'Ijodkor ijod gashtini Vatanda ham, g‘urbatda ham, hatto qatlgohda ham surishi mumkin...'

Xoldor Vulqon: Assalomu alaykum, Bi-bi-si radiosi O‘zbek Xizmatining qadrli muxlislari, hurmatli jurnalistlar!

Avvalo tashkil etilgan ushbu muloqot uchun katta rahmat. Endi, nima desam ekan. Muhojiratda ijodkor uchun ijodiy muhit iqlimi tubdan o‘zgaradi, bu tabiiy va bu hodisa uning ijodiga u yoki bu ma‘noda o‘z ta‘sirini o‘tkazmay qolmaydi. Bir xil ijodkorlar muhojiratda xuddi ildizi bilan sug‘irib, boshqa joyga o‘tqazilgan daraxt kabi ko‘karolmay qiynaladilar, meva bermay qo‘yadilar, ya‘ni yozolmay qoladilar. Ba‘zilari har qanday iqlimga moslashib, o‘sib, yashnab, meva qilaveradi. Men ham ikkinchi toifadagi daraxtlar kabi sahroga ham, toshga ham ildiz otaveraman. Lekin, men qayerda bo‘lmayin ildizlarim Vatandan, O‘zbekistondan oziqlanadi. Endi savolingizning ijod gashti to‘g‘risidagi qismiga kelsak, ijodkor ijod gashtini Vatanda ham, g‘urbatda ham, qamoqxonada ham, hatto qatlgohda ham surishi mumkin. Ijod inson ruhiga quvvat berguvchi ne‘mat, ilohiy bir jarayondir. Ijodning manbai ZAVQ esa, ijodkor yashayotgan muhitning tabiat manzaralari bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin. Aytaylik, muhojir ijodkorni erta bilan tashqarida, kulrang osmon fonidagi musaffo, muzdek havolarda chiyillab uchganicha shovqin solayotgan chag‘alaylar galasi uyg‘otib yuboradi. Daryo, dengiz sohillarida daydib yurgan mahallari, uzoqlarda uchib ketayotgan yovvoyi g‘ozlar galasi, yoxud, shamollarda shovullayotgan yam - yashil o‘rmonlar u ijodkorga ilhom bag‘ishlashi mumkin. Tatar shoiri Musa Jalilning hatto qamoqxona tuynugidan tikonli simga qo‘ngan qushga, o‘rmonlarga hasratli qaraganicha ajoyib she‘rlar yozgani bunga yaqqol misol. Ijod makon va sharoit tanlamaydi. Endi muhojir ijodkorning imkoniyatlari to‘g‘risida ikki og‘iz so‘z. Mening nazarimda, muhojir ijodkorning ijod qilish imkoniyatlari Vatandagi ijodkorlar ega bo‘lgan imkoniyatlardan ko‘proq. U har kuni internetga to‘siq - cheklovlarsiz bemalol kira oladi va o‘z asarlarini kompьyuter yordamida qadoqlaydi, ya‘ni qalam bilan qog‘ozga yozib, keyin uni o‘chirib - ko‘chirib yurmaydi, asarlarini internetda yoyinlaydi. Endi, muhojir ijodkorning siz aytmoqchi mashaqqatlari ham yo‘q emas. U o‘z asarlarini o‘quvchilarga yetkazish uchun eng avvalo kitob nashr qilishi kerak. Lekin G‘arb yo Ovro‘poda o‘zbekcha kitob nashr qilishning deyarli imkoniyati yo‘q. Bo‘lganda ham, o‘zbek o‘quvchilari Vatandagiday ko‘p emas. Eng yomoni, muhojir ijodkor o‘z Xalqi bilan bog‘lanolmay qiynaladi.

Bi-bi-si: Siz o‘z ijodingizni sermahsul deya ayta olasizmi?

Xoldor Vulqon: Shaxsan men uchun ijod naynov kimsalarning tuzsiz suhbatlaridan, g‘ariblikning zerikarli sahrolarida izg‘ib yurguvchi dumsiz shoqollar to‘dasidan, sog‘inch qiynoqlaridan chekinib, berkinadigan muqaddas uzlatgohdir. Agar ijod bo‘lmasa, bilmadim holim ne kechardi. Shaxsan men nimadir yozayotganimda fisqu – fujurga, razolatu qabohatga to‘la telba dunyodan tamoman uzilaman, g‘am – alam, hasrat –nadomatlarni ma‘lum muddatga unutaman. Men shu kungacha bir nechta she‘riy to‘plamlar, qissa va hikoyalar, hajviyalar, romanlar yozdim. Rus tilida yozgan “Luna za oknom” nomli satirik romanim ruslarning "Samizdat" internet saytiga joylangan. U saytda mening rus tilidagi va ingliz tiliga o‘girilgan she‘rlarim ham joy olgan. Samizdatdagi romanning birinchi qismi ingliz tiliga tarjima qilingan. Shu kunlarda amerikalik bir tarjimon "Olislarda yongan chiroqlar" nomli qissamni ingliz tiliga o‘girmoqda. Eng xarakterlisi, u tarjimani bepul amalga oshirmoqda. Sababi, tarjimon o‘sha qissamni yoqtirib qolgan. "Muhabbat ko‘prigi" nomli o‘zbek tilida yozilgan romanim qo‘lyozmasini esa Vatanda yurgan kezlarim farzandlarimning hamda xotinimning qarshiligiga ham qaramay yoqib yuborganman. Shundan so‘ng men yangi, satirik roman yoza boshladim. Keyinchalik u asarni rus tilida yozishga kirishdim. Tabiiyki, ba‘zi, bizga xayrixoh bo‘lmagan kimsalarga bu narsa qo‘l kelib: "Xoldor Vulqon rus tilini o‘z ona tilidan ustun qo‘ymoqda" deya malomat toshlarini ota boshladilar. Aslida ham shundaymi? Yo‘q, albatta. Men o‘zbek ijodkorlari ham hatto o‘zga tillarda boshqa xalq yozuvchilarining asarlaridan qolishmaydigan asarlar yoza olish qudratiga ega ekanliklarini amalda ko‘rsatish bilan birga Xalqimizning go‘zal urf – odatlarini, orzu armonlarini, qayg‘u hasratlarini, quvonchu shodliklarini, serquyosh diyorimizning betakror, ekzotik manzaralarini dunyoga namoyish qilmoqchi edim, xolos. Maqsadimga erisha oldimmi yo yo‘qmi, bunga endi avvalo o‘quvchilar, qolaversa, adabiy jamoatchilik, adabiyotshunoslar o‘z xolis bahosini berar deb o‘ylayman. Ingliz tiliga o‘girilgan mazkur asarni Angliyada nashr qilishmoqchi. Kitob nashrdan qachon chiqadi, umuman, chiqadimi-yo‘qmi, hozircha aniq bir gap aytolmayman. Buni vaqt ko‘rsatar. Ha, aytganday, men ko‘plab yapon shoirlarining xayku va tankalarini ham ona tilimizga qo‘ldan kelganicha tarjima qilganman. “Mizxapparning maktublari” deb nomlangan hajviy asarim asosida rejissyor do‘stlarimiz ko‘p qismli komediya yaratish yo mulьtfilm suratga olish ishtiyoqida xomaki rejalar tuzib yurgani ham meni quvontiradi. Shu ma‘noda mening ijodim ham mahsulotlarga boy bo‘lsa kerak. Yana kim biladi.

Hozir “Trostniki shumyatь na vetru” nomli romanni rus tilida yozish bilan mashg‘ulman. Sevgi haqida yozilayotgan bu roman syujeti o‘zim uchun juda qiziqarli.

Bi-bi-si: Vatandan olisda ijod qilishingizga nimalar turtki beradi? Umuman, muhojir ijodkorning zohiriy va botiniy olami xususidagi fikrlaringiz bilan o‘rtoqlashsangiz.

Xoldor Vulqon: Vatanidan ayro tushgan ijodkorlar zulmu istibdod mashinasining badbo‘y tutunlaridan bo‘g‘ilgan, ma‘naviy ekologik vaziyat izdan chiqqan muhitni tark etib, cho‘llarga chekingan, sahrolarda sayrayotgan g‘arib bulbullarga o‘xshaydilar. Ularning ijod qilishiga asosan, o‘zlari tug‘ilgan Yurt sog‘inchi, olis bolalikning o‘chmas yodi, yoshlikdagi beg‘ubor sevgi xotiralari, tevarakdagi muayyan manzaralar go‘zalligi, tushkunlik yoki quvnoq ruhiy kayfiyat, sokinlik, ba‘zan esa yolg‘izlik tuyg‘usi turtki berishi mumkin. Shunday paytlar nur kabi uchqur fikrlarning nurafshon galasi xuddi zulmatli osmonda uchayotgan kometalar singari ularning shuurlarini yoritadi. Mana shu go‘zal onlar ijod ahlining eng baxtli damlaridir. Bu bir sirli hodisa va u yuz beradi. Bu hodisa qaytarilaverib uvadasi chiqmish realizmning havosiz katakombasida dimiqqan badiiyat muxlislari uchun xuddi yomg‘irdan keyingi azon allatropiyasi kabi muzdek va toza kislorod yetishtiradi. Ammo, ilohiy ilhom hamma ijodkorlarga ham birday nasib etavermaydi. Ilhom bilan biron asarni yozib poyoniga yetkazgan ilohiy iqtidor egasi o‘zi hozirgina yozib, chizib, tasvirga keltirgan asariga nazar tashlar ekan: - Nahotki shu narsani men yozgan, chizgan yoki bunyod etgan bo‘lsam? – deya hayratlanadi, haybatlanadi, hatto qo‘rqadi. Barcha turdagi ijodga taalluqli bu sirli jarayon ijodkor ruhiyatida u Vatanda bo‘ladimi, muhojiratda bo‘ladimi, yoki o‘zga sayyorada yashaydimi, baribir yuz beraveradi.

Bi-bi-si: Ijodkorning o‘zligi Vatan bilanmi yoki Vatan tanlamaydimi? O‘z shaxsiy ijodingizdan kelib chiqsak, bu savolga qanday javob bergan bo‘lardingiz?

Xoldor Vulqon: Shoir yoki yozuvchi uchun tug‘ilgan yurt, makon sog‘inchi chet elda kuchayib, Vatanga borsa susayib qolmaydi. Ijodkor odam xuddi boshqa odamlar kabi O‘zbekistonda ham tug‘ilgan qishlog‘ini yoki shahrini sog‘inib qo‘msayveradi, asarlar yozaveradi. Bunga Vatanda kechgan qiziq bir voqeani misol keltirishim mumkin. “G‘afur G‘ulom” nomidagi adabiyot va san‘at nashriyotida "Laylatulqadr" deb atalagan she‘riy kitobim nashrdan chiqayotgan paytlar Toshkentda yashovchi qo‘qonlik Muhammad Haydar degan shoirning uyiga bordim. Kitobim nashriyasiga o‘sha shoir mas‘ul edi. Ko‘rishdik. Shoir meni ichkariga taklif etarkan: - Qani, marhamat, bu yoqqa - deb mehmonxonaga boshladi. Hol - ahvol so‘rab duo qilingach, shoirning xotini, samarqandlik shoira Saodat Danaboyeva bir zumda stol ustini noz - ne‘matlarga to‘ldirdi. Shundan keyin Muhammad Haydar xotiniga: - Saodat arog‘ing bormi? Shoir bilan yuz – yuz ichib, bir otamlashaylik - dedi. Saodat opa muzlatgichda sovutilgan yarimta aroqni ketirib stol ustiga qo‘ydilar. Muhammad Haydar billur paymonalarga aroqdan quygach, biz alyor aytib qadahlardagi bodalarni no‘sh etdik. (O‘sha paytlarda shunaqa ichkilik ichadigan bema‘ni odatimiz bor edi. ) Bir - ikki qadah ichilgach, suhbat qizidi, she‘rlar o‘qildi. "Dimlama" degan mazali taom bilan yana bir ikki qadah ichilgandan so‘ng esa, Muhammad Haydar magnitafonni qo‘ydi. Magnitafondan "Fig‘onkim gardishi davron, ayurdi shaxsuvorimdan. Qachon bo‘lg‘aykim topg‘aymen xabar yoru diyorimdin " degan qo‘shiq yangray boshladi.Bir mahal bunday qarasam, Muhammad Haydar divanga suyanganicha shiftga qarab qo‘shiq tinglayapti. Yumiq ko‘zlaridan ko‘z yosh selobi oqib yuzlarini yuvmoqda.

-Iye, Muhammad aka, nega yig‘layapsiz? - dedim men hayron bo‘lib.

- Eh, shoir, shu qo‘shiqni eshitsam, shamollar shovullab yotguvchi Qo‘qon yodimga tushaveradi. Qo‘qonni sog‘inib ketdim - dedi Muhammad Haydar ko‘z yoshlarini divan yopqichiga artib.

- E, aka, Qo‘qon qochib ketgani yo‘q-ku. Mashinada besh soatlik yo‘l. Samolyotda 50 minutlik masofa. Shunga ham yig‘laydimi odam? - dedim men shoirni yupatgan bo‘lib. Keyin shu voqea yodimga tushsa kulib yurdim. Kulmasam ham bo‘lar ekan. Mana endi men ham dunyoning bir chekkasida Vatanni sog‘inib yuribman. Kulma qo‘shningga, kelar boshingga, deb shuni aytsalar kerak-da. Demoqchimanki, inson Vatanini hamma joyda sog‘inadi. Uni o‘zga sayyoraga olib borib tashlasalar, o‘sha yoqda ham kechalari osmonga tikilganicha: -Hoynahoy, huv anavi bizning jonajon, yashil sayyoramiz Yer bo‘lsa kerak, - deya xo‘rsinaveradi.

Bi-bi-si: Suhbatimiz poyonida muxlislarga yangi yozilgan she‘rlaringizdan taqdim etsangiz...

Xoldor Vulqon: Bajonudil.

Kimsasiz yo‘llarda

Suvga cho‘kib ketdi bulutlar,

Ko‘rib kuzgi gullar ibosin.

Qirg‘oqlarda yalong‘och tollar,

Suv oqizar bog‘lar libosin.

Chumchuqlarning telba galasi,

Shiddat bilan uchar qaygadir.

Balki daryo sohillarida,

Sholi pishib yotgan joygadir?

Ko‘prik uzra yolg‘iz yo‘lovchi,

Termuladi suvga, ariqqa.

Kezar ma‘yus, o‘ychan qari kuz,

Sochlarini bo‘yab sariqqa.

26 avgust, 2010 yil.

Kunduz soat 10 dan 58 daqiqa o‘tdi.

Toronto shahri, Kanada.

Robinzon

Makonim shu, kimsasiz orol,

Kemalarning yo‘liga boqdim.

Odimladim misoli qirol.

Qirg‘oqlarda gulxanlar yoqdim,

Ummonlarga termuldi ko‘zim,

HAQ, menga ham muruvvat ayla!

Sohillarda yolg‘iz bir o‘zim,

Qurdim qamish - quroqdan chayla.

Xo‘rliklarning borday chalasi,

Bog‘ni payxon etibdi echkim.

Uchar rangli to‘ti galasi,

Hayqiraman, eshitmas hech kim.

Yulduzli tun bayroqmi qaro?

Oy ham undan ketmaydi nari.

Uxlar havo ummoni aro,

Kosmosdagi orol - Yer shari.

Xoldor Vulqon

19 iyunь,

2010 yil. Kunduz soat 2 dan 44 daqiqa o‘tdi.

Toronto shahri, Kanada.

Bi-bi-si: Suhbatingiz uchun rahmat.

Xoldor Vulqon: Sizga ham rahmat.