“Saylovgacha O‘zbekistonga qaytamiz”

Rossiyaning Rostov viloyatida mehnat qilayotgan ko'plab o'zbekistonlik muhojirlar shu yilning 4 dekabrida o'tkazilishi rejalashtirilgan prezidentlik saylovlariga qadar O'zbekistonga qaytish niyatida ekanliklarini bildirishmoq

Bir necha yildan buyon o'z oilasi bilan Rostov shahrida istiqomat qilayotgan Jahongirning aytishicha, O'zbekiston yangi davrga qadam qo'ymoqda. Shu sababli, u prezidentlik saylovlarida ishtirok etish har bir o'zbekistonlikning fuqorolik burchi deb hisoblaydi.

"Ko'plab Vatandoshlarimiz samolyot yoki poyezdga bilet olishmoqda. Taksida Toshkentga jo'nayotganlar ham ko'p. Uch-to'rt yildan beri O'zbekistonda bo'lmagan tanishlarim ham, bu yil qishni vatanda o'tkazib kelamiz, biryo'la saylovda ham qatnashamiz, deyishyapti. Biz ham oilam bilan noyabr o'rtalarida O'zbekistonga bormoqchimiz. Saylovda o'z ovozimizni beramiz. Yangi yil bayramini O'zbekistonda nishonlab, keyin qaytamiz", - deydi Jahongir.

Mehnat muhojirlariga ko'ra, bu safargi saylov O'zbekiston mustaqil bo'lgandan buyon o'tgan 25 yilda ilk bor yangi rahbar saylanayotgani uchun ham avvalgilaridan ko'ra qiziqarliroqdir.

Shuningdek, mehnat muhojirlari O'zbekiston prezidentligiga ko'rsatilgan nomzodlar haqida ham o'z fikr-mulohazalarini bildirmoqdalar.

O'zbekistonning muvaqqat prezidenti etib tayinlangan Shavkat Mirziyoyev haqida ijtimoiy tarmoqlarda bildirilayotgan fikrlar hamda Bosh Vazirning ko'pgina sohalarda ijobiy o'zgartirishlarga qo'l urayotgani haqidagi xabarlar o'z ta'sirini ko'rsatmoqda.

Bir muddat avval Shavkat Mirziyoyevni yaxshi tanimasliklarini aytgan ko'plab muhojirlar, bugunga kelib aynan shu kishini O'zbekiston prezidentligiga eng munosib nomzod deya baholashmoqda.

"Shavkat Mirziyoyevning imkoniyatlari boshqa nomzodlarnikidan ko'proq, bu uning hozir egallab turgan vazifasi bilan ham bog'liq. U hozir xalqqa o'zining yaxshi tomonlarini ko'rsatishga harakat qilyapti. Prezidentlikka saylangandan keyin ham ishni shunday davom ettiradimi yo'qmi, noma'lum, lekin saylovgacha bo'lgan vaqtdan u foydalanib qoladi. Xalq orasida obro'ini ko'tarib olishga ulguradi. Allaqachon muhojirlar orasida ham: "Mirziyoyevga ovoz beramiz-da, boshqa kimga ham ovoz berardik", deyayotganlar ko'pchilikni tashkil qilyapti", - deydi o'zbekistonlik muhojirlardan biri Murod.

Suhbatdoshning aytishicha, Sherali Jo'rayev, Yulduz Usmonova, Obid Asomov va boshqa el suygan san'atkorlarning katta sahnalarga qaytarilishi haqidagi gap-so'zlar ham Mirziyoyevning xalq orasida obro' qozonishiga yordam berishi mumkin.

Muhojirlar orasida Moliya Vaziri Rustam Azimovning prezidentlikka o'z nomzodini qo'ymaganidan afsuslanayotganlar ham bor.

Shu bilan birga, ular saylovlarda nomzodlari ko'rsatilgan Hotamjon Ketmonov, Narimon Umarov va Sarvar Otamurodovni Bosh Vazir Shavkat Mirziyoyevga munosib raqiblar deb hisoblamasliklarini aytishmoqda.

Bi-bi-si O'zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog'lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

TЕLЕGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook- BBC UZBEK

Google+ BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

bbcuzbek.comga to'siq bo'lsa, uzbekweb.netga kiring.da.