O‘zbek mahkama-huquq tizimidagi islohot nimada ko‘rinadi?

uzbek_police_officer_tashkent

"Ijtimoiy fikr" markazining navbatdagi so‘rovi O‘zbekistondagi haqiqiy ahvol hukumat taqdim etishni istayotganidan o‘zgacha ekanini yana bir bor namoyish etdimi?

Davlat matbuoti xabar qilishicha, O‘zbekiston mustaqilligining navbatdagi sanasi arafasida yana bir bor omma fikri o‘rganilgan.

O‘zbekistonliklarning sud-huquq tizimidagi islohotlar haqidagi nuqtai nazarlari so‘ralgan.

"Ijtimoiy fikr" markazining so‘rovida qatnashganlarning hammasi "mustaqillik yillarida sud-huquq tizimida olib borilgan islohotlar natijalarini, umuman, yuqori baholaydi", deyiladi O‘zbekiston Milliy axborot agentligi tarqatgan xabarda.

Ammo mahalliy va xalqaro inson huquqlari himoyasi bilan shug‘ullanadigan tashkilotlar O‘zbekistonda butun mahkama tizimi, huquq-tartibot organlari hukumat buyurtma va ko‘rsatmasini bajarishi, mamlakat konstitutsiyasi va qonunchiligiga zid kelgan hollarda ham davlat mulozimlari xohlagan hukm va qarorlar qabul qilinishini aytishadi, bu o‘rinda islohotdan ko‘ra, Sho‘ro davridagi ma‘muriy-buyruqbozlik tizimi mustaqil O‘zbekistonda o‘zgarishsiz qolgani haqida gapirish o‘rinli bo‘ladi, deya fikr bildirishadi.

Huquqshunoslar O‘zbek militsiyasining huquqiy maqomi 19 yillik mustaqillik yillarida mavhum qolganini, mamlakatda hamon "Militsiya haqida" qonun qabul qilinmaganiga e‘tibor qaratadilar.

"Ijtimoiy fikr" markazining bildirishicha, fuqarolarning qariyb 84 foizi O‘zbekistonda qonun ustivor va inson huquqlari yaxshi himoyalanmoqda, deb ishonadi.

"So‘rov qatnashchilarining fikricha, jamiyatimizning barcha sohalarida tartib yanada kuchaydi, tadbirkorlik faoliyati uchun qulay huquqiy sharoitlar yaratildi, odamlar huquqiy jihatdan yanada kuchliroq himoya qilinmoqda, aholining umumiy huquqiy savodxonligi oshmoqda va hokazo", deyiladi O‘zA xabarida.

Davlat omma fikrini o‘rganish markaziga ko‘ra, "so‘rov ishtirokchilarining 90 foizi huquqiy jihatdan himoyalanganini his qiladigan kishilar sonining barqaror o‘sganligi sud-huquq tizimidagi islohotlarning muhim ijobiy yutuqlaridan, degan fikrda. Bundan tashqari, fuqarolarning huquqni himoya qilish organlari faoliyatiga munosabati ham o‘zgarmoqda: ular sud, prokuratura va ichki ishlar organlarining asosiy faoliyati - inson huquqlarini himoya qilishdir, deb biladilar".

O‘zbekiston mahkama-prokuratura tizimlari Transparensi Interneshnl tashkiloti singari xalqaro tashkilotlar mamlakatni dunyodagi korruptsiya eng avjiga chiqqan mamlakatlardan biri safiga qo‘shib kelishiga sabab bo‘layotgan omillardandir, Amnesti Interneshnl va Xyuman Rayts Uotch hisobotlarida o‘zbek militsionerlarining o‘zboshimchaligi, gumondor va vaqtincha qo‘lga olinganlarga nisbatan rahmsiz munosabati, qiynoqlari bilan, oshkor bo‘lgan jinsiy zo‘rlash hollari bilan O‘zbekistonda inson huquqlarini qo‘pol poymol etayotganlar sifatida tilga olinadi.

Bi-bi-si O‘zbekistondagi mahkama-huquq tizimidagi islohotlar haqidagi fikrini so‘raganida, o‘zining mustaqilligi tufayli mansabdorlar "g‘ashiga tekkan" va advokatlik litsenziyasidan mahrum etilgan huquqshunos Ruhiddin Komilov quyidagilarni gapirib berdi.

Мултимедиа ўйнаш бу қурилмада дастакланмайди

Siz O‘zbekistondagi sud-huquq tizimidagi o‘zgarishlar haqida nima deb o‘ylaysiz?

O‘z fikrlaringizni ushbu sahifa pastidagi maxsus forma orqali yoki uzbek@bbc.co.uk elektron pochtasiga maktub bilan yo‘llashingiz mumkin.