Varshavada norozilik namoyishi davom etarkan, Qozog‘iston haq ekanini aytgan

O‘ttizga yaqin o‘zbek qochqinini O‘zbekistonga qaytarib yubormaslik talabi bilan Varshavada namoyish uyushtirayotgan Qochqinlarni Himoya qilish qo‘mitasining chiqishiga javoban Qozog‘iston o‘z qarorida haq ekanini yana bir bor ta‘kidlagan.

Qozog‘iston tomoni O‘zbekiston Bosh prokuraturasining talablarini tekshirib chiqib, o‘rinli deb topganliklari, O‘zbekiston tomoni lozim dalillar bilan ta‘minlagani va Minsk shartnomasi asosida ularni ortga ekstraditsiya etish uchun hibsga olinganliklarini aytgan.

Kecha rasmiy qonun-qoidalar doirasida namoyish ishtirokchilarining Ovro‘poda Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotining Varshavada bo‘lib o‘tayotgan yig‘inida so‘zga chiqish imkoniyati berilgandi.

Varshavadagi yig‘in kun tartibidan a‘zo davlatlardagi inson huquqlari bilan bog‘liq vaziyat, tinch namoyishlar o‘tkazish va so‘z erkinligini amalda ta‘minlash masalalari muhokama etilmoqda.

Muhojirotdagi o‘zbekistonliklar tomonidan tashkil etilgan Qochqinlarni himoya qilish qo‘mitasi Varshavadagi yig‘in munosabati bilan kecha o‘z norozilik namoyishlarini boshlagan va ertaga ham o‘z chiqishlarini davom ettirish niyatida.

Namoyishchilar o‘zbek qochqinlarini O‘zbekistonga qaytarib yubormaslikni talab etishmoqda.

Bir necha yildan buyon Qozog‘iston hududida yashab kelgan ushbu o‘zbekistonliklarning aksariyatiga avval BMT Qochqinlar bo‘yicha Oliy komissarligi tomonidan "boshpana izlovchi" maqomi berilgan.

Ammo yaqinda bu kabi vakolat Qozog‘iston Migratsiya xizmatiga o‘tkazilishi ortidan o‘tgan iyun oyida Olma ota shahrida 45 nafar qochqin hibsga olingan.

Sentyabr oyi o‘rtalarida xuddi shunday talab bilan Ukraina, Shveytsariya, Daniya, Shvetsiya va Olmoniya kabi ko‘plab davlatlarda ham namoyishlar bo‘lib o‘tgandi.

O‘zbekistonga ekstraditsiya etilishi ma‘lum qilingan qochqinlarning oilalari ham avvalroq Qozog‘iston Bosh prokuraturasining Olma otadagi idorasi qarshisida qator norozilik chiqishlari uyushtirishgandi.

Hibsda ushlab turilgan o‘zbekistonliklardan ba‘zilari ekstraditsiya harakatlariga norozilik sifatida ochlik e‘lon qilganliklari ham xabar berilgandi.

Biz kechagi yig‘inda chiqish qilgan namoyish ishtirokchisi Farhod Toshmuhammedov bilan bog‘lanib, yig‘in tafsilotlarini so‘radik:

Мултимедиа ўйнаш бу қурилмада дастакланмайди