'Qozog‘istondagi o‘zbek qochqinlari O‘zbekistonga qaytarilmasin!'

Qochqinlarni himoya qilish qo‘mitasi Qozog‘iston Bosh prokurorining 30 ga yaqin o‘zbek qochqinini O‘zbekistonga ekstraditsiya etish qaroriga norozilik bildirib, Ovro‘poda Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotining Varshavadagi idorasi qarshisida namoyish boshlagan. Qo‘mitaning norozilik chiqishi 7 oktyabrga qadar davom etishi aytiladi.

Joriy paytda Varshavada Qozog‘iston raislik qilayotgan xalqaro tashkilotning yig‘ini bo‘lib o‘tmoqda. Yig‘in kun tartibida inson huquqlari masalasi ham bor.

Namoyishchilar o‘zbek qochqinlarini O‘zbekistonga qaytarib yubormaslikni talab etishmoqda.

Bir necha yildan buyon Qozog‘iston hududida yashab kelgan ushbu o‘zbekistonliklarning aksariyatiga avval BMT Qochqinlar bo‘yicha Oliy komissarligi tomonidan "boshpana izlovchi" maqomi berilgan.

Ammo yaqinda bu kabi vakolat Qozog‘iston Migratsiya xizmatiga o‘tkazilishi ortidan o‘tgan iyun oyida Olma ota shahrida 45 nafar qochqin hibsga olingan.

Sentyabr oyi o‘rtalarida xuddi shunday talab bilan Ukraina, Shveytsariya, Daniya, Shvetsiya va Olmoniya kabi ko‘plab davlatlarda ham namoyishlar bo‘lib o‘tgandi.

O‘zbekistonga ekstraditsiya etilishi ma‘lum qilingan qochqinlarning oilalari ham avvalroq Qozog‘iston Bosh prokuraturasining Olma otadagi idorasi qarshisida qator norozilik chiqishlari uyushtirishgandi.

Hibsda ushlab turilgan o‘zbekistonliklardan ba‘zilari ekstraditsiya harakatlariga norozilik sifatida ochlik e‘lon qilganliklari ham xabar berilgandi.

Biz Varshavadagi piket ishtirokchilarining biri bilan bog‘lanib, namoyish tafsilotlarini so‘radik:

Мултимедиа ўйнаш бу қурилмада дастакланмайди