Ozarbayjon O‘zbekiston bilan aloqalarini qay tomonlama quyuqlashtirmoqchi

Image caption Bu Alievning O'zbekistonga ikkinchi safaridir

Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev iqtisodiy va madaniy sohadagi hamkorliklarini yanada kengaytirish maqsadida O‘zbekistonga rasmiy safarini boshladi.

Bu ozar rahbarining O‘zbekistonga ikkinchi tashrifidir.

Bakudagi diplomatik manbalarga ko‘ra, ikki davlat rahbarlari yirik mintaqaviy loyihalarni hayotga tadbiq etish masalasini muhokama etishlari mumkin.

O‘zbekiston, ayniqsa, Baku-Tbilisi-Kars temir yo‘li loyihasiga katta qiziqish bildirib keladi. Chunki yangi loyiha Osiyodan kelayotgan yuklarni Ovro‘poga eltishda nihoyatda qo‘l keladi.

Bu esa, O‘zbekistonning eksport salohiyatini kuchaytirishga yaxshigina qo‘l kelishi mumkin.

Tomonlarning, bundan tashqari, energiya, savdo-sotiq va qishloq xo‘jaligi sohasida ham hamkorlikni kuchaytirish masalasiga e‘tibor qaratishlari kutilmoqda.

Ayrim xabarlarga ko‘ra, so‘nggi paytlarda kuzatilayotgan surunkali benzin taqchilligiga barham berish uchun O‘zbekiston tomoni muzokaralar chog‘ida neftь ta‘minoti masalasini ham ko‘tarishi mumkin.

Neft zaxiralari uncha ko‘p bo‘lmagan O‘zbekiston hozirda o‘z ehtiyojlarini qoplash uchun qo‘shni Qozog‘istondan neftь sotib oladi.

Ammo, ayrim kuzatuvchilarga ko‘ra, O‘zbekiston neftь ta‘minoti masalasida yolg‘iz Qozog‘istonga tayanib qolmoqchi emas.

Ko‘plab tahlilchilar esa, ikki davlat orasidagi qariyb 50 million dollarlik bugungi savdo-sotiq hajmi ham ikkovlon ega bo‘lgan potentsial darajasida emasligiga e‘tibor qaratishadi.

Tomonlar asosan sanoat, to‘qimachilik, qurilish va yoqilg‘i sohasida oldi-berdi qilib kelishadi.

Muzokaralar chog‘ida iqtisodiy hamkorlikka oid besh yilga mo‘ljallangan kelishuvning ham imzolanishi kutilmoqda.

Ayrim ma‘lumotlarga ko‘ra, O‘zbekistonda 40 mingdan ortiq ozarbayjonlik istiqomat qiladi. Qator ozariy madaniyat markazlari faoliyat olib boradi.

Toshkentga safari davomida Ozarbayjon rahbari marhum otasi Haydar Aliyev nomiga qo‘yilgan yana bir madaniyat markazini ochmoqchi.

Ikki davlat orasidagi diplomatik aloqalar 1995 yilda yo‘lga qo‘yilgan.

O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimov esa, 2008 yilning sentyabr oyida Ozarbayjonga safar qilgandi.