'O‘zbekistonda nasroniy guruhlar a‘zolari ta‘qib qilinmoqda'

Toshkent

Britaniyadagi Urush va tinchlikni yoritish institutining xabar qilishicha, O‘zbekistonda turli nasroniy guruhlar a‘zolariga qarshi bosimlar kuchaygan. Xususan, o‘tgan avgust oyida O‘zbekiston bo‘ylab bir necha militsiya reydlari o‘tkazilgan. Tazyiqlarga nafaqat ro‘yxatdan o‘tmagan, balki qonunan ro‘yxatdan o‘tgan tashkilotlar ham uchramoqda. Hisobotda urganchlik protestant ayol-Zuhra bilan bog‘liq hodisa misol keltiriladi. Uning uyiga militsiya bostirib kirib, ruxsatsiz tintuv o‘tkazgani va yo‘q adabiyotni tarqatishda ayblab, mahkama uni missionerlikda aybdor deb topganidan shikoyat qiladi. Bi-bi-si nasroniylar, xususan, protestantlarga bosimlarni yaqindan o‘rgangan o‘zbekistonlik jurnalist Yuriy Voronin(ismi o‘zgartirilgan-Bi-bi-si)ni suhbatga tortgan:

Yuriy Voronin: Nasroniylarga, bu gal esa protestantlarga bosim bugun boshlangani yo‘q. U oxirgi uch to‘rt yil ichida kuchaydi. Muntazam ravishda reydlar o‘tkaziladi, protestantlar bir joyda yig‘ilsa, u joy nazorat qilinadi. Bir necha formali va formasiz odamlar kelishadi, ba‘zilari militsiya, ba‘zilari esa, milliy xavfsizlik xizmati xodimlari. Kirib kelishadi, hammani videokameraga yozishni boshlashadi, prokuratura orderi ko‘rsatilmasdan tintuvlar qilishadi. "Missionerlik qilayapsan, adabiyot tarqatayapsan" deb jinoiy ish ochishadi. Masalan, bitta kitobcha bir nusxada bo‘lsa, uni tortib olib, ko‘p nusxada deb yozishadi va bu jinoiy ishga asos yaratadi. Reydlar istagan vaqtda yuz berishi mumkin, masalan, protestantlar bir choy ichaylik deb yig‘ilishgan payt ham.

Bi-bi-si: Nasroniylarga bu kabi bosimlar nima uchun aynan avgust oyida kuchaydi?

Yuriy Voronin: Bu normal holat, chunki 1 sentyabrda Mustaqillik kuni nishonlanadi. Nasroniylarga qilinadigan reydlar bayram oldidan terrorizm va esktremizmga qarshi kurashning bir qismi.

Bi-bi-si: O‘zbekiston qonunlarida turli nasroniy guruhlar faoliyati borasida nima deyiladi? Masalan, ko‘p nasroniy guruhlar a‘zolari nasroniy dinini targ‘ib qilish, bu yo‘lda adabiyot tarqatishda, ya‘ni missionerlikda ayblanadi.

Yuriy Voronin: Diniy jamoalarning faoliyatini boshqaradigan o‘zbek qonunlari ancha demokratik qonunlar. Lekin, bu qonunlarga rioya qilinmaydi. Nasroniylarga qarshi repressiya siyosati olib borilmoqda. O‘zbek hukumati 2002-2003 yillargacha hatto qayd qilinmagan protestant guruhlarga toqat bilan qarardi. Lekin, bora-bora ularni ekstremistlarga tenglashni, sektantlar deb atashni boshlashdi.

Bi-bi-si: O‘zbekistonda qanchalar keng tarqalgan nasroniylar guruhlar? Har bir viloyatda bormi?

Yuriy Voronin: Menimcha xar bir viloyatda bor. Butun O‘zbekiston uchun javob berolmayman. Lekin, kamida besh yoki oltita viloyatda men biladigan protestant jamoalari bor. Ularning orasida ro‘yxatdan o‘tmaganlari ham bor.

Bi-bi-si: Nasroniylarga bosimlar bo‘layotganiga sabab nima, Sizningcha?

Yuriy Voronin: O‘zbekistonning siyosiy yo‘nalishlari o‘zgargani ham rol o‘ynaydi. Menimcha, 2005 yil Andijon voqealari muhim burilish bo‘ldi. G‘arb Toshkentdagi rejimni bir necha yuz odamni nobud qilgan Andijon voqealari uchun kechirdi. Buning ortidan o‘zbek xukumati istaganini qilish uchun oq fotiha oldi. Buning ortidan barcha dindorlar-ham musulmonlar va ham nasroniylarga bosim oshdi.

Bi-bi-si: Ko‘p o‘zbekistonliklar nasroniy guruhlar borligidan norozilar. Ayniqsa, ular orasida o‘zbek millatiga mansub odamlar bo‘lgani ularga yoqmasligi mumkin. Ularga ko‘ra, bu musulmon mamlakat va boshqa din peshvolari kelib, o‘z g‘oyalarini targ‘ib qilmasligi kerak. Bunga nima deysiz?

Yuriy Voronin: O‘zbekiston qonunlarida bunday gap umuman yo‘q. Buning bari maishiy darajada. Bu gaplar bor, albatta. Xaqiqat shuki, protestantlar orasida o‘zbek millatiga mansub odamlar ham bor. Ammo, o‘zbeklar katolik va pravoslav nasroniylar orasida ham borlar, biroq ularga huquq-tartibot organlari biroz toqat bilan yondoshishadi. Protestantlarga esa, bosimlar o‘tkaziladi.