klubga kelayotgan yulduz futbolchilarning ham keti uzilmaydi, degan ishonchda.

Фото муаллифлик ҳуқуқи BBC World Service
Image caption Eto’Oning "Anji"ga o‘tishi yozgi oldi-sotdi mavsumining eng katta shov-shuviga aylangandi.

"Do‘stlarim va sobiq jamoadoshlarim har kun SMS yuborib, u yerga o‘ynash uchun borsa bo‘ladimi, deb so‘rashadi. Bu esa, ajoyib. Demak, Dog‘iston Rossiya futboliga nomdor o‘yinchilarni jalb etishga zamin yaratibdi. Men ularning Rossiyaga, ayniqsa, "Anji"ga kelishlariga umid qilaman. Chunki dunyoning eng sara futbolchilari bilan bir safda to‘p surgim keladi. Shunda ushbu mintaqadagi vaziyat ham o‘nglanadi. Chunki futbol siyosat bosib o‘tolmaydigan chegaralarni ham kesib o‘tadi. Futbolning kuchi ham ana shunda," – deydi nomdor hujumchi.

Ammo haqiqiy hayot pul hamma narsaning ham garovi bo‘lolmasligini ko‘rsatadi. Ya‘ni, "Anji" o‘z maydonida raqibi TsSKA klubiga 3:5 hisobi bilan yutqazib qo‘yadi.

Lekin allaqachon yulduz o‘yinchilari bilan nom chiqargan Angliyaning "Manchester Siti"siga qiyos berilayotganiga qaramay, "Anji"ning dongdor futbolchilari hali yaxlit bir jamoaga aylanib ulgurishganicha yo‘q.

Menimcha, qachon ana shu ish amalga oshsa, "Anji"ning Chempionlar ligasida o‘ynash orzusi ham ijobat bo‘ladi.