'Norvegiyadagi terror gumondorlari kurd mulla bilan muloqotda bo‘lganlar'

Norvegiya ro‘znomasi xabar qilishicha, 32 yashar o‘zbekistonlik doxil Ovro‘po mamlakatlarida terrorchilik hujumlarini sodir etishni rejalashtirganlikda gumon etib hibsga olinganlar taniqli kurd mullasi bilan muloqotda bo‘lganlar.

"Verdens Gang" ro‘znomasi o‘zining o‘rganishlari asosida maqola e‘lon qilgan, maqolaga ko‘ra, Shavon Sodiq Said Sujak Mulla Krekar nomi bilan taniqli islomiy ulamo bilan uchrashganlar.

Shu yil iyul oyining boshida Norvegiya hamda Olmoniyada uch shaxs hibsga olingan, ularning 37 yoshli iroqlik kurd Shavon Sodiq Said Sujak, 39 yashar uyg‘ur Mikael Davud, 32 yoshli o‘zbek Devid Yakobsen ekani xabar qilingan.

Norvegiya politsiyasiga ko‘ra, ular ancha vaqtdan buyon politsiya kuzatuvi ostida bo‘lganlar.

Politsiya kuzatuvdagilarning terror fitnasini uyushtirishga til biriktirganiga ishonch hosil qilganidan keyin hibsga olishga qaror qilgan.

Shavon Sodiq Said Sujak Olmoniyada hibsga olingan.

Norvegiya politsiyasiga ko‘ra, bu uch shaxsning "Al-Qoida" bilan aloqasi bo‘lgan va Norvegiya hududida ko‘proq hujumlarni rejalashtirganlar.

Ularning hozir AQSh va Buyuk Britaniyada tergov qilinayotgan ayrim shaxslarga ham aloqalari borligi aytilgan.

O‘zbekistonlikning Norvegiya politsiyasi bilan aloqada bo‘lgani ma‘lum qilingan.

Prokuratura tomonining aytishicha, Devid Yakobsen 2009 yildan buyon politsiya bilan hamkorlikda bo‘lgan.

Biroq shunga qaramay, Devid terrorchilikka oid ayblovlarga yuz tutgan.

"Verdens Gang" ro‘znomasi yozishicha, Norvegiyada bahsli mulla deb ko‘riladigan Mulla Krekar bilan Shavon Sodiq Said Sujak hamda diniy ekstremistik qarashdagi yana bir necha shaxs Oslo shimolida uchrashganlar.

Politsiya Shavon Sodiq Said Sujak, Devid Yakobsen va Mikael Davudni hibsga olgan paytida mulla Krekarga terror ayblovi qo‘yilmagan.

Norvegiya ro‘znomasi Sujak himoyachisi bilan suhbatlashgan, himoyachiga ko‘ra, ikki iroqlik kurdning uchrashishi tabiiy hol va ham mulla Krekar "hurmatli diniy ulamo" hisoblanadi.

Gumonga olinganlar ishini tergov qilayotgan Norvegiya Politsiya Xavfsizlik xizmati Sujak va mulla Krekar uchrashuvi tergov masalasi ekani borasidagi axborotni na tasdiqlashi va na inkor etishini ma‘lum qilgan.

Politsiyaga ko‘ra, ushbu ishda asosiy gumondor Norvegiya fuqaroligini qabul qilgan uyg‘ur Mikael Davuddir.

Mikael Davud Pokistonda bo‘lgan "Ahmad" nomi bilan ma‘lum shaxs bilan elektron pochta orqali muloqotda bo‘lgani aniqlangan.

Norvegiya politsiyasi "Ahmad" nomi bilan ma‘lum shaxsning "Al-Qoida"ning tashqi amaliyotlari uchun ma‘sul Solih As-Somaliga yaqinligini ma‘lum qiladi.