O‘zbekistonlik dongdor bokschi Ruslan Chagayev kelasi yil yana ringga qaytmoqchi

Фото муаллифлик ҳуқуқи AFP

Professional boksning WBA yo‘nalishi bo‘yicha eng og‘ir vazn toifasida sobiq Jahon chempioni Ruslan Chagayev BBC O‘zbek Xizmati bilan suhbatida kelasi yil yanvar oyida yana ringga qaytmoqchi ekanini tasdiqladi.

Ruslan navbatdagi janggini 21 yanvar kuniga rejalayotgani, ammo o‘zi bir necha yildan beri shug‘ullanib kelayotgan Olmoniyaning Universum Box Promotion klubining televideniye bilan bog‘liq ayrim muammolari tufayli, bu xususda hozircha yuz foizlik aniq ishonch bilan qat‘iy xulosa chiqarib bo‘lmasligini ham aytdi.

"Hozircha jangning taqdiri 50-50 bo‘lib turibdi", deydi Ruslan Chagayev:

Мултимедиа ўйнаш бу қурилмада дастакланмайди

Bu masalani promouterlari hal qilishini ta‘kidlarkan, o‘zbekistonlik taniqli bokschiga ko‘ra, joriy pallada bo‘lajak raqibining kim ekani ma‘lum emas.

Ammo Ruslanning aytishicha, kelasi yilda yana o‘z reytingini ko‘tarib, 2012 yil oxiri yoki 2013 yil boshlarida albatta Jahon chempionligi kamari uchun jang olib borish ahdida qat‘iydir.

Tarixcha o‘rnida

Ruslan Chagayev shu yilning 27 avgust kuni Olmoniyaning Erfurt shahrida Jahon chempionligi uchun jangda rossiyalik raqibi Aleksandr Povetkinga ochkolar hisobiga yutqazib qo‘ygandi.

O‘zbekistonlik dongdor bokschi so‘nggi mag‘lubiyati ortidan BBC O‘zbek Xizmatiga bergan suhbatida qator janglar o‘tkazib, albatta Jahon chempionligi kamariga da‘vogarlik qilish huquqini qo‘lga kiritish niyatida ekanini aytgandi.

U 2007 yilning 14 aprel kuni boshqa bir rossiyalik raqibi Nikolay Valuyevni yengib, ilk bor professional boksning WBA yo‘nalishi bo‘yicha eng og‘ir vazn toifasida Jahon chempioni bo‘lgandi.

Shundan so‘ng o‘z kamarini bir necha bor muvaffaqiyatli himoya qilgan Ruslan Chagayev 2009 yilning iyun oyida WBO va IBF tasnifi bo‘yicha eng og‘ir vazn toifasida Jahon chempioni, ukrainalik bokschi Vladimir Klichkoga yengilib, chempionlik unvonidan butkul mahrum bo‘lgandi.

Ammo orada qator janglar o‘tkazib, yana ushbu maqom uchun kurashish huquqini qo‘lga kiritgandi.

Ruslan Chagayev professional boksda shu paytga qadar ja‘mi 30 ta jang o‘tkazgan, shundan 27 tasida g‘olib chiqqan, ikkitasida mag‘lub bo‘lgan va bittasini durang hisobi bilan yakunlagan.

Havaskor boksda ham bir necha bor Osiyo va Jahon chempionlari bo‘lgan o‘zbekistonlik dongdor bokschi professional boksda ham eng og‘ir vazn toifasida dunyodagi eng kuchli bokschilardan biri sanaladi.

O‘tgan yakshanba kuni amerikalik raqibi Sedrik Bosvellni 8-raundda nokautga uchratgan Aleksandr Povetkin esa, WBA yo‘nalishi bo‘yicha eng og‘ir vazn toifasida Jahon chempionligi kamarini himoya etishga muvaffaq bo‘lgan.