OXHT matubot erkinligi rasmiysi O‘zbekistondagi jurnalistlarga tazyiqlarni qoralagan

Image caption Dunya Miyatovich o‘zbek jurnalistlariga bo‘layotgan tazyiqlardan xavotirda ekanini aytgan

Ovro‘poda Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotining matbuot erkinligi bo‘yicha vakili Dunya Miyatovich O‘zbekistonda jurnalistlarga qarshi davom etayotgan ta‘qib va tazyiqlarni qoralab chiqqan.

Miyatovich xonim o‘zbek hukumatiga yo‘llagan maktubida ancha keskin so‘zlarni qo‘llagan. U O‘zbekistondagi mustaqil jurnalistlarga qarshi bo‘layotgan bosimni "shafqatsiz" deya tasvirlaydi va bundan xavotirda ekanini aytadi.

Miyatovich xonim O‘zbekiston Tashqi Ishlar Vaziri Vladimir Norovning e‘tiborini ikki jurnalist taqdiriga qaratishga uringan. Bular AQSh tomonidan moliyalanuvchi Amerika Ovozi radiosining shtatdan tashqarida ishlovchi muxbiri Abdumalik Boboyev, hamda rus tilidagi Vesti.uz internet sahifasining bosh muxarriri va Rossiyaning Parlamentskaya Gazeta ro‘znomasining Markaziy Osiyo bo‘yicha muxbiri Vladimir Berezovskayalardir.

Boboyevga qarshi bir qator ayblovlar, xususan tuhmat, haqorat, davlat chegaralari qonunlarini buzish, hamda jamoat tartibi va xavfsizligiga tahdid soluvchi materiallarni ishlab chiqarish va tarqatish bo‘yicha jinoiy ish ochilgan va o‘z mahkama ishini kutmoqda. Rossiya fuqarosi bo‘lgan Berezovskiy esa tuhmatda ayblanib, mahkamaga tortilishi kutilayotir.

"Boboyev va Berezovskiylarning ishi O‘zbekistonda matbuot erkinligi bilan bog‘liq vaziyat abgorlashib borishda davom etayotganiga yana bir ishoradir, va men hukumatni bu tendentsiyani ortga qaytarishga chaqiraman," - deydi Miyatovich xonim o‘z maktubida.

Ovro‘poda Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti rasmiysi maktubida, shuningdek, O‘zbekistonda olti va 12 yarim yil o‘rtasida qamoq jazolarini o‘tayotgan uch jurnalistning taqdirini yana bir bor ko‘tarib chiqqan.

Image caption Abdumalik Boboyev o‘ziga qarshi qo‘yilgan barcha ayblovlar asossiz deydi

Ular - mustaqil jurnalist Dilmurod Sayyid, AQSh tomonidan moliyalanuvchi Ozodlik radiosi va uznews.net internet sahifasining sobiq muxbiri Solijon Abdurahmonov, hamda Chempion sport ro‘znomasi bosh muharriri Hayrullo Xamidovlardir.

"Jurnalistlar, Ovro‘poda Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotining matbuot erkinligi bo‘yicha majubriyatlari va tamoyillariga binoan, o‘z professional faoliyatlarini to‘siqlarsiz amalga oshirishda erkin bo‘lishlari kerakligini o‘zbek rasmiylariga eslatib qo‘yish mening burchim," - Miyatovich xonim maktubida.

O‘zbekistonda rasman tsenzura yo‘qligi hukumat tomonidan e‘lon qilingan esada, matbuot davlatning qattiq nazorati ostida.

O‘zbekistonda xorijiy ommaviy axborot vositalariga xabar yetkazuvchi muxbirlar va mustaqil jurnalistlar ekstremizm, tuhmat, ta‘magirlik, va yoki ularning professional faoliyatiga mutlaqo aloqasi bo‘lmagan ayblovlar, xususan Solijon Abdurahmonov misolida kabi, giyohvand moddalar sotish kabi ayblovlar bilan ovozi o‘chiriladi.